Muloqot texnikasida uchraydigan kamchiliklar:
1.Nuqsonli ovoz
2.Tovushni noaniq aytish
3.Nafas olishdagi tartibsizliklar
4.Nutq tempi, tezligini to‘gʻri belgilamaslik
Muloqot texnikasiga qoʻyiladigan talablar:
1.Ovozning sifatiga e’tibor berish;
2.Muloqot jarayonida to‘gʻri nafas olish;
3.Tovush va soʽzlarni aniq talaffuz qilish;
4.Toʻliq va aniq diksiya;
5.Soʽz va gaplarning «chaynalmasligi»;
6.Fonetikaga oid bilimlardan xabardor boʻlish;
7. Nutqdagi nuqsonlarni bartaraf etishga yordam beradigan mashqlardan muttasil foydalanib borish.
Muloqotning ta’sirchanligini ta’minlash nafaqat lingvistik, balki ekstralingvistik omillarni ham oʽz ichiga oladi. Ekstralingvistik omillarga tilga bogʻliq boʻlmagan shart-sharoitlar kiradi. Bamisoli ummon boʻlgan tilimizdan bir fikrni bir qancha shaklu shamoyillarda ifodalash imkoniyatlari mavjud, ya’ni tilimizda har qanday voqea-hodisalarni ifodalash uchun soʽz va iboralar topiladi, lekin muloqot vaziyati uchun eng uygʻun ifodani topa bilish oʻqituvchining bilimi, ma’rifatu madaniyati, mahoratu malakasiga bogʻliq. Muloqotdagi ohangning tezligi, yuqori-pastligi ham ta’sirchanlikni oshiruvchi omillardir. Bunday nutqlar, odatda, muhim qarorlar, axborotlar, farmoyishlar o‘qilganda ishlatiladi.
Mashhur qadimgi yunon notigʻi Demosfenning dastlab ovozi past, talaffuzi yomon, nafasi qisqa boʻlganligidan chiroyli va ta’sirli nutq ayta olmaganligi haqida tarixchilar yozganlar. Bu sohani chuqur o`rgangan olim S.Inomxo‘jayev ta’kidlaganidek, keyinroq Demosfen muloqot texnikasi asoslarini egallashga juda jiddiy kirishgan. U bir yertoʻla qazib, shu yertoʻlada ovozini rivojlantirish, diksiya, deklamatsiya boʻyicha oylab mashqlar qiladi. Talaffuzidagi nuqsonlar, "r" tovushini aytolmaslik, ba’zi tovushlarni noaniq aytish kabilarni bartaraf etish maqsadida ogʻziga mayda toshlarni solib, she’rlar, turli matnlarni o‘qish bilan shugʻullanadi.Ovozini rivojlantirish, ovoz apparatlarini chiniqtirish uchun esa tepaliklarga yugurib chiqib, yugurib tushib, nafasini ushlab turgan holda she’rlarni deklamatsiya qiladi. Demosfen gapirayotganda bir yelkasini hadeb ko‘taraverish odatidan qutulish uchun yerto`lasining shiftiga uchi o‘tkir xanjarni osib qoʻyib, yelkasini xanjarning ayni uchiga to‘gʻrilab turib, mashqlarini davom ettiradi. Ana shunday mashaqqatli va muntazam mashqlar tufayli Demosfen notiqlikning eng cho‘qqisini zabt etgan.
Muloqot jarayonida kuzatiladigan kamchiliklardan yana biri fonatsiya jarayonida, ya’ni nutq hosil bo`lish paytida nafas olishdagi tartibsizliklar bilan bogʻliq. Fonatsiya jarayonida nafas olish va nafas chiqarish fazalari shunday yoʻlga qoʻyilishi kerakki, nafas olish zo‘riqishsiz, bir qadar jadalroq, nafas chiqarish esa tekis, bir me’yorda va davomliroq kechishi lozim. Nafas chiqarish qanchalik davomli, uzun boʻlsa, shunchalik yaxshi. Zotan, tovush, nutq ayni shu nafas chiqarish jarayonida hosil boʻladi. Fonatsiyada nafas olish va nafas chiqarish fazalarining ketma-ketligi, almashinish tartibini to‘gʻri tasavvur etmoq kerak. Bu fazalar bilan nutqning hajmiy va albatta, mazmuniy-estetik qurilishi oʻrtasidagi mutanosiblikni to‘gʻri belgilamaslik oqibatida nafasning yetmay qolishi, shunga koʻra bir nafas bilan yaxlit aytilishi lozim boʻlgan nutq parchasining boʻlinib ketishi, mantiqiy mazmunni buzadigan nooʻrin pauzaning paydo boʻlishi kabi nuqsonlar oʻrtaga chiqadi. Masalan, qadimiy va boy tilimizning sofligini saqlash har birimizning burchimizdir jumlasi aytilarkan, masalan, har soʽzidan keyin nafas tugab qolsa, ilojsiz, nafas olish uchun toʻxtalish majburiyati paydo boʻladi, bu esa jumlaning noto‘gʻri boʻlinishiga olib keladi. Yoki ba’zan noto‘gʻri taqsimlangan nafas jumlaning oxiriga borib yetmay qolsa, jumladagi so‘nggi soʽz "yamlanib" talaffuz qilinadi, soʽzlovchi xuddi bo‘gʻilib qolganday, juda qiynalganday tuyuladi, bu tinglovchi uchun ham sezilarli darajada qiyinchilik tugʻdiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |