3. Karbidlar.Atsetilen va uning xossalari (Tajriba mo‘rili shkafda olib boriladi!)
a) atsetilenning olinishi va yonishi: quruq probirkaga yoki kichikroq kolbachaga no‘xatdek kalsiy karbid bo‘lagini soling va unga 3-4 tomchi suv solib, tezlik bilan idish og'zini uchi ingichka gaz chiqaruvchi to‘g'ri nay o‘rnatilgan tiqin bilan berkiting. Ajralib chiqayotgan gazni yondiring. Atsetilen alangasiga oq chinni plastinka tuting. Nima kuzatiladi? Atsetilenning yonishi sodir bo‘ladimi? Reaksiya tenglamasini yozing.
b) atsetilenning brom bilan ta'siri. Probirkaga bromli suv tayyorlang. Boshqa probirkaga 1-2 bo‘lak kalsiy karbid soling, ustiga 3-4 tomchi suv quying va darhol probirka og'zini gaz chiqaruvchi egik nay o‘rnatilgan tiqin bilan berkiting. Gaz chiqaruvchi nay uchini bromli suv solingan probirkaga tushiring. Eritma rangsizlanguncha atsetilen yuboring. Dibrometan hosil bo‘lishini nazarda tutib, reaksiya tenglamasini yozing.
4. Uglerod (II) oksidning olinishi va uning yonishi. ( Tajriba mo‘rili shkafda olib boriladi'). Mikrokolbachaga 2-3 tomchi konsentrlangan sulfat kislota va 4-5 tomchi chumoli kislota (HCOOH) tomizing. Kolba og'zini uchi ingichka gaz o‘tkazuvchi to‘g'ri nay o‘rnatilgan tiqin bilan berkitib, shtativga tik holda o‘rnating. Aralashmani ehtiyotlik bilan past gaz alangasida qizdiring va ajralib chiqayotgan gazni yondiring. Alanga rangini qayd qiling. Bajarilgan ishni va reaksiya tenglamasini yozing: a) uglerod (II) oksidning olinishi; b) uglerod (II) oksidning havoda yonishi. Agar qo‘l ostingizda chumoli kislotasi bo‘lmasa CO gazini oksalat kislotasidan oling va uning xossasini o‘rganing. Rasmdagidek asbob yig'ing. Vyurs kolbachasiga 15 g oksalat kislota va 20 ml konsentrlangan sulfat kislota soling. Birinchi sklyankaga 10% li natriy gidroksid eritmasidan (nima uchun?), ikkinchi sklyankaga konsentrlangan sulfat kislota soling. Issiqlikka chidamli shisha nayning o‘rtasiga CuO kukunidan soling va nayni shtativga 36-rasmda ko‘rsatilgandek qilib o‘rnating. Shisha nayni CuO solingan qismini past gaz alangasida qizdiring. Keyin Vyurs kolbasidagi reaksion aralashmani qum hammomida kuchli gaz ajralib chiqa boshlanguncha qizdiring va gaz gorelkasini olib quying. Ajralib chiqayotgan gaz oqimini qizdirilgan mis oksidi ustidan o‘tkazing. Tajribaning borishini kuzating. Shisha nayda qanday o‘zgarish sodir bo‘ladi. Kuzatilgan hodisalarning reaksiya tenglamalarini yozing. Uglerod (II) oksidi qanday vazifani bajarayapti?