Soliq hisobi siyosatining mohiyati. Hisob siyosatini o‘rganishda asosan maqsad uning mohiyatini ochish, soliq hisobi siyosatini ishlab chiqish hamda uni metodik jihati to‘g‘risida bilimga ega bo‘lish.
Respublikamizda qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlarda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobni, shu jumladan soliq hisobini yuritishni tashkil qilish maqsadida «hisob siyosati»ni ishlab chiqish va tasdiqlash ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunida hisob siyosati o‘z aksini topmagan. O‘zbekiston Respublikasi 1-sonli buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS)da hisob siyosatiga quyidagicha ta’rif berilgan: «hisob yuritish siyosati deganda, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotlarni tuzish asoslari va qoidalariga mos ravishda usullarining qo‘llanilishi tushuniladi».
Buxgalteriya hisobining mutodologiyasi bilan bog‘liq muammolar doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham uning tarkibiy qismi bo‘lgan soliq hisobi metodologiyasini o‘rganishimiz zarur.
Soliq hisobi metodologiyasi quyidagilardan tashkil topadi:
Soliq hisobi siyosatini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Soliqqa tortish maqsadida soliq hisobida aks ettiruvchi hisob – soliq ko‘rsatkichlarini shakllantirish. Masalan, soliq hisobi registrlari asosida foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazani aniqlash.
Soliqqa tortiladigan bazani shakllantirish maqsadida soliq hisobi metodini aniqlash.
Umumqabul qilingan tamoyillari yo‘riqnomalarni soliqqa tortish maqsadiga yo‘naltirishning interpretatsiyasi. Buning asosiy mazmuni shundan iboratki, bu metod soliq hisobining fiksal funktsiyasini amalga oshiradi.
Soliq hisobi registrlari va soliqlar bo‘yicha hisob-kitob hamda boshqa soliq hujjatlar shaklini belgilash. Maxsus registlar, hisob-kitoblar va soliq hujjatlarni yuritish soliq hisobi metodologiyasining texnik usullari bo‘lib hisoblanadi.
Soliq hisobining registrlari: hisob-kitoblar, registrlardan iborat bo‘ladi.Soliq hisobi schyotlar rejasi va ishchi rejani ishlab chiqish hamda tasdiqlash.
Buxgalteriya hisobi turlari moliyaviy, boshqaruv va soliq hisoblari bo‘lgani singari hisob siyosati shu turlarga mos ravishda ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq. Shuni hisobga olgan holda hisob siyosatini umumiy tarkibiy qismini quyidagi 3.1- rasmda keltirilgan.
Respublikamizda chop etilgan me’yoriy hujjatlar va adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, bularda «Soliq hisobi siyosati» yoki «Soliqqa tortish maqsadi uchun hisob siyosati» tushunchalari o‘z aksini topmagan.