2.Pul mablag’larini va boshqa mol mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat. {188,1}
Sharhlanayotgan modda Jinoyat kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 22 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan kiritilgan. Jinoyatning ijtimoiy xavfi juda yuqori, chunki juda ko‘plab odamlar aldanishi natijasida ijtimoiy muhit o‘ta keskinlashib ketadi, odamlarning hokimiyatga, davlatning pul-kredit tizimiga ishonchi yo‘qoladi, ular mol-mulki, qimmatliklari va pullarini yo‘qotadi. Ko‘rib chiqilayotgan jinoyatning obyekti fuqarolarning mulkiy munosabatlarini tartibga soluvchi ijtimoiy munosabatlardan iborat. Obyektiv tomondan jinoyat quyidagilarda namoyon bo‘ladi: birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini mulkiy naf berish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari qabul qilingan majburiyatlarni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish; ikkinchidan, bunday faoliyatga rahbarlik qilish hamda ta’minlash; uchinchidan, mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb qilish maqsadida ushbu faoliyatni reklama qilish, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda reklama qilish. Ko‘rib chiqilayotgan modda mazmuniga ko‘ra, faoliyatni amalga oshirish tomonlar o‘rtasidagi bitimda kelishilgan muddatda muayyan mulkiy naf berish bo‘yicha majburiyatlarni zimmasiga olish yo‘li bilan pul mablag‘larini, mol-mulkni (uy-joy, mashina, qoramol va h.k.) qabul qilishda ifodalanadi. Shubhasiz, bu kabi bitimlar apriori qonunga xilof hisoblanadi. Har qanday xo‘jalik, tijorat, savdo va boshqa faoliyat «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqalar asosida amalga oshirilishi lozim. JKning 1881 -moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan faoliyatni amalga oshirishda aybdor shaxs hech qanday litsenziyaga ega bo‘lmaydi, ro‘yxatdan o‘tmaydi, ya’ni o‘z faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshiradi. Jinoyat, jabrlanuvchi mulkiy naf olgan yoki olmaganidan qat’i nazar, ushbu faoliyat amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan tamomlangan hisoblanadi. Bunday faoliyatga rahbarlik qilish hamda uni ta’minlash o‘ziga xos «moliyaviy piramida» faoliyat yuritishi uchun o‘zgalarning pul 223 mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkini jalb etish uchun yangi mijozlarni izlab topish, «moliyaviy piramida» mijozlaridan mablag‘larni yig‘ish, joylashtirish, mablag‘larni tarqatishni tashkil etish, ushbu mablag‘lar qabul qilinishi va to‘lanishini nazorat qilishdan iborat. Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni qonunga xilof ravishda jalb etish bo‘yicha faoliyatga rahbarlik qilish hamda uni ta’minlash «moliyaviy piramida» faoliyatini tashkil etish yuzasidan har qanday harakatlar sodir etilishi vaqtidan tamomlangan hisoblanadi. Mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb qilish maqsadida ushbu faoliyatni reklama qilish, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda reklama qilish «moliyaviy piramida» faoliyati haqida bukletlar tayyorlash, katta auditoriyalarda televideniye, gazetalar, radio, Internet tarmog‘i va boshqalarda chiqish yo‘li bilan «moliyaviy piramida» faoliyati haqidagi ma’lumotlarni respublikaning butun hududida keng doirada tarqatishdan iborat. Jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun reklama tadbirlarini o‘tkazish joyi va vaqti ahamiyatga ega emas. «Moliyaviy piramida» faoliyatini reklama qilish yo‘li bilan sodir etilgan jinoyatni tamomlangan deb tan olish uchun ushbu faoliyatda ishtirok etishga boshqa fuqarolar jalb qilinganligi ahamiyatli emas. Jinoyat reklama qilish boshlangan vaqtdan tamomlangan hisoblanadi. Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Motiv va maqsad kvalifikatsiyaga ta’sir qilmaydi. Shubhasiz, ko‘rib chiqilayotgan jinoyat moddiy naf ko‘rish maqsadida sodir etiladi. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxs hisoblanadi. JKning 1881 -moddasi 2-qismida jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini mulkiy naf berish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari qabul qilingan majburiyatlarni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek, bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash:
a) ko‘p miqdorda;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgani uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Ushbu kvalifikatsiyalovchi holatlar avvalroq ko‘rib chiqilgan edi. JKning 1881 -moddasi 3-qismida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgani uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Ushbu kvalifikatsiyalovchi holatlar avvalroq ko‘rib chiqilgan edi. JKning 1881 -moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni firibgarlikdan farqlash zarur, boisi unda aybdor aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritib, tabiiyki, jabrlanuvchiga hech qanday foizlar to‘lamaydi. JKning 1881 -moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor shaxs «bitim» muddati tugaganidan so‘ng kelishilgan pulni to‘laydi. Basharti aybdor shaxs kelishilgan daromadni to‘lash niyati bo‘lmasa va keyinchalik shunday harakat qilsa, unig harakatlarini firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |