Tayanch tushuncha va iboralar:
Raqsu samo’, muridlar, najib, irfoniy g’oyalar, rindi bebok, rindu bodaparast, Jazba, suluk, sohibtariq, rutba, ilmu g’ayb, vahdatul vujud, savqi tabiiy, mutrib, mug’anniy.
1-savol bayoni.
Tasavvufning Sharqda keng tarqalishiga bois, uning arab, fors va turkiy tillarda buyuk bir she’riyatni vujudga keltirishidir. VIII-XI asrlarda Robia Adviya, Mansur Halloj singari ulug’ so’fiylar ijodi bilan boshlangan so’fiyona ash’or X-XII asrlarga kelib ulkan bir adabiyotga aylandi, o’ziga xos obrazlar, timsollar olami alohida ramzlar, uslub va usullar shakllandi.Olimlar tasavvufning adabiyoti bilan yaqinlashish sabablarini ko’proq so’fiylarning raqsu samo’ majlislari bilan bog’laydilar. Biroq, aytish kerakki sabab faqat shundan iborat emas.To’g’ri, tasavvuf shayxlari muridlariga ta’sir etish uchun ruboiy, g’azal kabi kichik she’riy janrlardan foydalanganlar. Ba’zan o’zlari so’fiyona g’oyalarga mos asarlar ijod qilib, aksar holda esa xalq orasida yurgan og’zaki ijod namunalari va mashhur shoirlarning she’rlaridan foydalanib, suhbatlarini qizitganlar, so’zlarga yangi ma’no berib, so’fiyona g’oyalar ruhida talqin va tafsir qilib, eshituvchilarni hayajonga solganlar.Bu-masalaning bir tomoni, ya’ni tasavvufning adabiyotga intilishi.Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Gap shundaki, adabiyot ham tasavvuf tomonga qarab intilgan. Tasavvuf g’oyalari keng tarqalgandan keyin u gumanist shoirlarning qalbini rom etdi. Tasavvufning pok ilohiy ishq haqidagi, Haq va haqiqat, najib insoniy xislatlar, kamolot kasb etish haqidagi g’oyalari she’riyat g’oyalariga aylandi- shoirlar qizg’in bir ruh, ko’ngil amri bilan irfoniy g’oyalarni kuyladilar, hisobsiz lirik she’rlar, jahonga mashhur dostonlar, qissalar yaratildi.Tasavvufning behudlik va ishq kontseptsiyasi, soflik, adolat va haqiqat timsoli-Mutlaq ilohga muhabbat zavqi ijod ahliga qattiq ta’sir etdi, insoniyat g’ami bilan qalbi dardga to’lgan isyonkor ruhdagi shoirlarni bir ohanraboday o’ziga tortib, o’rtanishli, his-hayajonga serob ajoyib she’riyatni vujudga keltirdi. Bu she’riyatning markaziy qahramoni-rindi beboq. Mansur Halloj e’tiqodiga iymon keltirgan, o’zini barkamollik cho’qqisida ko’rgan, ruhan ozod kishi edi. Uning zavqi, iztirob-kechinmalari, xayoliy romantik olamga intilishi maxsus ifodalar va ko’p ma’noli ramziy iboralar bilan tasvirlanadigan bo’ldi.
So’fiyona adabiyotning tasvir mavzui (ob’ekti) tariqat yo’li bilan poklanayotgan va tinmay komillik sari taraqqiy etayotgan Inson bo’lgani uchun ana shu solik-yo’lovchi Insonning dunyoqarashi, estetikasi, kechinmalar olami muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Tasavvufiy adabiyotning barcha ko’rinishlari, janrlarida ana shu solik Insonning tuyg’ulari, tushunchasi tasvirga olinadi, uni tarbiyalash, unga Haqni va o’zligini tushuntirish, turli rivoyat va hikoyatlar keltirish, o’git-nasihatlar qilish bilan uning ongi va qalbiga yo’l topish bosh masala qilib olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |