1. Gipertim tip o‘ta muloqotchanligi, sergapligi, imo-ishoralar, mimika va pantomimikaning kuchli ifodalanganligi bilan xarakterlanadi. Bunday odamda suhbatning boshlang‘ich mavzusidan chetlashishi kuzatiladi. Xizmat va oiladagi vazifalariga etarlicha jiddiy e’tibor bermasligi vajidan atrofdagilar bilan tasodifiy nizolar sodir bo‘lib turadi. 2. Distim tip – bu tip past muloqotchanlik, kamgaplik, ustun tushkunlik kayfiyati bilan xarakterlanadi. Bunday odamlar, odatda, uydan chiqmaydilar, shovqindan qiynaladilar, nizolarga qo‘shilmaydilar, odamovilik turmush tarzini kechiradilar. Ular do‘stlarini qadrlaydilar va ularga bo‘ysunishga tayyor bo‘ladilar. Ushbu tip odamlarining ijobiy sifatlaridan: jiddiylik, vijdoniylik, haqgo‘ylik kabilarni keltirish mumkin. Lekin ularda yoqimsiz sifatlar ham mavjud, bulardan: sustlik, tafakkurning sekinlashganligi, harakatlarining qovushmaganligi, individuallikdir. 3. Sikloid tip – ularga kayfiyatning davriy ravishda tez-tez o‘zgarib turishi xosdir, buning natijasida atrofdagi odamlar bilan muloqot tarzi ham o‘zgarib turadi. Ko‘tarinki kayfiyat davrida bunday odamlar kirishimli, ruhiy tushkunlik davrida odamovilik kabi qirralarga ega bo‘ladilar. Ruhiy ko‘tarinkilik davrida ular o‘zlarini gipertim aksentuatsiyasi xarakterli odamlar kabi, tushkunlik davrida distim aksentuatsiyali odamlar kabi tutadilar. 4. Qo‘zg‘aluvchan tip – ularga past muloqotchanlik, verbal va noverbal ta’sirlanishning sustligi xos. Ko‘p hollarda bunday odamlar mijg‘ov va badqovoq, qo‘pollik va koyishga, nizolar chiqarishga moyildirlar, bunda o‘zlari faollik ko‘rsatadilar. Ular jamoa bilan chiqishmaydilar, oilada xukumronlik qiladilar. Emotsional xotirjamlik xolatda ushbu tipdagi odamlar vijdonli, puxta, xayvonlar va yosh bolalarni yaxshi ko‘radilar. Lekin emotsional qo‘zg‘alishda ta’sirchan, jizzaki bo‘lib, o‘z xarakatlarini yaxshi nazorat qila olmaydilar. 5. Suqiluvchi tip – ularga o‘rtacha muloqotchanlik, mijg‘ovlik, nasihatgo‘ylikka moyillik, kamgaplik xosdir. Nizolarda bunday odam, odatda, tashabbuskor, faol tomon sifatida namoyon bo‘ladi. U qo‘l urgan har bir ishida Yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga intiladi, o‘ziga o‘ta talabchan, ijtimoiy adolatga alohida sezgir, shu bilan birga, jizzaki, salga ranjiydigan, shubhalanuvchi, qasoskor; ba’zida o‘ta o‘ziga ishongan, izzattalab, rashkchi, yaqinlari va ishdagi qo‘l ostidagilarga nisbatan o‘ta talabchan.
Do'stlaringiz bilan baham: |