1-topshiriq. Matnni o’qing. Insonlar bilan muloqotning asosiy usullari haqida o’z fikrlaringizni bildiring.
Ko’pchilik insonlar, ayniqsa yoshlar o’zlarini zamonaviy jamiyat va jamoada qanday tutishlari kerakligi haqidagi, uyda va ishxonada nimalarga e’tibor berishlari lozimligi, savdoda, ish vaqtida insonlar bilan qanday munosabatda bo’lish maqsadga muvofiqligi, do’stona va amaliy ko’rinishdagi suhbatlarni qanday qilib olib borish to’g’risidagi, oila va ishxonadagi konflikt sharoitlarda nimalar qilish mumkinligi haqidagi yangi va zamonaviy adabiyotlar bilan tanisha olmadilar, chunki ular o’z vaqtida yaratilmadi va natijada bu sohaga oid ta’lim-tarbiya berish ishi ancha oqsab qoldi. Jamiyat hayotini va uning hozirgi holatini faqatgina o’zaro munosabatlar qoidalari mukammal emasligi bilan tushuntirish juda ham soddalik bo’lgan bo’lar edi. Ammo bunday qonun-qoidalarning katta madaniy ahamiyatini rad etish ham katta xatolik bo’lar edi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, atrofdagilar bilan muloqot qoidalarini yaxshi bilmaslik ko’pchilik odamlar, ayniqsa, tadbirkorlar oldida kattagina muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu sohada o’tkazilgan ko’p yillik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, moliyaviy munosabatlarda muvaffaqiyat qozonish, xatto iqtisodiyotning texnik sohalarida ham faqatgina 15% gina texnik bilimlarga, qolgan 85% esa hamkasblar bilan muomala qila bilish, boshqacha qilib aytganda, odamlarga rahbarlik qilishdagi shaxsiy fazilatlar va qobiliyatlarga bog’liq ekan. Amerikalik tanikli biznesmen Jon Rokfeller shunday degan ekan: «Odamlar bilan muomala qilish malakasi xuddi shakar yoki kofega o’xshash sotib olinishi mumkin bo’lgan tovardir. Men dunyodagi barcha narsalardan ko’ra, ana shu malaka uchun ko’proq haq to’layman». Omad, muvaffaqiyat, do’stlar, sog’liq – bular hammasi ko’pchilik insonlar uchun oddiy insoniy baxt bilan bog’liq bo’lgan asosiy tushunchalardir. Xuddi shu baxtga qanday erishish usullarini Deyl Karnegi o’z kitoblarida batafsil xolda, tarixiy dalillarga tayangan tarzda tushuntiradi va ularni ustalik bilan ko’rsatib beradi. Insoniy munosabatlar xuddi fan, san’at yoki texnika kabi umuminsoniy madaniyatning bir bo’lagidir va shuning uchun ham bu sohadagi kitoblarni yaratish ham muhim ish bo’lib hisoblanishi kerak. Bunday kitoblar insonlarga ularning kundalik muammolarini ijobiy hal qilish uchun suv bilan havodek zarur desak, xato qilmagan bo’lar edik. Ular hayotda muvaffaqiyatga erishishga va boy-badavlat yashashga ko’maklashish uchun ham zarurdir. Ular insonlarni ijodiy hamda ijobiy fikrlashga majbur qiladi, o’zlari uchun kerakli va eng to’g’ri yo’lni tanlab olishlari uchun xizmat qiladi.
- Qoida. Birovni tanqid qilishdan saqlaning, chunki bunga nisbatan, tanqidga uchragan inson himoyalanish istagida turli xil usullar bilan o’zini oqlashga harakat qiladi va sizga ashaddiy dushman bo’lib qoladi. Tanqid insonga qattiq botadi va uning g’ururiga tegadi, uning obrusini pastga urish bo’lib hisoblanadi, uni qattiq hafa qiladi. Insonlar haqida yomon gaplar va fikrlar bildirmang, ularning faqat yaxshi tomonlari haqida gapiring, ularning obru-e’tiborli insonlar ekanliklarini uqtiring. Buyuk odamning buyukligi uning kichkina odamlar bilan muloqot qilishida ko’rinadi.
- Qoida. Biror bir insonni nimadir qilishga undashning faqat bir usuli bor, u ham bo’lsa, unda bu ishni qilishga astoydil hoxish-istak uyg’otishdir. Har bir inson o’zining ahamiyatli ekanini bilishni istaydi. Unga bu imkoniyatni yaratish kerak va uning bu intilishini iloji boricha qondirish lozim. Insonning ustunlik tomonlarini tan olgan xolda va uni taqdirlash orqali unda biror bir ishni bajarishga qiziqish uyg’otish kerak. Agar biror bir kimsaning qandaydir hislati sizga yoqib qolsa, uni munosib baholang va yaxshilab maqtang. Sizga xujum qilayotgan dushmanlardan qo’rqmang, ko’proq sizni juda ham maqtayotgan do’stlaringizdan qo’rqing. Har bir inson nimasi bilandir sizdan ustun turadi, shuning uchun ham ulardan nimanidir o’rganish mumkin. Insonda ijobiy hislatlarni ko’rishga harakat qiling va bu haqda unga chin dildan ayting.
3.Qoida. Insonlarga ta’sir o’tkazishning birdan bir ta’sirchan usuli – ular hoxlayotgan narsalar haqida so’zlash va buni ular qanday qila olishlari mumkinligi to’g’risida gapirishdir. O’z suhbatdoshingizni nimanidir hoxlab qolishga majbur qiling. O’zingizni suhbatdoshingiz o’rniga qo’ying va uning fikrlari yo’nalishini tushunishga harakat qiling. Agar sizda ajoyib g’oya paydo bo’lsa, uning boshlanishini suhbatdoshingizga bildiring va qolganini o’ylab topishni uning o’ziga qo’yib bering. Shunda u g’oya o’zinikiligidan faxrlanib, siz bilan hamkorlik qila boshlaydi. Barcha uchrashuvlaringizning hisobini olib boring va ularda nimalarni to’g’ri hamda nimalarni noto’g’ri qilganligingizni tahlil qiling. Agar nimadir noma’qul bo’lgan bo’lsa, hatti-harakatlaringizga tegishli o’zgartirishlar kiriting.
Do'stlaringiz bilan baham: |