Mavzu: Tayyorlov guruhda ko`rsatilgan yo`nalish bo`yicha harakat qila olishga, o`z vaziyatini berilgan shart bo`yicha aniqlashga o`rgatishni davom ettirish.
Maqsad:
Bolalarning fazoviy tasavvurlarini kengaytirish.
Kutilayotgan natijalar:
Bolalarda o`ng, chap, oldinga, orqaga harakat qilish ko`nikmasi mustahkamlanadi.
Aniq topshiriq va mashqlarda berilgan yo`nalishda harakat qilish ko`nikmasi takomillashadi.
Bolalar shartli belgilar yordamida harakat qilishni o`rganadilar.
Kerakli jihozlar:
Xaritalar (o`lchami bo`yi 12 sm, eni 20 sm).
Buratino (yoki boshqa ertak qahramoni).
Turli shakldagi bayroqchalar.
Mashg`ulotning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar, sizlar ko`rsatilgan yo`nalish bo`yicha harakat qilishni juda yaxshi o`rganib olgansizlar. Bugun men sizlarga juda qiziq topshiriq tayyorlab qo`ydim. Ikkitadan bo`lib mana bu kartalardan birini olasiz. Xonamizdagi narsalar kartalarda ma`lum belgilar bilan belgilab qo`yilgan. Avval belgilar nimalarni bildirishini o`rganib olasizlar. Keyin esa shu belgilar va ularga qo`yilgan sonlar bo`yicha harakat qilasizlar. 1 soni qo`yilgan joyni topasiz va shu joydan boshlab strelka bo`yicha 2 soni qo`yilgan tomonga harakatlanasiz. So`ng 3, 4, 5, 6 sonlari bilan belgilangan joylarga harakatlanib marraga yetib kelasiz.
1-tarbiyachining stoli
2-shkaf
3-bolalar stoli
4-tinchlanish xonasi
5-so`ri
6- marra
Bu xarita bilan ishlash uchun quyidagi savollarga javob berishlaringiz kerak:
1. Xaritada qanday geometrik shakllar tasvirlangan?
2. Xaritada nechta geometrik shakllar chizilgan?
3. Birinchi shakl xonadagi qaysi buyumga o`xshaydi?
4. Ikkinchi shakl xonadagi qaysi buyumga o`xshaydi?
5. 4-shakl xonaning qayerida joylashgan?
6. 3-shakl nimaning shakli?
7. 5-shakl xonaning qayerida joylashgan?
8. 5-shakl nimaning shakli?
Bilimlarni mustahkamlash uchun o`yin: “Bayroqchaga qarab yur”.
Bu o`yin bolalarning xotirasini, diqqatini rivojlantiradi. Bolalarning fazoviy tasavvurlarini mustahkamlaydi.
Tarbiyachi mashg`ulot boshlanishidan oldin xonaning turli joylariga bayroqchalar qo`yib chiqadi. Buratino yoki boshqa ertak qahramoni tarbiyachi yordamida bolalarga topshiriq beradi: “Derazagacha borib, o`ngga 3 qadam yur va uchburchak shaklidagi bayroqchani ol”, bola topshiriqni bajarib bayroqchani topadi. Bolalar bunday topshiriqlarni osongina bajarsalar, topshiriqlar murakkablashtiriladi. Masalan: “5 qadam oldinga yur, chapga o`giril, yana 2 qadam yur, o`ngga buril. U yerda to`rtburchak shaklidagi bayroqchani topasan”. O`yin bir necha marta takrorlanadi.
Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:
1. Xarita bilan harakatlanish oson bo`ldimi yoki aytib turilgan topshiriq asosida harakatlanishmi?
2. Xarita asosida marraga yetish uchun nechta joydan o`tdingiz?
3. Chap qo`lingizni balandga ko`taring, o`yin davomida necha marta chapga yurganligingizni eslay olasizmi?
4. O`ng qo`lingizni balandga ko`taring, o`yin davomida necha marta o`ng tomonga yurganligingizni eslay olasizmi?
Mashg`ulot yakunida bolalarni rag`batlantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |