MAVZU. XARIDOR VA BUYURTMACHILAR BILAN HISOB-KITOBLAR (Amaliy)
Reja:
Turli debitorlarning qarzlarini hisobga olish schyotlari.
Debitorlik va kreditorlik majburiyatlarini undirish muddati/
Da’volar bo‘yicha hisob-kitob.
Debitorlar bilan har xil muomalalar bo‘yicha hisob-kitoblar aktiv 4800-«Turli debitorlarning qarzlarini hisobga olish schyotlari»da aks ettiriladi. Schyotning debetida olinadigan foizlar va dividendlar, olinadigan moliyaviy lizing bo‘yicha joriy to‘lovlar, boshqa shaxslarning majburiyatlari, royalti (litsenziya) va gonorarlar, kreditida esa debitorlik qarzlarini uzish bo‘yicha mablag‘larning hisob-kitob schyotiga kelib tushishi aks ettiriladi. Kreditorlar bilan har xil muomalalar bo‘yicha hisob-kitobar 6900«Turli kreditorlardan qarzlarni hisobga olish schyotlari» da yuritiladi. Korxonada debitorlik va kreditorlik majburiyatlari yuzaga kelishining asosiy sababi – hisob-kitoblarda to‘lovlar muddati yoki sanasining turli hisobot davriga tushib qolishidir. Bunga har qanday holatda ham yo‘l qo‘yiladi. Agarda mahsulot ortib jo‘natish orqali sotiladigan bo‘lsa, bunda to‘lovlar amalga oshish sanasiga qadar majburiyat, qarz sifatida aks ettiriladi. Debitorlik va kreditorlik majburiyatlarini undirish muddati 3 oy yoki 90 kun qilib belgilangan. Ushbu muddatdan so‘ng debitorlik va kreditorlik majburiyatlari nazoratga olinadi va ularning holati bo‘yicha amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik shartlari (ma’muriy va moliyaviy) belgilanadi. Debitorlik va kreditorlik majburiyatlarini hisobdan chiqarish muddati sifatida yuridik shaxslar o‘rtasida ham, korxona bilan jismoniy shaxslar o‘rtasida ham 3 yil muddat belgilangan. Ushbu muddatda to‘lanmagan, undirib olinmagan majburiyatlar, qarzlar korxonaning foyda va zararlari hisob-kitobida qayd etiladi. Muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik majburiyatlari davlat tomonidan nazoratga olinadi. Muddati o‘tkazib yuborilgan kreditorlik majburiyatlari korxona foydasiga qo‘shiladi va umumiy asosda soliqqa tortiladi. Muddati o‘tgan debitorlik majburiyatlarini zararga olib borish soliqqa tortiladigan foyda summasini kamaytirmaydi.
Da’volar bo‘yicha hisob-kitob 4860-«Da’volar bo‘yicha olinadigan schyot (to‘lovlar)» da yuritiladi. Bu schyot mol yetkazib beruvchilarga, pudratchilarga, transport va boshqa tashkilotlarga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek, ularga taqdim etilgan va tan olingan jarimalar, penyalar va beqarorliklar bo‘yicha hisoblashishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, turli debitorlar tarkibida moliyaviy va tezkor lizinglar bo‘yicha olinadigan to‘lovlar, foizlar va dividendlar, royalti (royalti – bu sotuvchiga litsenziya shartnomasida belgilangan ma’lum narsani ishlatish huquqi uchun davriy to‘lovlar) va gonorar (gonorar – bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha mukofot va rag‘batlantirishlar) bo‘yicha olinadigan schyotlar va boshqa shaxslarning qarzlari (joriy qismi) hisobga olinadi. Bu muomalalarning hisobi 4800«Turli debitorlarning qarzlari hisobi» bo‘yicha ochilgan (4810, 4820, 4840 va 4890) schyotlarda aks ettiriladi. Korxonaning turli kreditorlardan bo‘lgan qarzlari tarkibiga moliyaviy va tezkor lizinglar bo‘yicha to‘lanadigan to‘lovlar, tegishli foizlar va dividendlar, royalti va gonorar bo‘yicha to‘lanadigan schyotlar, hisobdor shaxslardan bo‘lgan qarzlar va boshqa majburiyatlar kiradi. Bunday muomalalarning hisobi 6900-«Turli kreditorlardan olingan qarzlar va boshqa majburiyatlar hisobi schyoti» bo‘yicha ochilgan (6910, 6920, 6930, 6940, 6950, 6960, 6970 va 6990) schyotlarda aks ettiriladi. 43, 40, 63, 65, 47, 67, 48, 69, 41, 61-schyotlar bo‘yicha tahliliy hisob 7-qaydnomada yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |