Mavzu: Yer shari aholisining etnik tarixi.
Yer to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar
Evolyutsion jarayon
Tayanch so‘zlar: Yunonlar, Pifagor, Isaak Nyuton, atmosfera, gidrosfera, biosfera va litosferalar, Okean, Yer, Paleogen, Ch. Darvin, evolyutsion jarayon, Primat, Demokrit, erkak va ayol, Etnik jarayon, Amerika va Avstraliya, Osiyo, etnos, etnik guruh.
2.1.Yer to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar
Yerning paydo bo‘lishi tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bundan 4,5 milliard yil odin koinotda yer sayyorasi vujudga kelgan. Yer vujudga kelgan dastlabki davrlarda faqat suv va atmosferadan iborat bo‘lib, million yillar o‘tishi natijasida yerda qattiq tog‘ jinslari paydo bo‘lgan. Yerda birinchi hayot izlari bundan 3,6 mlrd yil avval shakllangan. Keyingi davrlarda yerda hayot sekinlik bilan rivojlanib borganligini geologik tadqiqotlarda ko‘rishimiz mumkin. Oxirgi 544 mln yil ichida yerda turli xil tirik organizmlarning evolyutsion rivojlanishini ko‘rishimiz mumkin. Bunga sabab aynan shu vaqt yer qatlamlaridan turli xil qazilma turlarning topilishi bo‘lib hisoblanadi. Yerda hayotning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi dunyoqarashlar hozirgi zamon fanining eng qiziq va murakkab muammolaridan biridir. Hayot paydo bo‘lishi muammosi fan va texnikaning rivojlanishiga qarab turli davrlarda turlicha hal etilgan. Bu savol insonni juda qadim zamonlardan qiziqtirib kelmoqda.Yerning shakli va o‘lchamlari to‘g‘risida hozirgi davrdagi ilmiy tasavvurlar birdaniga paydo bo‘lgan emas. Qadimgi Hindlar yerni fil ustida joylashgan tekislik ko‘rinishida tasavvur qilganlar. Yunonlar esa yerni dengiz bilan o‘ralgan dumaloq baland tog‘lik ko‘rinishida tasavvur qilishgan va bu tog‘likni qattiq to‘ntarilgan osmonga tiralib turadi deb hisoblaganlar.
Yer, shar shakliga ega degan xulosani birinchi bulib qadimgi yunon olimi Pifagor (eramizgacha bo‘lgan 580-500-yillar) aytgan bo‘lib. Aristotel esa eramizdan oldingi IV asrda bu xulosani ilmiy asosda isbot qilib berdi. Qadimgi yunon olimi Eratosfen Kirenskiy esa (eramizgacha II- asr) birinchi bo‘lib bir muncha aniqlikda yer sharining radiusini aniqladi.
XVII-XVIII asr (1643-1727) oralig‘ida angliyalik olim Isaak Nyuton yerning aniq shar shaklida emas ekanligini isbot qildi. Nyutonning hisoblari bo‘yicha yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi oqibatida, uning ekvatorida rivojlanadigan markazdan qochirma kuchning og‘irlik kuchidan kattaligi hisobiga, yer qutbda siqilgan ellipsoid shaklini egallaydi.
I.B.Listing (1873 yil) yerning shaklini geoid deb atashni taklif qildi. Geoidning yuzasi Dunyo okeanining mutloq tinch holatdagi yuzasi bilan mos tushadi. Materiklarda esa bu yuza fikran o‘tkazilgan kanal, daryo yuzalari bo‘ylab tutashtiriladi.
Keyinchalik yerning shakli va kattaligi qator olimlar tomonidan aniqlandi. Ayniqsa ishonarli ma’lumotlar F.N.Krasovskiy va A.A.Izotovlar tomonidan olingan. Ularning hisobiga ko‘ra yer shakli uch o‘qli ellipsoid aylanasiga yaqin va uning kichik (qutbiy) o‘qi aylanish o‘qi hisoblanadi. Yerning ekvatorial radiusi 6378,2 km qutbiy radiusi esa 6356,9 km. Yerning yuzasi 510 100 934 km2 ga teng.
Ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarga ko‘ra Yer sayyorasining shakli geoid va uch o‘qli ellipsoid aylanasiga ega emasligi, uning asl shaklini aniqlash olimlar oldidagi muammo ekanligini ko‘rsatadi. Kishilarning amaliy faoliyati uchun yer sharining tuzilishi 14000 metr chuqurlikgacha o‘rganilgan. Hozirgi vaqtda tog‘ qazilmalari (shaxtalar) ning chuqurligi 3,5-4,0 kilometrni tashkil qiladi (Xindiston va Janubiy Afrika konlari). Dunyodagi eng chuqur burg‘ hududi Kola yarim orolida joylashgan va uning chuqurligi 14,0 kilometrdan ortib ketgan. Ayrim yakka burg‘ulash quduqlarining chuqurligi 8,0-9,5 kilometrga yetgan. Quduqlarning o‘rtacha chuqurligi 4-5 kilometrdan oshmaydi, yoki yer radiusidan 1000 marotaba kichikdir. Yerning qolgan (katta) chuqurliklardagi tuzilishi va tarkibi esa bilvosita usullar-seysmologik, gravimetrik astronomik, geodezik va geofizik usullar yordamida o‘rganilgan. Geofizik ma’lumotlarga ko‘ra Yer shari bir necha konsentrik qobiqlarga bo‘linadi. Yer po‘stini bevosita o‘rganilishi mumkin bo‘lgan to‘rt tashki geosferaga bo‘lish mumkin (atmosfera, gidrosfera, biosfera va litosferalar) hamda seysmik to‘lqinlar tarqalish tezligining keskin o‘zgarishiga qarab qator ichki sferalarga bo‘linadi.
Litosfera qalinligi va tarkibi jihatidan turli-tuman bo‘lgan Yerning ichki sferasidir. Yer po‘sti pastdan mantiya bilan yuqoridan atmosfera, gidrosfera va biosferalar bilan chegaralangan. Uning qalinligi pasttekisliklarda (Rus pasttekisligi) 35-40 kilometrni qadimgi tog‘ tizimlari hududlarida) 50-65 kilometrni, yosh tog‘ tizmalarida (Garbiy Alp,Pomir,Tyan-Shan) esa 80 kilometrni tashkil qiladi. Tog‘lik tizmalarda yer po‘sti ildiz hosil qilganday bo‘lib yer po‘stlog‘iga chuqur botganga (chukib to‘rganga) o‘xshab ko‘rinadi.
Atlantika okeanining ostida yer po‘stining qalinligi 10-15 kilometr. Tinch okeanining markaziy qismida 4-6 kilometr.
Yer po‘sti, yer yuzasidan cho‘kindi tog‘ jinslari (gillar, qumlar, qumtoshlar, shag‘allar, gipslar, oxaktoshlar) dan tashkil topgan va qalinligi 15 kilometrgacha bo‘lishi mumkin.
Qadimiy cho‘kindi jins qatlamlari yer qa’ridagi yuqori harorat va bosim ta’sirida metamorfik tog‘ jinslarini (gneys,slanes, marmarlar) hosil qiladi. Bu jinslarni ayrim vaqtlarda mustaqil metamorfik qatlamga kiritiladi.
Pastda (suyuk) suyulgan silikat mahsulot - magmaning sovushidan hosil bo‘lgan magmatik tog‘ jinslari joylashadi. Yer po‘stining yuqori qismida magmatik jinslardan ularning yengil (nordon) turlari "granit" qatlamini hosil qiluvchi jinslar joylashadi.
Cho‘kindi va granit qatlamlarining tarkibida kislorod (0) kremniy (Si) va allyuminiy (Al) elementlari keng tarqalganligi uchun ularni (sial) nomi bilan birlashtiriladi.
Cho‘kindi va granit qatlamlarining umumiy qalinligi pasttekisliklarda 15-20 kilometr-kadimgi tog‘lar ostida 15-25 kilometr ulkan yosh tog‘ tizmalari ostida 50 kilometr, okeanlarning ostida granit qatlamlari bo‘lmaydi.
Granit qatlami tagida xususiyati jihatidan bazaltga yaqin bo‘lgan tog‘ jinslari yotadi. Bunday tog‘ jinslaridan tashkil topgan jins qavatini shartli ravishda "bazalt" qatlami nomi bilan atalgan. Bazalt qatlamini tashkil qilgan jinslar, magmaning sovushidan va ularning ustida joylashgan cho‘kindi jinslarning metamorfizasiyaga uchrashidan hosil bo‘lgan. Granitlar degranitizasiya jarayonida yuqori harorat va bosim ta’sirida tarkibidagi kremniyli kislota va ishqorlarini yo‘qotadi va bazaltlarga aylanishi mumkin. Bazalt qavatining qalinligi tekisliklarda (platformalarda) 20-25 kilometrni, yosh tog‘ tizmalarida 15-20 kilometrni tashkil qiladi.
Yer po‘stidan 2900 kilometr chuqurlikgacha mantiya qavati joylashadi. Bu qavat tuzilishi, tarkibi, xususiyati va boshqa belgilariga qarab uch qatlamga bo‘linadi: V qatlami 200-400 kilometr, S qatlami 700-900 kilometr va D qatlami 2900 kilometrgacha chuqurlikni tashkil etadi. Seysmik ma’lumotlarga ko‘ra qavatlarni tashkil qilgan jismlar ayrim lokal joylardan tashkari asosan qattiq holatda bó’ladi.
XVII asrning ikkinchi yarmigacha organizmlar o‘z ajdodlaridan hosil bo‘lishidan tashkari qulay sharoitda o‘lik moddalardan ham paydo bo‘la oladi degan tasavvurlar mavjud edi. Masalan, timsohlar balchiklardan, arslon va yulbarslar sahro toshlaridan, sichqonlar bug‘doydan hosil bo‘lishi mumkin, degan afsonaviy tasavvurlar keng tarqalgan edi. XVI asrda yashagan biolog vrach Van Gelmont sichqonlar dondan, vrach Parasels baliqlar va sichqonlar sasigan suvdan paydo bo‘ladi, degan fikrni targ‘ib qildilar. Parasels hatto kichkina tirik odam — gomenkulisni laboratoriyada tayyorlash reseptini ham tuzgan. XVII asrda yashagan Italiya olimi Franchesko Redi hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi bunday tasavvurlar noto‘g‘riligini birinchi bo‘lib tajribada isbotladi. U o‘z tajribalarida shisha idishlarga bir parchadan go‘sht solib, ba’zi idishlarning ustini doka bilan yopib, ba’zilarini ochiq holda qoldirdi. Ochiq holdagi idishlardagi go‘shtlarga pashsha qo‘ngani uchun tez orada ularda qurt paydo bo‘ldi va rivojlandi. Yopiq shisha idishlardagi go‘sht sasib chirisa ham, ularda hech qanday qurt rivojlanmadi. Redi o‘z tajribalariga asoslanib, hasharotlar chiriyotgan go‘shtdan emas, balki urg‘ochi pashshalar qo‘ygan tuxumdan rivojlanishini ta’kidladi.
Olimlardan A.I. Oparin 1924 yili, Xoldeyn 1928 yili Yerda hayot qanday paydo bo‘lganligi haqida abiogen gipoteza yaratdilar. Oparin hayot paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi gipotezani yaratishda astrofizika, astroximiya, geologiya, bioximiya va boshqa fan yutuqlarini e’tiborga oldi. Akademik Oparin o‘z gipotezasida Yerdagi hayot boshqa planetalardan ko‘chib kelmaganligini, balki materiyaning milliard yillar davom etgan rivojlanishi natijasi ekanligini qayd qildi.
Yaqin vaqtgacha hayotning eng qadimgi formalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar juda kam edi. Bunga asosiy sabab ana shu hayot formalari juda mayda va yumshoq tanali ekanligidir. Chunonchi, kembriy davrigacha bo‘lgan yer qatlamlarida faqat meduza, xilma-xil chuvalchanglar, qisman bulutlarning toshga aylangan nusxalari topilgan edi. Albatta, bu qazilmalar hayotning qadimgi formalari haqida birmuncha tasavvur hosil qilishga imkon yaratib, paleontologik solnomani 100 mln yil orqaga surgan bo‘lsada, lekin hayotning eng qadimgi formalari qanday bo‘lgan, degan muammoni yecha olmadi. Kembriy davrigacha bo‘lgan hayot izlarini izlashda XX asr boshida Charlz Uolkott topgan stromatolitlar muhim ahamiyat kasb etdi. U Kanadaning g‘arbida topilgan ohakdan iborat g‘ovak tepaliklar va ustunlarni tekshirib, bu riflar suv o‘tlaridan iborat, deb tahmin qildi. Keyinchalik olimning bu tahmini to‘laligicha tasdiqlandi. 1954 yili Steli A. Tayler Ontarioda topilgan qazilmalarni tekshirib, ular ko‘k-yashil suvo‘tlar va bakteriyalardan iborat ekanligini isbotladi. Avstraliyaning g‘arbiy qirg‘oqlaridagi suvi juda sho‘r, shunga ko‘ra umurtqasiz hayvonlar bo‘lmagan Sharq ko‘rfazida tirik stromatolitlarni topdi va ular kembriy davrigacha yashagan ko‘k-yashil suvo‘tlar bilan bakteriyalarga o‘xshashligini ma’lum qildi.
Yerning hozirgi ko‘rinishiga olib kelgan oxirgi rivojlanish bosqichi kaynozoy erasiga to‘g‘ri keladi. Uning davomiyligi oldingilariga nisbatan ancha kam – 70 mln yilga yaqin bo‘lib, o‘z navbatida uchta: paleogen (66-25 million yillar oldin), neogen (25-0,7 millionlar yillar oldin) va antropogen (0,7 million yildan - hozirgacha) davrlariga bo‘linadi. Kaynozoyning boshlarida alp burmalanish jarayonlari ancha avjlashgan bo‘lib, keyingi davrlarda materiklarning yer yuzasi asta-sekin hozirgi ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Atlantika va Hind okeanlarining o‘lchami ancha oshgan. O‘simlik va hayvonot olamida ham muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Eng muhimi aqilli odam paydo bo‘lgan va o‘zining olamshumul qudratiga erishgan. Shu vaqtda hasharotxo‘rlardan primatlar, ulardan esa odam kelib chiqqan.
Kaynozoyning boshlariga kelib hozirgi Yevrosiyoning shimoliy qismi o‘rnida konsolidasiyalangan yagona quruqlik mavjud bo‘lgan. U keyingi jarayonlar natijasida kuchli o‘zgargan va tekislangan baykal, kaledon va gersin yoshidagi qurilmalar yordamida o‘zaro tutashgan qadimiy yadrolardan tarkib topgan. Yevrosiyoning sharqi va janubiy-sharqida qadimiy strukturalarga mezozoy tog‘lari qo‘shilib ketgan. Yevrosiyo Shimoliy Atlantika botiqligi orqali Shimoliy Amerikadan ajralgan. Uni janubda va janubiy-sharqdan birmuncha qisqargan Tetis o‘rab to‘rgan. Tetis Yevrosiyoni parchalanib ketgan Gondvananing janubiy va janubiy-g‘arbiy uchastkalari – Afrik-Arabiston, Hindiston va Avstraliya platformalaridan ajratgan, sharqda esa Tinch okeani bilan bevosita qo‘shilgan.
Kaynozoy erasining boshlarida Hindiston, Avstraliya va Antraktida yagona materikni tashkil etgan. Janubiy Amerika ham Afrika bilan tutashgan joylarga ega bo‘lgan. Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasida faqat tor suvli qambar – bo‘lg‘usi Shimoliy Atlantikaning ilk o‘rni belgilangan. Kaynozoy erasidagi tektonik harakatlar yer yuzasi ko‘rinishini keskin o‘zgartirib yuborgan.
Paleogenda Hindiston, Avstraliya va Antraktida bir-biridan ajraladi. Hindiston palaxsasi shimolga surilib neogenning boshlarida Osiyo bilan tutashadi. Avstraliya o‘z o‘qi atrofida soat mili yo‘nalishiga teskari burilib shimoliy-sharqqa qarab harakatlanadi. Bunda Antarktida va Afrika deyarli harakatsiz qolgan. Afrika va Janubiy Amerika orasida Atlantika okeani aniq ifodalangan.
Kaynozoyda Yevrosiyoning O‘rta yer dengizi mintaqasidan shimolda iqlim va organik dunyo mezozoy erasining oxiridagiga qaraganda o‘zgacha bo‘lgan. Janubda iqlim issiq va nisbatan nam, shimoliy rayonlarda esa mo‘tadil iliq va nam bo‘lgan. Bunday sharoitlarda ko‘pchik avlodlari va oilalari hozirgi vaqtda ham mavjud bo‘lgan boy, asosan daraxtsimon yopiq urug‘li flora rivojlangan. Shimolda bular ignabarglilar aralashgan barg tashlovchi dub, buk, yong‘oq, kashtandan iborat o‘rmonlarni tashkil etgan. Janubda palmalar, tropik ignabarglilari, paporotniklar hukmdorlik qilishgan. Maysali o‘tlar hali keng tarqalmagan. Asosan sutemizuvchilardan iborat bo‘lgan fauna shakllangan bo‘lib, ularning orasida yirtqichlar (keyinchalik qirilib ketgan) va tuyoqlilar ustuvorlik qilishgan. Haqiqiy qushlar ham paydo bo‘lgan. Bu hududning flora va faunasi keyinchalik hozirgi organik dunyoni hosil qilgan.
Paleogenning hayvonot dunyosi bo‘r davridagi olamshumul qirilishdan keyin sezilarli darajada yangilangan. Quruqlikdagi va dengizdagi ulkan reptiliyalar yo‘qolib ketadi. Ularning o‘rnini tez rivojlanayotgan sutemizuvchilar egallaydi.
Paleogen sutemizuvchilari xilma-xil bo‘lgan. Oligosenda eng yirik sutemizuvchilar nosoroglarning qadimiy vakillari bo‘lgan. Ular savannalarda yashagan. Oligosenda sodda tuzilgan cho‘chqalar, tuyalar va bug‘ilar yashagan. Paleogenning boshlaridanoq yarimmaymunlar deb ataluvchi primatlarning sodda guruhlari - lemuralar paydo bo‘lgan. Faqat eosenning oxiridagina haqiqiy maymunlar – antropodalar paydo bo‘lgan.
Eosenda nosoroglarning ajdodlari – yirik shoxsiz hayvonlar paydo bo‘ladi. Eosenning oxirida ulardan dinoseratlar kelib chiqqan Ularda bir juft shoxlar, xanjarsimon o‘tkir kliklari va juda kichik miya bo‘lgan.
Birinchi primatlarga keladigan bo‘lsak ular yer yuzida bundan 65 mln yil muqqadam vujudga kelgan. Birinchi primatlar tropik o‘rmonlarda istiqomat qilishgan. Ular daraxtlarda hayot kechirishga moslashishgan. Ularning qo‘l va oyoqlari daraxtlarda xarakat qilishga moslashgan bo‘lib ko‘zlari yuqoridan ko‘rishga yaxshi moslashgan. Bugungi kunga kelib primatlarning fanda 400 ortiq turi mavjud bo‘lib ularning aksariyati xaligacha daraxtlarda istiqomat qilib kelmoqda. Primatlardan farqli ravishda faqat odamlargina yerda o‘troq hayot kechirishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |