Mavzu:Vegetativ organlar. Havo ildizlari.tashqi va ichki tuzilishi ahamiyati
REJA:
Poya, uning morfologik tuzilishi va tiplari. Poyaning anatomik tuzilishi.
Novda, uning morfologik tuzilishi va metamorfozi
Ildiz, uning tuzilishi va vazifasi. Ildiz metamorfozi va uning anatomik tuzilishi. Havo ildizlari.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.POYA, UNING MORFOLOGIK TUZILISHI VA TIPLARI.
Poya o`simlikning yer ustidagi bargsiz, kurtaksiz qismi bo`lib, bargni ildiz bilan morfologik va funksional bog`laydi. Uning asosiy vazifasi o`simlik shox-shabbasini ko`tarib tutib turish va suv hamda unda erigan mineral moddalarni ildizdan barglarga, bargda hosil bo`lgan organik modalarni ildizga o`tkazishdan iborat. U ba`zan suv va zapas oziq moddalarni to`plovchi ombor vazifasini ham bajaradi. Shuningdek poya nafas oluvchi organ ham hisoblanadi. Ayrim o`simliklarda esa assimilisiya va vegetativ ko`payish vazifasini ham bajaradi.
Har xil o`simliklar poyasining shakli va uzun-qisqaliga juda xilma-xil bo`ladi. G`alladoshlarning yumaloq va ichi bo`sh poyasi poxol poya deyiladi. Labguldoshlarning poyasi to`rt qirrali, qiyoqlarniki uch qirrali va hokazo. Ko`pchilik o`simliklarda poya tik o`sadi. Bular aksariyat daraxtlar va ayrim o`t o`simliklari – g`o`za, beda singarilarda uchraydi. Ba`zi poyalar yer bag`irlab o`ralib, chirmashib o`sadi. Masalan, qovun, tarvuzlarda. Daraxt o`simliklarda chirmashib o`suvchi poyalilari lianalar deyilib, ular tropik o`rmonlarda ko`proq o`sadi. Ularning uzunligi 300 m gacha etadi. Barcha lianalarning poyasida etarli miqdorda mexanik elementlar bo`lmaganligidan, ularga tayanch kerak. Shu sababli o`zlariga turli yo`llar bilan tayanch topadi.
Lianalar poyasi bilan chirmashib olishidan tashqari, ularda boshqa moslamalar, masalan, tayanchga o`raladigan jingalaklar (tokda), turli xil ilmoqlar (chirmashuvchi atirgulda) va soxta qo`shimcha ildizlar ham bor. O`simliklar poyasining sirti ham xilma-xil. Masalan, makkajo`xorida ular tuksiz, yalpizda mayin tukli, atirgulda dag`al tukli va tikanli bo`ladi.
Poyalarning uzun-qisqaligi ham turlicha. Ayrim o`simliklarda ular bir necha mm bo`lgani holda, qarag`ayda 50 m, oqqarag`ayda 70 m, sekvoyya dendronda 135 m, evkaliptda 150 m gacha etadi. Shuningdek, poyaning yo`g`onligi ham turli-tuman. Zarpechak poyasi bir necha mm, chinorniki 5-6 m, Afrikada usuvchi boabab daraxtiniki 10-12 m, sekvoyya dendronniki 13 m gacha bo`ladi.
Poyasining tipi va hayotining uzun-qisqaligiga qarab, barcha gulli o`simliklar: daraxt, buta, chala buta va o`t o`simliklarga bo`linadi. Daraxtlarning asosiy tanasi yaxshi rivojlangan va yog`ochi ikkilamchi tartibda yog`ochlanib yo`g`onlashgan ko`p yillik o`simliklardir. SHuningdek, shox-shabbasi yaxshi rivojlangan bo`ladi. Daraxtlarning umri ko`pchiligida 200-300 yil bo`lgani holda, ayrimlarida o`nlab asrlarga etadi. Xususan, eman 1500, sarvi va savr daraxtlari 3000, boabab 5000, sekvoyya dendron ayrim manbalarda 8000 yil yashashligi ko`rsatilgan.
Butalar ham ko`p yillik o`simlik bo`lib, ularning ham tanasi ikkilamchi tartibda yo`g`onlashgan, lekin daraxtlardan farqli ravishda tanasi bir nechta bo`ladi. Ular yer yuzasidan boshlaboq shoxlaydi va bo`yi 4-5 m dan oshmaydi. Bodom, siren, na`matak , zirk, uchqat butalarga misol bo`ladi. Bo`yi 1 m dan oshmaydigan butalar ham bo`lib, ular butacha deb yuritiladi. Boyalish, teresken kabi O`rta Osiyo cho`llarida o`sadigan o`simliklar butachalarga misol bo`ladi.
Chala butalar ham ko`p yillik o`simlik bo`lib, butalardan farqi shuki, ular poyasining faqat pastki qismi yog`ochlangan bo`lib, yog`ochlanmagan yuqorigi qismi qishda nobud bo`ladi. Shuvoqning cho`lda o`sadigan turlari , astragal, izen chala butalarning tipik vakilidir. O`t o`simliklarning yer usti organi vegetasiya davrining oxirida batamom nobud bo`ladi. Bu guruh o`z navbatida bir yillik, ikki yillik va ko`p yillik o`simliklarga bo`linadi.
Bir yillik o`simliklar o`z hayot siklini bir vegetasiya davomida, ya`ni bahorda boshlab, kuzda tugatadi. Bularga g`alla ekinlari va qator madaniy o`simliklar misol bo`ladi.
Ikki yillik o`simliklarning hayot sikli birinchi yili tugallanmay, ikkinchi yili ham davom etadi. Birinchi yili ular, odatda faqat to`pbarg yoki qisqargan poya hosil qiladi. Ikkinchi yili poya chiqarib gullaydi, meva tugadi va keyin nobud bo`ladi. Sabzi, lavlagi, karam, sachratqi va ko`pgina yovvoyi o`tlar ikki yillik o`simliklardir.
Ko`p yilik o`t o`simliklarning hayot sikli bir necha yil davom etadi. Ularning yer ustki qismi qishda nobud bo`lib, qishlovchi piyozbosh, tuganak va ildizpoyalaridan bahorda qayta o`sib chiqadi. Ularning ayrimlari o`n yillab yashaydi (tovsag`iz). Ko`p yillik o`tlarga beda, sebarga, ayrim g`alladoshlar (suvbug`doyiq, oqso`xta) misol bo`ladi.
1.1.POYANING ANATOMIK TUZILISHI. Bir pallali o`simliklarning poyasi anchagina bir xil tuzilgan. Masalan, makkajo`xorining poyasi tashqaridan epidermis bilan qoplangan, uning ostida esa o`lik prozenxima joylashgan. Asosiy parenximaning markaziy qismidan tashqari joyida yopiq tolali naychalar bog`lami tartibsiz ravishda yoyilgan bo`lib, ular o`tkazuvchi mexanik to`qimalar bilan asosiy to`qimalar o`zaro bog`langan sistemasidan iborat. Bog`lamning markaziy qismi 2 ta to`rli yirik naychadan va 1-3 ta mayda spiral hamda halqali naychalardan va yog`ochlik parenximasining tirik hujayralaridan iborat.
Bog`lamning tashqi qismi lub elementlari, to`rli naychalar va ularning yo`ldosh hujayralaridan tashkil topgan. Poyaning markazida joylashib, parenximaning yupqa po`stli o`lik hujayralaridan tashkil topgan qismi o`zak deyiladi.Ikki pallali o`simliklarning poyasi birlamchi yo`g`onlashib bo`lganidan keyin, kambiy hisobiga ikkilamchi yo`g`onlashadi va shu bilan bir pallalilar poyasidan farq qiladi. Ko`p yillik ikki pallali o`t o`simliklar poyasining to`qimalari dastlab bir pallalilarniki singari birin-ketin hosil bo`ladi. O`sish konusining birlamchi meristemasida po`st bo`lib, keyinchalik mexanik to`qima – kollenxima va po`stloq to`qimasi ajraladi. Po`stloq parenximasi tarkibida xloroplast bo`lgan yupqa devorli tirik hujayralardan iborat. Uning tagida lub tolalarining tutash halqasi, undan keyin poyaning markazida asosiy parenxima va prokambiy joylashadi. Prokambiyning markaziy tomonidagi hujayralaridan poyaning yog`ochliligi, tashqi hujayralaridan birlamchi lub hosil bo`ladi. Birlamchi yog`ochlik hujayralari markazdan chetga qarab, birlamchi lub esa, aksincha chetdan markazga qarab hosil bo`ladi. Ikkilamchi hosil qiluvchi to`qima kambiy ham prokambiydan hosil bo`ladi.
Kambiy hujayralari to`siqlar yordamida poya yuzasiga parallel ravishda bo`linadi, bunda hosil bo`lgan ikkita hujayraning biri kambiy hujayraligicha qoladi, ikkinchisi esa, agar yog`ochlikka qaragan bo`lsa yog`ochlikni, agar lubga qaragan bo`lsa lubni hosil qiladi. Kambiy lub tomondan ko`ra ko`proq yog`ochlikka tomon bo`linadi.Kambiy poyaning chetiga qarab ajratgan hamma elementlar ikkilamchi floema (lub), ichkariga qarab ajratgan elementlari ikkilamchi ksilema (yog`ochlik) deb ataladi. Biroq kambiy prokambiydan tutash halqa shaklida hosil bo`lsagina kambiy hujayralari bir xil ish bajaradi. Bu holda poyaning ko`ndalang kesimidan to`qimalar barcha qatlamlarda bir xil joylashganligini ko`rish mumkin. Bunda to`qimalar poyaning markazidan chetiga quyidagacha: o`zak, birlamchi yog`ochlik, ikkilamchi yog`ochlik, kambiy, ikkilamchi lub, birlamchi lub, asosiy parenxima, lub tolalari, po`stloq parenximasi, kollenxima, epidermis joylashadi.Agar prokambiy ayrim-ayrim joylashsa, kambiy halqasining ishi butun aylana bo`ylab bir xil bormaydi. Bunda kambiyning bog`lamli qismi ikkilamchi yog`ochlik va ikkilamchi lubni, bog`lamlararo qismi, asosan, parenxima hujayralarini hosil qiladi. SHunday qilib, ikki pallali o`simliklar poyasi ikki tipga bo`linadi. Birinchisi halqasimon tip bo`lib, unda birlamchi va ikkilamchi ksilema hamda birlamchi va ikkilamchi floema halqa-halqa bo`lib joylashadi. Ikkinchisi bog`lamli tip bo`lib, unda to`qimalar asosiy parenximada alohida bog`lamlar shaklida joylashadi.O`t o`simliklar poyasi gul va meva hosil bo`lgunicha yo`g`onlashadi, keyin esa to`xtaydi. Daraxt va butalarda esa kambiy ularning butun hayoti davomida faoliyat ko`rsatadi. Daraxtlarning ikkilamchi yog`ochligi va lubi birlamchilariga nisbatan ancha murakkab tuzilgan, chunki ularning tarkibida g`amlovchi, o`tkazuvchi va mexanik to`qimalar mavjud.
Ikkilamchi yog`ochlikning o`tkazuvchi to`qimasi to`rli naylar va traxeidlardan iborat. Asosiy to`qimalar tolalar bo`lib, bu tolalar va o`zak nurlar o`rnini bosadigan yog`ochlik parenximasidir. Yog`ochlnk parenximasi tirik hujayralardan iborat bo`lib, ularda qishda yog` va kraxmal shaklidagi zapas oziq moddalar to`planadi.O`zak nurlari yirik parenxima hujayralari qatoridan iborat. Ular poyaning ko`ndalaig kesimida radius bo`ylab joylashadi va ikkilamchi yog`ochlik qatlamini kesib o`tadi. Shuning uchun ularni ba`zan radial nurlar deb ataladi. O`zak nurlar poyada ikki xil vazifani bajaradi. Ularning o`lik hujayralari bo`ylab suv va unda erigan mineral tuzlar poyaning markazidan chetiga qarab, tirik hujayralari bo`ylab esa plastik moddalar eritmasi markazga qarab harakatlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |