Yunoniston. Qadimgi yunon dinlari haqida ma’lumot beruvchi manbalar ko‘p, ular ichida qadimgi yunon dostonlari hamda yunon faylasuflarining bizgacha yetib kelgan asarlari yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi.
Qadimgi yunonlar hayvonlar timsollarini ilohiylashtirganlar. Bunda ho‘kiz timsoli birinchi o‘rinda bo‘lib, xo‘kiz suratlari qadimgi yunon tasvirlarida tez-tez uchrab turadi. Shuningdek, yunonlar ilon timsolini, yana bir qator hay von va qushlarni ilohiylashtirganlar. Demak, aytish mumkinki, qadimgi yunonlarda totemistik tushunchalar keng tarqalgan.
Qadimgi yunonlarda odam shaklidagi xudo timsollari ko‘p uchraydi va ushbu xudolar ko‘pincha ayol timsolida bo‘ladi. Masalan, shunday tasvirlardan birida bir ayolning ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib turgan itning oldida qo‘llarini yuqori ko‘targan holda turgani tasvirlangan.
G‘ildiraksimon shakllar yordamida quyosh va oy timsollariga ishora qilganlar va buning bilan ularni ham ilohiylashtirganlar. Toshlarda ba’zi daraxtlarda ilohiy kuch mavjud deb hisoblaganlar, g‘orlar va ungurlarga esa o‘limdan keyingi hayot hamda turli marosimlarga bog‘lab diniy tus berganlar.
Qadimgi yunon dinida totemizm singari ilk diniy tasavvurlarning ba’zi belgilari sezilib turadi: mirmadanlarning chumolidan tarqaganligi haqidagi afsona yoxud ilonoyoq Kekropning Afina asoschisi ekanligi haqidagi afsonalar shunga asos bo‘la oladi.
Yana qadimgi ovchilik an’analariga oid marosimlar va sehrgarlik rasm- rusumlari ob-havo bilan bog‘liq bo‘lgan. Masalan, Mefanax (Korinfika) shahrida jazirama issiq shamollarni haydash uchun ikki kishi bir oq xo‘rozni ikkiga bo‘lib, qo‘lga ko‘tarib tokzor atrofida har tomonga yugurganlar. Yoxud shunga o‘xshash yomg‘ir chaqirish ham alohida marosimni talab etgan.
Yunonlar dinining mana shu qadimgi shaklida tabiatni o‘rab turgan turli- tuman mayda ruhlar: suv ruhlari, o‘rmon ilohlari, nayad, driad, tog‘ ruhlariga ishonish asosiy o‘rin tutgan.
Ushbu xalqlarda ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladigan yomonlik keltiruvchi sehrga ishonch mavjud bo‘lgan. Bunda yer ostidagi qora kuchlar haqidagi tasavvurlar nazarda tutiladi. Ulardan qahrli Gekata birinchi o‘rinda turgan. Agar odamlar biron kimsani dushman tutib yo‘q qilmoqchi bo‘lsalar, shu xudolar ismini tilga olib la’natlaganlar. La’nat yuborish va duoibad qilishning ham o‘ziga xos rasm-rusumlari bo‘lgan, biroq bunday yovuz sehrgarlik u qadar ahamiyatga ega sanalmagan. Yunonlar sehrdan keng foydalanganlar. Bemorlarni davolash, kasallikning muolajasida ham tabobat bilan bog‘liq urf-odatlar uzoq saqlangan. Tarixan juda ham qadim-qadimlarga borib taqaladigan yunon e’tiqodlaridan biri - bu o‘lim va undan keyingi holat haqidagi tasavvurlardir. Yunonlar odatiga ko‘ra, o‘lgan kishi tanasini yerga ko‘mishgan yoki sag‘anada saqlangan. Ularning fikricha, o‘lganlar ruhi yer osti makoni - Aidada to‘planadi. Inson qanday hayot kechirgan bo‘lishidan qat’i nazar, xoh u qo‘rqmas askar bo‘lsin, xoh dehqon, barcha birdek mana shu Aida deb atalgan joyda og‘ir mashaqqatlarga yo‘liqadi. Shuning uchun ham yunonlar bu qiyinchiliklar girdobiga tushadigan marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimini o‘zlariga burch deb bilganlar va katta e’tibor bilan amalga oshirganlar. Yunonlar, garchi o‘limdan unchalik qo‘rqmagan bo‘lsalar-da, insonning o‘limidan keyingi taqdirini o‘ylab dafn etilmay itlar yoki biron boshqa yirtqichlarga yem bo‘lishini nihoyatda katta
54
fojia sanaganlar. Ular marhumlar oziq-ovqatga muhtoj bo‘ladilar deb, ularga maxsus oziqalar hozirlashgan.
Yunon diniy qarashlarining yana bir o‘ziga xos jihati - aslzoda qahramonlarni ilohiylashtirish. Xalq qahramonlariga ishonchning shakllanishi biroz kechroq bo‘lgan. Bunday ishonchning yuzaga kelishiga xudolarga bo‘lgan ishonchning pasayishi sabab qilib ko‘rsatiladi. Ilk ko‘rinishida alohida urug‘ning madadkor ruhlari, boshlang‘ich ajdodlari qahramon sifatida talqin qilingan. Aslzoda xonadonlarning alohida ajratilishi bilan ularning ilk ajdodlari ham ulug‘lana boshladi. E’tiborli va kuchli xonadonlarning ajdodlari nomi boshqalarnikidan yuqori qo‘yilib, uni ulug‘lovchi va unga sig‘inuvchilar soni ham ortib borgan. Shu tariqa Gerakl, Iffikal, Ivrinom, Borea, Erota kabi qahramonlardan iborat xudolar panteoni vujudga keldi.
Gerakl butun yunon o‘lkasida mashhur qahramon timsoli bo‘lib, uni quyosh xudosi deb bilganlar. Ammo ba’zi tadqiqotchilar uni tarixiy shaxs deb hisoblaydilar, ya’ni Gerakl timsoli xalq qahramoni shaxsining afsonaviylashtirib yuborilgan ko‘rinishidir. U doriylar qabilasiga mansub Geraklidlar sulolasining bobokaloni hisoblanadi. Doriylar tomonidan Peloponnessaning katta qismini bosib olinishiga sabab bo‘lgan «Geraklidlar yurishi» mil. av. XII - XI asrlarda bo‘lgan tarixiy voqeadir. Geraklning mana shu yurishlar davomida ko‘rsatgan qahramonliklari uning butun Yunoniston bo‘ylab mashhur bo‘lishiga va u haqda ko‘plab afsonalar to‘qilishiga olib keldi: uning hatto osmonga ko‘tarilib ketgani va Ellada xudolaridan biriga aylangani haqida afsona tarqaldi. Geraklning o‘g‘li Fest sikionliklarni o‘z otasini qahramon sifatida emas, xudo sifatida ulug‘lashga majbur qildi.
Bundan tashqari, joylarda e’tiborli oilalar jamiyatda keng tarqalib ulgurgan marosimlarni qo‘llariga ushlab qolishga harakat qildilar. Jumladan, Afinada Erextey, Buta kabi qahramonlar kulti zodagon Butadlar xonadoni qo‘lida bo‘lgan.
Qadimgi yunon xudolari mahalliy va umumiy xudolar toifasiga bo‘linadi. Mahalliy xudolarga o‘zaro urushlarda yordam beradi, deb e’tiqod qilingan bo‘lsa, umumiy xudolar tashqi dushmanga qarshi kurashlarda yordam beradi deb ishonilgan. Yunonistonda alohida shaharlarning o‘z xudolari bo‘lganligi bu mamlakatning siyosiy tarqoqligidan xabar beradi. Gomer davrida yunonlarning madaniy jamoasi umumyunon xudolari hisoblanmish Olimpiya xudolariga ibodat qilishi bilan ajralib turar edi. Olimpiya ulug‘ xudolari panteonining kelib chiqish masalasi juda murakkab. Ularning har biri o‘ziga xos bo‘lib, ba’zilari Ellada davridan avvalgi xudolarning yunonlar tomonidan o‘zlashtirib olinganidir.
Ularning eng ulug‘i Zevsning xotini shahloko‘z Gera hisoblangan. U Mikenning qadimiy homiysi sigir-xudo ko‘rinishidadir. Ikkinchisi Poseydon
Peloponnessada qadimiy dengiz xudosi bo‘lib, unga sohildagi baliqchilar sig‘inishgan.
Afina ham Olimpiya xudolaridan bo‘lib, shaharlar va qo‘rg‘onlar homiysi hisoblangan. Uning «Afina xudosi», «Afinalik ayol», «Pallada», «Poliada» kabi ellikka yaqin sifatlari bo‘lib, o‘z davrida Yunonistonning eng oliy xudolaridan biri bo‘lgan. «Ellada tavsifi» kitobida unga atab 73 ta ibodatxona, ziyoratgohlar qurilgani eslatiladi. Bu jihatdan Afina Artemidadan keyingi o‘rinda turar edi. Qadimgi afsonalarga ko‘ra Afina jangovar xudo sifatida to‘la qurollangan holda tasvirlangan. Shuningdek, uning obrazida totemistik jihatlar ham saqlanib qolgan. U goho boyqush, goho ilon, gohida esa zaytun daraxti timsollarida tasavvur qilingan.
Artemida yunon xudolari orasida buyuklaridan hisoblanar edi. Eng ko‘p ibodatxona va muqaddas qadamjolar unga atab qurilgan. Qadimiy afsonalar va turli tasvirlarda Artemida ovchi qiz shaklida tasvirlangan.
Eng ko‘p tasvirlangan Apollon timsoli o‘ta murakkab va noaniq obrazdir. U Zevs va Letoning o‘g‘li, Artemidaning akasi hisoblanadi. Apollon so‘zining ma’nosi ba’zida «halok qiluvchi», ba’zida «chorva rahnamosi» sifatida talqin qilingan.
Zevs esa «xudolar va odamlar» otasi hisoblangan. Unda ellikka yaqin mahalliy xudolarning sifatlari jamlangan bo‘lib, ular Zevsning sifatlari o‘laroq saqlangan. Zevs haqidagi afsonalar ko‘proq Krit va Fessaliyada tarqalgan. Zevs ismi «yog‘duli osmon» ma’nosini bildiradi.
Bulardan tashqari, yunonlar Asklepiy, Pan, Afrodita, Ares, Gefest, Gestiya, Hermes kabi xudolarga sig‘inganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |