Mavzu: Ta’lim sohasiga oid qonun hujjatlari. (1-dars)
Reja:
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va uning mazmun- mohiyati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi tarraqqiyot davrida ta’lim – tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 -yil 6- noyabrdagi PF-6108-sonli Farmoni va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020-yil 6- noyabrdagi PQ-4884-sonli Qarori hamda 2021-yil 25-yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4963-son qarorlarining mazmun-mohiyati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisiga murojaatnomasi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va uning mazmun-mohiyati.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizning barcha sohalarida islohatlarni amalga oshirish, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish, yetuk va zamon talabiga javob beradigan mutaxassis kadrlarni tayyorlashni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Respublikada ta’lim tizimini mustahkamlash, uni zamon talablari bilan uyg‘unlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bunda mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ta’lim va tarbiya berish tizimi islohatlar talablari bilan chambarchas bog‘langan bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Zamon talablariga javob bera oladigan mutaxassis kadrlarni tayyorlash, Davlat talablari asosida ta’lim va uning barcha tarkibiy tuzilmalarini takomillashtirib borish oldimizda turgan dolzarb masalalardan biridir.
Bugungi kunda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda, ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahriri 2020- yil 23- sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib 24- sentyabrdan kuchga kirdi. Ushbu qonunning maqsadi ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahriri 11 bob 75 moddadan tashkil topgan. Qonunga ko‘ra, davlat ta’lim muassasasining maqomi aniqlandi, ya’ni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mulki bo‘lgan mol-mulk negizida tashkil etilgan, davlat ta’lim standartlariga va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim beradigan muassasa e‘tirof etildi. Shuningdek, nodavlat ta’lim tashkilotining ham maqomi mustahkamlandi. Ya’ni, davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya asosida ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs nodavlat ta’lim tashkiloti deb belgilandi. Qonunda birinchi marta ta’lim sohasining 16 ta muhim prinsipi ko‘rsatildi (4-modda). Bu prinsiplar milliy mentalitetga asoslangan bo‘lib, ular ta’limning erkinligi, teng imkoniyatlar ta’minlanashi, ta’limning majburiyligi, ta’lim olishning ochiqligi, eng asosiysi insonning butun hayoti davomida ta’lim olishining belgilanganidir. Qonunning 5-moddasida ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Unda “Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi.” deb ko‘rsatib o‘tilgan.Ushbu qonunda ta’limning 7 turi ko‘rsatib o‘tilgan. (7-modda). Bular quyidagilardan iborat:
maktabgacha ta’lim va tarbiya;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
professional ta’lim;
oliy ta’lim;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
maktabdan tashqari ta’lim.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim to‘g‘risida Qonunning 9-moddasida ma’lumot berilgan. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim o ‘quv dasturlarini, zarur bilim, malaka hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim (I — XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat:
boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar);
tayanch o‘rta ta’lim (V — IX sinflar);
o‘rta ta’lim (X — XI sinflar).
Shuningdek, ushbu moddada umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining sinflarida (guruhlarida) ta’lim oluvchilar soni o‘ttiz besh nafardan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Qonunning 10-moddasida professional ta’lim to‘g‘risidagi huquqiy asoslar ko‘rsatib aytilgan. Professional ta’lim egallanadigan kasb va mutaxassislik bo ‘yicha quyidagi darajalarni o‘z ichiga oladi:
boshlang‘ich professional ta’lim;
o‘rta professional ta’lim;
o‘rta maxsus professional ta’lim.
Boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX-sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumta’lim fanlarining va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida amalga oshiriladi. O‘rta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi ikki yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich professional ta’lim negizida amalga oshiriladi. O‘rta maxsus professional ta’lim texnikumlarda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, boshlang‘ich professional va o‘rta professional ta’lim negizida davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi kamida ikki yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi. Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar ta’lim oluvchilarning o‘zi tanlagan kasbga va mutaxassislikka ega bo‘lishini ta’minlaydi.Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi professional ta’limni olish huquqiga ega. Ta’lim olish huquqi ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) ta’lim olishni tashkil etish orqali kafolatlanadi. Oilada yoki mustaqil o‘qish orqali ta’lim olgan fuqarolarga, shuningdek umumiy o‘rta ta’lim olmagan shaxslarga akkreditatsiyadan o‘tgan davlat ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o ‘tish huquqini berish asosiy yangiliklardan biri hisoblanadi. Bu haqda Qonunning 15-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Ta’lim olish shakllari quyidagilardan iborat:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish (kunduzgi);
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish (sirtqi, kechki, masofaviy);
dual ta’lim;
oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish;
katta yoshdagilarni o ‘qitish va ularga ta’lim berish;
inklyuziv ta’lim;
eksternat tartibidagi ta’lim;
mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash.
Ta’lim tizimining qamrovi keng bo‘lib, u ham hujjatlarni-davlat ta’lim standartlarini, davlat ta’lim talablarini, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini qamrab olsa, tashkilotlar sifatida – davlat ta’lim standartlarini, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlarini amalga oshiruvchi va ta’lim sifatini baholashni amalga oshiruvchi tashkilotlarni, ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalarni hamda ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarini, shuningdek ularning tasarrufidagi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Qonunda ta’lim turlari qatoriga maktabdan tashqari ta’lim turining ham kiritilgani ta’limning insonparvarlikka yo‘naltirilganidan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining ta’lim sohasidagi vakolatlari qonunning 24-moddasida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati ustidan nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan, ta’lim sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir.
Ta’lim inspektsiyasi:
ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan, shuningdek, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazadi;
ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonining sifati monitoringini amalga oshiradi;
maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga lavozimlar va malaka toifalarini berish jarayonini nazorat qiladi hamda unda ishtirok etadi;
nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziyalar beradi;
ta’lim tashkilotlarining reytingini aniqlaydi;
aniqlangan “Ta’lim to‘g‘risidagi” Qonun hujjatlari buzilishlari yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlariga va ta’lim tashkilotlariga taqdimnomalar kiritadi.Ta’lim inspektsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Qonunning 25-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining ta’lim sohasidagi vakolatlari belgilangan.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi:
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida davlat siyosatini ishlab chiqadi va uni amalga oshiradi;
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun davlat ta’lim standartlarini tasdiqlaydi;
Davlat ta’lim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona tarzda muvofiqlashtirishni hamda unga uslubiy rahbarlik qilishni amalga oshiradi;
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlaydi, mazkur maktablarda bino va inshootlarni ekspluatatsiya qilish ishlarini monitoring qiladi va muvofiqlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Qonunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etilishi, nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish esa ularning ta‘sischilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunda nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritishi uchun litsenziya ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan beriladi. Nodavlat ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin ( 30-31-moddalar). Ma’lumki, ta’lim tashkilotlari faoliyati alohida va qat’iy belgilangan hujjatlar – davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari asosida tartibga solinadi. Davlat ta’lim standartlari deganda davlat tomonidan ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui tushuniladi. Davlat ta’lim talablari esa ta’limning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek, ta’lim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan majburiy talablardir. Davlat ta’lim standartlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim mazmuni va sifatiga oid talablarni belgilaydi. Davlat ta’lim standartlari kasbiy standartlar asosida ishlab chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Davlat ta’lim talablari ta’lim sohasidagi asosiy hujjatlardan biri bo‘lib, u kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari va muddatlari, uning tartib-qoidalarini belgilaydi. Fuqarolarning kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini ta’minlaydi, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladi. Davlat ta’lim talablari ta’lim sohasidagi tegishli vakolatli davlat boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Davlat ta’lim standartlari yoki davlat ta’lim talablarini bajarish nodavlat ta’lim tashkilotlaridan tashqari barcha ta’lim tashkilotlari uchun majburiydir. Nodavlat ta’lim tashkilotlari mustaqil ishlab chiqilgan va litsenziyada ko‘rsatilgan o‘quv dasturlari asosida ta’lim faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.Pedagog xodimlarning maqomi va ular faoliyatining qator kafolatlari qonunda atroflicha belgilangan. Ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish ham batafsil tavsiflangan. Shuningdek, ta’lim tashkilotlarining xodimlarini ijtimoiy himoya qilish davlat tomonidan kafolatlangan ( 45-modda). Eng muhim yangiliklardan biri-bu davlat akkreditatsiyasi va ta’lim tashkilotlari attestatsiyasining farqi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Ta’lim tashkilotlari davlat ta’lim standartlariga, davlat ta’lim talablariga hamda o‘quv dasturlariga muvofiqlik jihatidan attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilishi belgilangan, u besh yil muddatga amalga oshiriladi. Qonunda xorijiy davlatda ta’lim olganlik hujjatini tan olish masalalari ham yoritilgan. Xususan, xorijiy davlatda 1992-yil 1-yanvardan keyin olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat tan olish jarayonidan o‘tkazilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qonuniy kuchga ega hujjat sifatida tan olinadi. Xorijiy davlatda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan olish ta’lim inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yangi tahrirdagi qonunning quyidagi asosiy farqlari mavjud:
birinchidan,ta’lim olish shakllarining tasnifi kengaytirilgan;
ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi (Ta’lim inspektsiyasi), Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, shuningdek soha vazirliklari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari tafsilotlari bilan aniqlashtirilgan;
uchinchidan, ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarining huquqiy maqomi katta e’tibor qaratilgan;
to‘rtinchidan, davlat ta’lim standartlari va talablari, o‘quv jarayoniga o‘quv rejalari va dasturlarini, ta’lim sohasiga eksperimental va innovatsion faoliyat ta’limni joriy etish bilan bog‘liq masalalar tartibga solingan; beshinchidan, ta’limga oid vakolatli organlar sanab ko‘rsatilgan va ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlariga oid normalar belgilangan, ta’lim jarayonini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlari belgilangan.
2.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi tarraqqiyot davrida ta’lim – tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020- yil 6- noyabrdagi PF-6108-sonli Farmoni va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884-sonli Qarori hamda 2021-yil 25-yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4963-son qarorlarining mazmun-mohiyati.
Respublikamizda so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma‘rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-sonli “O‘zbekistonning yangi tarraqqiyot davrida ta’lim – tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, o ‘quvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qabul qilindi. Mazkur Farmon 24 banddan iboratdir. Farmonning 1-bandida O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Unda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir bo ‘lgan, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash, ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari zamonaviy kasb egalari bo‘lishlari uchun ularda zarur ko‘nikma va bilimlarni shakllantirish nazarda tutilgan. Shuningdek, dunyo miqyosidagi bugungi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, ularning yangi avlodini yaratish, o‘quv dasturlari va standartlarini optimallashtirish;
ta’lim-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari, pedagog va murabbiylari, professor-o ‘qituvchilari va ilm-fan sohalari vakillarining jamiyatimizdagi o‘rni va maqomini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va faoliyat samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantirish;
pedagog xodimlarning kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini muntazam oshirib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, malaka oshirish tizimini “hayot davomida o‘qish’ tamoyili asosida takomillashtirib borish;
ilmiy-tadqiqot va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo ‘yicha xususiy sektorning salmog‘ini kengaytirish, hududlarda nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashkil etish orqali raqobat muhitini shakllantirish, ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan xolda ta’limni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish, ta’lim oluvchilar o‘rtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish;
ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yanada mustahkamlash va rivojlantirish;
ta’lim tizimiga yuqori samarali xalqaro amaliyotni joriy etish, respublika ta’lim tashkilotlarini nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Farmonda xalq ta’limi vazirligi oldiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni (shu jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini) jalb qilgan holda Milliy o ‘quv dasturini ishlab chiqishi vazifasi qo‘yilgan. 2021-yil 1-martdan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berilishi va bunda xalq ta’limi xodimlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida yoki litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlarida malakasini oshirishi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarorida ro‘yxati belgilangan xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan umumta’lim muassasalarining o‘qituvchilariga — oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining o‘qituvchilariga — bosh o‘qituvchi malaka toifasi berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Respublika fan olimpiadalarida va ko‘rik-tanlovlarning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘onaga oshirilishi, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020-yil 1-noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar 1,5 baravarga oshirilishi, 2021-yil 1-apreldan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori bosh o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi, 2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi berilishi qayd etilgan.
Farmonda umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish ko‘rsatkichlari asosida direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumta’lim muassasalari rahbar xodimlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.
Bunda:
o‘quvchilarining 90 foizi va undan ortiq qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 12 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 6 baravardan;
o‘quvchilarining 85 — 89 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o ‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 9 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 4,5 baravardan;
o‘quvchilarining 80 — 84 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 6 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 3 baravardan rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi tuzilishi va natijaga ko‘ra tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantirilishi, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va metodistlariga, umumta’lim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta o‘rinlarni egallagan umumta’lim muassasalarining 2 nafar o‘qituvchilariga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar berilishi belgilangan. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi, 2022- 2023 o‘quv yiliga qadar o‘quvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha umumta’lim muassasalarida “Elektron kundalik” dasturini joriy qilinishi hamda Davlat test markazi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1- iyunga qadar keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini ishlab chiqishi topshirig‘i belgilandi. 2021-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etishning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinadi. 2021-yil 1-yanvardan boshlab har bir umumta’lim muassasasida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilishi nazarda tutilib, bu lavozimiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinadi. Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga tayinlangan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarning mehnatiga — umumta’lim muassasalaridagi “Yoshlar yetakchisi”lavozimining 0,25 shtat birligi hisobidan, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilarining mehnatiga — mazkur oliy ta’lim muassasalarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi. Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarga yosh avlodni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarining ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka etkazishga ko ‘maklashish, turli xildagi viktorinalar, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va sherxonlik musobaqalarini tashkil etish vazifalari yuklanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi tarraqqiyot davrida ta’lim – tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020- yil 6-noyabrdagi PF-6108-sonli Farmoni e’lon qilingan kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4884-sonli Qarori ham qabul qilindi. Prezidentimizning ushbu qarori PF-6108-sonli Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Qarorda Maktabgacha ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustga qadar bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash hamda boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlarining o‘zaro uzviyligini ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi yuklandi. Shuningdek bosh vazir o‘rinbosari va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasiga Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021- yil 1- yanvarga qadar Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi tajribasini, shu jumladan o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘qitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini xorijga xizmat safarini tashkil etgan holda o‘rganib chiqib, Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi ijobiy tajribasini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimiga hamda dasturga joriy qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklandi. Xalq ta’limi vazirligi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar xalq ta’limi xodimlarining malaka oshirish jarayonini “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida uzluksiz malaka oshirishni nazarda tutuvchi tizimga aylantirishi, xalq ta’limi xodimlarining malaka oshirish jarayoniga kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish hamda xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish, har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobini yuritish imkoniyatini ta’minlovchi “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasini ishga tushirish vazifasi yuklatildi. Qarorda Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Xalq ta’limi vazirligining Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etilishi, Institut Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari uchun bosh ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda ularning o‘quv, metodik va ilmiy faoliyatiga rahbarlik qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 6- noyabrdagi PQ-4884-son qaroriga ilova sifatida “Ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |