MAVZU: “SOLIQLAR VA SOLIQQA TORTISH” FANINING PREDMETI VA O‘RGANISH USULLARI (2 SOAT)
Reja:
1.Soliq va soliqqa tortish fanining maqsadi, predmeti va vazifalari
2.Fanning o’rganish usullari.
Tayanch so’z va iboralar: maqsad, metod, predmet, soliq, soliq ob’ekti, soliq sub’ekti, soliq yuki, munosabat, amaliyot, nazariya, umumdavlat soliqlari, mahalliy soliqlar, soliq tizimi, byudjet, majburiy to’lov
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanini o‘qitishning zarurligi, predmeti va vazifalari
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining boshqa fanlar singari o‘ziga xos predmet va vazifalari mavjud. Bu fanni o‘qitishning zarurligi bozor iqtisodiyoti munosabatlari ichida soliq munosabatlarining ahamiyati o‘sib borayotganligidan kelib chiqadi. “Soliqlar va soliqqa tortish” fani soliq voqe’liklarini (harakatlarini) chuqur o‘rganish asosida zaruriy xulosalar chiqarib, ularni amaliyotga tadbiq etish yo‘llarini o‘rgatadi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fani soliq amaliyotidagi eng to‘g‘ri, eng mukammal va eng progressiv voqe’liklarni o‘rganib, amaliyot uchun xuddi bir dasturiy amalday yoritib boradi. Nazariya voqeliklarni amaliyotdan oladi va yana amaliyotga eng to‘g‘ri, ma‘qul va ilg‘or tajribalar olinib amaliyotga yo‘l ko‘rsatish uchun o‘rgatiladi. Demak, nazariya amaliyot uchun kerak va amaliyot uchun kompas, barometr, yo‘l boshlovchi vazifasini bajaradi. Nazariyasiz amaliyot yo‘ldan adashgan yo‘lovchidir. Nazariyani chuqur bilgan amaliyotchi har qanday o‘zgarishlarda ham ishlab keta oladi va yo‘ldan adashmaydi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanini o‘qitishning zarurligi amaliyotda yo‘ldan adashmaslik, keraksiz soliqlar bo‘yicha o‘zgartishlarga yo‘l qo‘ymaslik, amaliyotda istiqbolli qadamlar tashlash uchun va katta muvaffaqiyatlarga erishish uchun ham zarurdir. Soliqlar va soliqqa tortish fani soliq nazariyasi fani bilan chambarchas bog‘liqdir, uning maxsus bo‘limi, ya‘ni chuqurlashtirilgan va kengaytirilgan bo‘limidir. Chunki soliq nazariyasi qonuniyatlari umumiqtisodiy nazariya qonuniyatlaridan chetga chiqib keta olmaydi, ularga asoslanadi va rivojlantiriladi.
Soliq munosabatlari moliya munosabatlarining tarkibiy qismi bo‘lganligi bois, soliqlar va soliqqa tortish fani ham moliya nazariyasi fani bilan chambarchas bog‘liq. Soliqlar va soliqqa tortish fanining o‘ziga xos xususiyatlari soliq to‘lovchilar bilan davlat o‘rtasidagi majburiy xarakterga ega bo‘lgan pul munosabatlarini o‘rgatadi.
Soliqlar va soliqqa tortish fani davlat budjeti fani bilan ham o‘zaro bog‘liqdir. Chunki soliqlar oxir oqibatda budjet daromadlarini shakllantiradi. Soliqlar (daromadlar) bo‘lmasa budjet munosabatlarining o‘zi bo‘lmaydi. Bu fan chet mamlakatlar soliq tizimi, moliyaviy hisob, soliq qonunchiligi asoslari, soliqlarni prognoz qilish fanlari bilan ham chambarchas bog‘liqdir.
Har qanday fan o‘zining predmetiga, ya‘ni izlanish ob‘ektiga ega bo‘ladi. Masalan, texnologiya fanining predmeti bo‘lib kimyoviy moddalarning tarkibini o‘rganish hisoblansa, mashinasozlik fani uchun mashinalar mexanizmini xarakteristikasi bo‘lsa, soliqlar va soliqqa tortish fanining predmeti soliq munosabatlarini (harakatini), soliqlar mexanizmini har tomonlama o‘rganishdan iboratdir.
Fanning predmeti soliq voqe’liklari pul munosabatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ladi. Bu pul munosabatlari soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) bilan soliqni o‘z mulkiga aylantiruvchi (soliq oluvchi) davlat o‘rtasidagi munosabatlardir. Fanning mohiyati shu o‘rtadagi munosabatni chuqur o‘rganish, ularni to‘g‘ri tashkil qilishni ta‘minlashdir. To‘g‘ri tashkil etish deganda soliq munosabatida qatnashuvchi tomonlarning iqtisodiy manfaatini e’tiborga olish, muvozanatni saqlash kabi munosabatlarni tashkil qilish tushuniladi. Bu muvozanatni saqlashda tomonlar adolatlik va insoflik tamoyiliga amal qilishi zarur. Tushunarliroq qilib aytsak, budjetga soliqlarni olishda soliq to‘lovchilar bo‘yniga ortiqcha og‘irlik osmaslik, ularni o‘z ishlab chiqarishidan manfaatdorligini so‘ndirib qo‘ymaslik, ularning dasturlari va rejalarini tez - tez o‘zgartirishga olib bormaslik va hokazolarga e’tibor berish ko‘zda tutiladi. Bu yerda tomonlarning do‘stona munosabatda bo‘lishi, bozor iqtisodiyoti talablariga mos iqtisodiy munosabatlar bo‘lishini o‘rgatadi. Fanning predmetini chuqur o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, munosabatlarda bir tomonlama zo‘ravonlik munosabati bo‘lguday bo‘lsa, ikkinchi tomon unga javoban o‘z daromadlari, boshqa soliq ob‘ektlarini har xil yo‘llar bilan yashiradi. Bunday hollarda har qanday xuquqiy hujjatlarning ham kuchi etmay qolishi mumkin. Daromadlarni, soliq ob‘ektlarini yashirish holati ham munosabatlarni buzadi. Demak, soliqlar va soliqqa tortish fanini chuqur o‘rganish orqali amaliyotda soliq tushumlari rejalarini muvaffaqiyatli bajarish vazifasiga ham erishish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |