SUDYALARNING ODOB-AXLOQ KODEKSI
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishga odil sudlovning mustaqilligini, beg`arazligini va layoqatliligini ta`minlash orqali erishiladi. Bu har bir sudyaning konstitutsiyaviy normalarga va qonunlarga, «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» (bundan buyon matnda Kodeks deb yuritiladi) qoidalariga rioya qilishini, o`z faoliyatini adolat va xolislik prinsplariga asoslanib amalga oshirishini nazarda tutadi.
Sudyalarning mustaqilligi, daxlsizligi, ular faoliyatiga aralashishga yo`l qo`yilmasligining davlat tomonidan kafolatlanishi, moddiy va ijtimoiy ta`minot darajalarining yuqori ekanligi odil sudlovga erishish – qonuniy, asoslangan va adolatli sud qarorlari chiqarilishining omillaridir.
Ushbu Kodeks O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, «Sudlar to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasining Sudyalar oliy kengashi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek sudyalar odob-axloqini tartibga solib turuvchi xalqaro huquqning umume`tirof etilgan prinsplariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog`liq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy bo`lgan, yuksak odob-axloq talablariga, O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari qoidalariga, odil sudlov va sudyalar odob-axloqi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.
Sudyalik maqomi, sudga murojaat qilgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga doir masalalar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilishga doir sudyalik vakolati muayyan shaxsga berilganligining o`zi ushbu Kodeksga rioya etish zarurligini taqozo etadi.
O`zbekiston Respublikasining sudyalari o`zlari uchun O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarni inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, xalqaro huquqning umume`tirof etilgan prinsplari va normalarida belgilangan barcha huquqlarga egadir.29
Sudyaning maqomiga monand tarzda unga nisbatan yuksak odob-axloq talablarini belgilovchi ushbu Kodeksning qoidalari sudyaning O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklanishi deb talqin etilmasligi kerak.
Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan masalalar yuzaga kelgan taqdirda, sudyalar jamiyatda tarkib topgan odob-axloq qoidalariga, shuningdek sudyalar odob-axloqini tartibga soluvchi xalqaro huquqning umume`tirof etilgan prinsplariga amal qiladilar.
Sudya odob va axloqning yuqori standartlariga amal qilishi, ushbu Kodeks normalariga so`zsiz rioya etishi, har qanday vaziyatda haqqoniy bo`lishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obro`-e`tiboriga putur etkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg`arazligiga shubha tug`dirishi mumkin bo`lgan xatti-harakatlardan o`zini tiyishi shart.
Ushbu Kodeksga rioya etish sudyaning qalb amri, hayotining qoidasi bo`lishi, jamiyatning sud tizimiga, odil sudlov malakali, mustaqil, xolis va adolatli tarzda amalga oshirilayotganligiga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga ko`maklashishi kerak.
Sudya o`z qasamyodiga sodiq qolishi, shuningdek fahm-farosatlilik, xushmuomalalik, halollik, matonatlilik, ilmga chanqoqlik xislatlariga ega bo`lib, jamiyatda yuksak sudyalik maqomiga munosib bo`lishi shart.
Sudya yuksak ma`naviy-axloqiy saviyaga va malakaga ega bo`lmasdan sudyalik vakolatlarini amalga oshirishga haqli emasligini doimo yodda tutishi shart.
Sudya fikr erkinligi huquqini amalga oshirishda odil sudlovning obro`siga putur etkazmasligi kerak.
Sudya jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqishida adolatlilik va xolislikni ko`rsatib, sansolarlikka yo`l qo`ymasligi lozim.
Sudya O`zbekiston Respublikasida sud O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro hujjatlarda e`lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning huquqlari hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi lozimligini, shuningdek sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta`minlashga qaratilganligini doimo yodda tutishi kerak.
Sudyaning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati doirasi
Sud ishlarini amalga oshirish sud faoliyatining boshqa turlariga nisbatan ustuvor xususiyatga ega.
Sudya senator, deputat bo`lishi, siyosiy partiyalarga a`zo bo`lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to`lanadigan boshqabiron-bir turdagi faoliyat bilan shug`ullanishi mumkin emas.
Sudya sudyalar jamoat birlashmalarida haq to`lanmaydigan lavozimlarni egallashi mumkin.
Sudya sud ishlari, arizalar, iltimosnomalar va shikoyatlarni ko`rib chiqish, shuningdek sud amaliyotini o`rganish va umumlashtirish ishlarida ishtirok etadi.
Sudya odil sudlovni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklarining sud tomonidan himoya qilinishi sud hokimiyati organlari faoliyatining mazmuni va mohiyati ekanligini unutmasligi lozim.
Sudyaning faoliyatiga xalqning o`zi baho berishini sudya doimo yodda tutishi lozim.
Sudya o`zi, qarindoshlari va boshqa shaxslar uchun biron-bir manfaat, xizmatlar, tijoratga oid yoki boshqa foyda olish maqsadida o`z maqomidan foydalanmasligi, shaxsiy masalalar yuzasidan turli davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga murojaat qilishda o`z xizmat mavqeidan foydalanmasligi kerak.30
Sudya o`z vakolatlarini amalga oshirishida unga ta`sir o`tkazilganligi to`g`risida xulosa chiqarishga yo`l qo`yadigan hamda sudyaning mustaqilligi va xolisligiga shubha tug`dirishi mumkin bo`lgan biron-bir harakatlarni sodir etmasligi yoki boshqa shaxslarga shunday harakatlarni sodir etishi uchun imkon yaratib bermasligi zarur.
Sudya o`ziga nisbatan xizmat mavqeini suiiste`mol qilganligi, ko`rilayotgan ishning yakunidan g`arazli yoki o`zgacha tarzda manfaatdor ekanligi haqidagi oshkora ayblovlarga nisbatan tegishli choralar ko`rishi lozim.
Sudya do`st tanlash va tanish orttirishda ehtiyotkor bo`lishi, o`zining sha`ni va sudning obro`siga putur etkazishi mumkin bo`lgan aloqalardan o`zini tiyishi kerak.
Sudyaning o`z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida odob-axloq prinsplari va qoidalari
Sudyaning mustaqilligi davlat tomonidan uning faqat qonunga bo`ysunishi, lavozimga tayinlanish (saylanish) tartibi, uning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo`l qo`yilmasligi va bunday aralashuv uchun javobgarlikka tortish orqali kafolatlanadi.
Sudya o`z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlarga so`zsiz rioya etishi, har qanday tashqi ta`sirlarning oldini olishi, tahdidlar, bosim va g`ayriqonuniy ta`sir o`tkazishga, sud jarayoniga bevosita yoki bilvosita aralashishga qarshilik ko`rsatishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha`ni, qadr-qimmati va mulkiy manfaatlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta`minlashi shart.
Sudya odil sudlovni amalga oshirayotganda sud protsessi barcha ishtirokchilarining protsessual huquqlarini hurmat qilgan holda, har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi ta`sirlar, niyatlar, bosim yoki aralashishlardan qat`i nazar mustaqil harakat qilishi, faqat faktlarni baholashdan kelib chiqishi va ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart.
Sudyaning xolisligi va beg`arazligi odil sudlovni tegishli tarzda amalga oshirishning majburiy shartlaridir. Sudyaning sud muhokamasidagi hamda xizmatdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori jamiyat va protsess ishtirokchilarining sudyaning va sud hokimiyati organlarining xolisligi va beg`arazligiga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga imkon yaratishi zarur.
Sudya ishni xolis ko`rish maqsadida o`zining kasbiy majburiyatlarini bajarayotganda har qanday afzalliklar, asossiz ishonch va taxminlardan holi bo`lishi, o`zining xolisligiga har qanday shubhalarni bartaraf etishga harakat qilishi lozim.
Sudyaning qonunda nazarda tutilgan asoslarda o`zini o`zi rad etishi uning xolisligi va beg`arazligini ta`minlovchi muhim omildir.
Adolatli sud muhokamasi va barcha shaxslarga nisbatan teng munosabatda bo`lish odil sudlovni xolis va beg`araz amalga oshirishning asosiy shartidir.
Sudya o`z majburiyatlarini xolislikni namoyon etib, sud protsessining barcha ishtirokchilariga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, bir xil munosabatda bo`lgan holda bajarishi shart.
Sudya o`z majburiyatlarini bajarish chog`ida tenglik prinspiga amal qilishi, taraflarning har biriga teng imkoniyatlar yaratgan holda xolislik va beg`arazlikni namoyon etib, ular o`rtasida muvozanatni saqlab turishi, sud ishlarini yuritishda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarga bir xil e`tibor qaratishi lozim.
Odil sudlovni amalga oshirishda sudya fuqarolar bilan munosabatda xushmuomalalikni namoyon etishi, xalqlarning ma`naviy urf-odatlari va an`analariga hurmat bilan munosabatda bo`lishi, turli xil etnik va ijtimoiy guruhlar hamda dinlarning madaniy va boshqa hususiyatlarini inobatga olishi, millatlararo va dinlararo totuvlikka imkon yaratishi, o`zining sha`ni yoki sud hokimiyatining obro`siga putur etkazishi mumkin bo`lgan nizoli vaziyatlarga yo`l qo`ymasligi kerak.
Sudya taraflarga o`z protsessual majburiyatlarini bajarishi va o`zlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib, ishning oqilona muddatda ko`rib chiqilishini ta`minlab, o`z kasbiy majburiyatlarini bajarishda biron-bir tarafni afzal deb qaramasligi, ularni kamsitmasligi, taraflarni eshitmasdan oldindan fikrga ega bo`lishga yoki sirtdan shunday fikrda turishga yo`l qo`ymasligi shart.
Sudya o`z majburiyatlarini adolatli, tezkor, vijdonan va yuqori professional darajada bajarishi kerak.
Sudya sud majlislarini tashkil etish va o`tkazishga puxta tayyorgarlik ko`rishi, sud protsessi ishtirokchilariga o`z fikr-mulohazalarini erkin ifodalashi uchun teng imkoniyatlar berishi, ishlarni qonunda belgilangan protsessual muddatlarda ko`rib chiqishi, ishni ko`rib chiqishni asossiz va surunkali qoldirilishiga yo`l qo`ymasligi, qonuniy va adolatli qarorlar chiqarishi hamda ularni manfaatdor shaxslarga o`z vaqtida yuborilishini ta`minlashi shart.
Sudya adolatli bo`lishi uchun xalq bilan muloqot qilishi, ularning dardu-tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishi zarur.
Halollik sudya o`z vazifalarini tegishli tarzda bajarishining zarur shartidir.
Sudyaning halolligi o`z vazifalarini vijdonan bajarishida, rostgo`yligida, nomaqbul harakatlardan o`zini tiyishida va benuqson obro`-e`tiborga ega bo`lishida namoyon bo`ladi.
Sudya o`z nufuziga putur etkazishi mumkin bo`lgan ommaviy tadbirlar va boshqa jamoat joylarida bo`lishdan o`zini tiyishi lozim.
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga o`tkazilgan bosim va aralashuvlar to`g`risida, shuningdek muayyan harakatlarni bajarganlik yoki bajarmaganlik uchun mukofot taklif qilinganligi haqida belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasining Sudyalar oliy kengashiga va (yoki) sudyalar malaka hay`atiga xabar qilishi lozim.
Sudya o`z majburiyatlarini vijdonan, yuqori professional darajada bajarishi, ish o`z vaqtida va malakali ko`rib chiqilishi uchun barcha choralarni ko`rishi, shuningdek taraflarni yarashtirishga, nizoni tinch yo`l bilan hal etishga ko`maklashishi lozim.
Sudya o`z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi uchun o`z malakasi va kasbiy bilimlarini muntazam oshirib borishi, amaliy ko`nikmalarini va shaxsiy fazilatlarini takomillashtirib borishi shart. Shu maqsadlarda sudya mustaqil ta`lim olish imkoniyatlaridan foydalanishi va muntazam ravishda davlat malaka oshirish tizimida qayta tayyorgarlikdan o`tishi kerak.
Tajribali sudyalar «ustoz-shogird» an`analariga tayangan holda o`z tajriba va bilimlarini ilk bor tayinlangan sudyalarga o`rgatishlari shart.
Sudya hamkasblari va sudning boshqa xodimlariga nisbatan xushmuomala va vazmin bo`lishi, tanqidga toqatli bo`lishi, o`zi to`g`risidagi tanqidiy fikrlar uchun bevosita yoki bilvosita ta`qib qilishga yo`l qo`ymasligi, boshqa sudyaning ish yurituvidagi ishlarni ko`rib chiqilishiga aralashmasligi lozim.
Sudya sud yordamchisidan va sud apparatining boshqa xodimlaridan mansab yo`riqnomalari qoidalariga rioya etishni, yuqori professional darajada bo`lishini, O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli taqiqlar va cheklovlarga rioya etishini, majburiyatlar bajarilishini talab qilishi shart.
Sud raislari birinchi navbatda sud rahbarlarining fidoyiligi, vatanparvarligi, sadoqati, kasbiy mahorati, mehnatsevarligi va yuqori darajadagi mas`uliyati sudning samarali faoliyati garovi ekanligini esda tutishlari zarur.
Sud raisi (hay`at raisi) tashkiliy-ma`muriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo`l qo`yishga, ularga bosim o`tkazishga, shuningdek sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga ta`sir ko`rsatish maqsadida ma`muriy ta`sirning boshqa usullaridan foydalanishga haqli emas.
Sudlarning raislari boshqa sudyalar o`z majburiyatlarini samarali bajarishlarini ta`minlash uchun barcha zarur choralarni ko`rishlari, sud xodimlarini lavozimlarga shaffof tanlov asosida tayinlashlari, bunda urug`-aymoqchilik, mahalliychilik va rahnamolikdan o`zlarini tiyishlari shart.
Sud raislari sudyalar va sud apparati xodimlarining ishga bo`lgan munosabatini doimiy ravishda tahlil qilib borishlari hamda ular egallab turgan lavozimiga munosib bo`lmagan taqdirda tegishli choralar ko`rishlari shart.
Sud raislari sudyalar va sud apparati xodimlari o`rtasida vazifalarni adolatli taqsimlanishini belgilangan tartibda ta`minlashlari shart. Rahnamolikka (asossiz rag`batlantirish va lavozimini oshirishga), shuningdek beparvolikka (faoliyatdagi kamchiliklari uchun chora ko`rmaslikka, noqonuniy harakatlariga e`tibor bermaslikka) yo`l qo`yilishi mumkin emas.
Sud raisi, sudya sudyalik lavozimlariga nomzodlarga fikrnoma, tavsifnoma (tavsiyanoma) tuzishga mas`uliyat bilan yondashishi, xolis va beg`araz bo`lishi, sudyalik lavozimiga nomzodda bo`lmagan shaxsiy, kasbiy, ma`naviy va boshqa fazilatlarini tavsifnomada qayd etgan holda Sudyalar oliy kengashiga va malaka hay`atiga taqdim etmasligi shart.
Sudya o`z fikrini erkin ifoda etish va ommaviy munozaralarda, shu jumladan sud faoliyati samaradorligi masalalariga oid munozaralarda ishtirok etish, o`zi yoki hamkasblari tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining huquqiy asoslarini tushuntirish huquqiga ega. Bunda sudya o`z tushuntirishlarida vazmin va ehtiyotkor bo`lishi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan xolis bo`lishi va sud hokimiyatiga sadoqatini saqlashi lozim.
Sudya xizmatdan tashqari vaqtda qonunda belgilangan cheklovlar doirasidan chetga chiqadigan hamda sudning obro`siga, shuningdek sudyaning xolisligi, mustaqilligi va beg`arazligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari bilan shug`ullanmasligi lozim.
Sudya zo`ravonlik, shafqatsizlik, millatchilik ruhidagi, shuningdek siyosiy va diniy mazmunga ega mitinglar, yig`ilishlar, namoyishlar shaklidagi ommaviy tadbirlarda ishtirok etmasligi kerak.
Oila a`zolari, yaqin qarindoshlari tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti to`g`risida sudya darhol belgilangan tartibda Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini ta`minlash bo`yicha sud inspektsiyasi (bundan buyon matnda Sud inspektsiyasi deb yuritiladi)ga to`g`ri axborot taqdim etishi lozim.31
Sudya o`zining voyaga etmagan farzandlarini boqish, tarbiya qilish bo`yicha majburiyatlarini bajarishi, ota-onasiga va boshqa mehnatga layoqatsiz oila a`zolariga g`amxo`rlik qilishi lozim.
Sudya sud resurslaridan shaxsiy maqsadda foydalanmasligi va xodimlarga shaxsiy ishlari bo`yicha topshiriqlar bermasligi kerak.
Muayyan ish hal qilinayotganda sudya biron-bir kishiga maslahat berishga va o`z fikrini bildirishga haqli emas.
Sudya shaxsan o`zi yoki ishonchli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish, shu jumladan tijorat tashkilotini boshqarishda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Sudya o`zi, turmush o`rtog`i va voyaga etmagan farzandlari olayotgan daromadlari hamda ularning manbalari to`g`risidagi, mulk huquqi va ashyoviy huquq asosida egaligida bo`lgan mol-mulki, shuningdek mulkiy xususiyatga ega majburiyatlari haqidagi axborotdan xabardor bo`lishi hamda bu haqdagi axborotni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Sudya har qanday tashkilot foydasiga mablag`lar yig`ishda ishtirok etmasligi, biron-bir shaxsni mablag`lar yig`ishda ishtirok etishga da`vat qilmasligi, shuningdek mazkur maqsadlar uchun sudyalik obro`sidan foydalanmasligi yoki boshqa shaxslar va oila a`zolarining foydalanishiga yo`l qo`ymasligi kerak.
Sud faoliyatining samaradorligi jamiyatning unga bo`lgan ishonchiga va sud tomonidan qabul qilingan qarorlarning huquqiy asoslarini to`g`ri tushunishiga bog`liq.
Jamiyatni sud faoliyati to`g`risida xolis, ishonchli va tezkor xabardor qilish maqsadida sudya ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik qilishi hamda sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida professional darajada yoritishga ko`mak berishi zarur, chunki bu nafaqat fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirishga va sudga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga, odil sudlov nufuzini oshirishga, balki ommaviy axborot vositalariga ham muhim ijtimoiy vazifaning bajarilishiga, ya`ni fuqarolarni barcha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli voqealardan xabardor etishga xizmat qiladi.
Sudya o`z faoliyatida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, shuningdek boshqa jamoat tashkilotlari bilan huquq, qonunchilik, sud tizimi, sud amaliyoti masalalari bo`yicha o`z ixtisosligi sohasidagi shaxsiy tajribasi va bilimlariga asoslangan o`z nuqtai-nazarini bildirish orqali hamkorlik qiladi. Bunda u mansabdor shaxslar tomonidan unga biron-bir ta`sir ko`rsatilishiga, shuningdek uning xolisligi, mustaqilligi va beg`arazligiga shubhalar tug`ilishiga yo`l qo`ymasligi lozim.
Sudya davlat organlari faoliyatini omma oldida tanqid qilish, fikr-mulohaza bildirish va baholashdan o`zini tiyishi zarur.
Agar davlat organlari va fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan tuzilgan qo`mita va komissiyalar ishidagi ishtiroki sudyaning kasbiy majburiyatlarini bajarishga to`sqinlik qilsa, jamiyatning sud hokimiyati obro`siga bo`lgan ishonchiga putur etkazsa yoki odil sudlovning xolisligi, mustaqilligi va beg`arazligiga shubha tug`dirsa, sudya ular faoliyatida ishtirok etmasligi lozim.
Sudya protsessual bo`lmagan aloqalarni, ya`ni muayyan sud ishi bo`yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari, prokuror, advokat, boshqa manfaatdor shaxslar bilan protsessual va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan har qanday muloqotni, agar ushbu harakatlar sudyaning xolisligi va beg`arazligiga asosli ravishda shubha tug`dirishi mumkin bo`lsa, istisno etishi lozim.
Sudya o`z majburiyatlarini bajarishi chog`ida olingan axborotni oshkor etishga haqli emas. Sudya o`z xizmat mavqei munosabati bilan o`ziga ma`lum bo`lib qolgan sir tutiladigan axborotdan sudyalik majburiyatlarini bajarish bilan bog`liq bo`lmagan maqsadda foydalanishi va (yoki) uni biror kishiga oshkor qilishi mumkin emas.
Turmushda odob-axloq me`yorlariga rioya etish sudya odob-axloqining ajralmas qismidir.
Sudya o`z majburiyatlarini bajarish chog`ida o`z diniy e`tiqodlari va mansubligini namoyish qilishdan o`zini tiyishi lozim.
Sudya o`zining tashqi ko`rinishi, kamtarligi va sipoligi bilan boshqalarga o`rnak bo`lishi lozim. Sudya e`tiborni haddan tashqari jalb etadigan darajada kiyinmasligi, taqinchoqlar va boshqa bezaklar taqmasligi kerak.
Sudya o`z oila a`zolarining sudyalar odob-axloq normalariga rioya etishini nazorat qilishi, biron-bir shaxsga nisbatan sudyaning obro`siga putur etkazishi mumkin bo`lgan qo`pol muomalada bo`lishiga yo`l qo`ymasligi shart.
Sudya o`z oila a`zolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar tomonidan uning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog`liq harakatlariga, shuningdek sud hujjatlarini qabul qilishiga ta`sir ko`rsatilishiga yo`l qo`ymasligi kerak.
Sudya advokatlik va boshqa huquqiy amaliyot bilan shug`ullanishga, yuridik xizmatlar ko`rsatishga haqli emas.
Sudya, agar bu O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo`lmasa va odil sudlovni amalga oshirishga to`sqinlik qilmasa, ilmiy, pedagogik, ijodiy va ijtimoiy faoliyat bilan shug`ullanishi mumkin.
O`z hamkasbining ushbu Kodeks qoidalarini buzganligidan xabar topgan har bir sudya unga Kodeks qoidalarini eslatib qo`yishi va bunday xulq-atvorga chek qo`yishi haqida ogohlantirishi kerak. Zarur bo`lganda ushbu Kodeks qoidalarining buzilganligi fakti yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga yoki tegishli sudyalar malaka hay`atiga murojaat qilishi lozim.
Sud hokimiyati obro`siga putur etkazgan va (yoki) sudya nomiga dog` tushirgan bo`lsa, bu holat sudyani belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo`ladi.
Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida
«Sudlar to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Quyidagi qarorlarning Sudyalarning malaka hay`ati to`g`risidagi nizomga doir qismi o`z kuchini yo`qotgan deb topilsin:
O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 2 sentyabrdagi «Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to`g`risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to`g`risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarori (O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil № 10, 370-modda);
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 14 dekabrdagi «Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi, Sudyalarning malaka darajalari to`g`risidagi, Sud xodimlarining mansab darajalari to`g`risidagi, Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi nizomlarga o`zgartishlar va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qarori (O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001 yil № 1-2, 12-modda).32
Do'stlaringiz bilan baham: |