Oʻzbekistonda bu borada ahvol qanday?
— Yurtimizda yuqumsiz kasalliklar har yili barcha oʻlim holatlarining 78 foizining sababchisi boʻlmoqda. 2017-yilda jinsi va yoshi boʻyicha standartlashtirilgan oʻlim sabablari strukturasida birinchi oʻrinni qon aylanish tizimi kasalliklari, jumladan, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, insult va hokazo) egalladi (69 foiz). Ulardan keyin xavfli oʻsmalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish aʼzolari kasalliklari (3 foiz) joy oldi.
2014-2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda 18-64 yoshdagi aholi orasida oʻtkazgan oʻrganishlari salbiy natijalarni koʻrsatdi. Jumladan, aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarlicha isteʼmol qilmaydi (har kuni 400 grammdan kam), yarmi ortiqcha vaznga ega (tana vazni indeksi ≥25 kg/m2). Katta yoshdagi yurtdoshlarimizning har beshinchisida semizlik aniqlangan (tana vazni indeksi ≥ 30 kg/m2). Aholining 46 foizida qondagi xolesterinning ortgan darajasi qayd qilingan. Erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamaki isteʼmol qiladi. Aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim (≥ 140/90 mm Hg) qayd etilgan. 40-64 yoshdagi insonlarning beshdan bir qismida oʻn yillik yurak-tomir tizimi kasalliklarining rivojlanish xavf darajasi 30 foizdan ortiq. Odamlar orasida bir kunda isteʼmol qilinayotgan tuz miqdori oʻrtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa tavsiya etilgan koʻrsatkichdan (kuniga 5 grammdan kam) 3 baravar koʻp.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining baholashiga koʻra, 2016-yilda yuqumsiz kasalliklar yetkazgan iqtisodiy zarar taxminan 9,3 trillion soʻmni tashkil etgan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.
— Davlatimiz rahbarining 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tizimda qaysi oʻzgarishlarga asos boʻldi va siz rahbarlik qilayotgan markaz tomonidan uning ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Darhaqiqat, mazkur hujjat qabul qilingunga qadar profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi natijasida fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar koʻrish imkoni mavjud emasdi. Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasi pastligicha qolayotgani bois asosiy eʼtibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilardi.
Prezidentimiz qarori yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga asos boʻlmoqda. Ushbu hujjat ijrosi doirasida markazimiz tomonidan muayyan ishlar olib borilyapti. Jumladan, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish boʻyicha maqsadli dastur ishlab chiqildi. Davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha ommaviy tadbirlar oʻtkazyapmiz.
Xalqaro hamkorlikning samarali yoʻlga qoʻyilgani ishimizni yengillashtirmoqda. Jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi hamda boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga tatbiq qilindi. 40 yosh va undan katta aholi oʻzlari istiqomat qilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralari tomonidan reja asosida ommaviy skrining tadbirlari bilan qamrab olinmoqda. Oʻtgan davrda 1,3 milliondan ziyod insonlar yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilgan boʻlib, turli darajadagi yurak-qon tomir kasalliklari xavf omillari aniqlangan, shuningdek, birinchi marta yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlar qatʼiy nazoratga olindi.
Yurtimizda haftaning har shanba kuni “Salomatlik kuni” deb eʼlon qilinib, tibbiyot xodimlari ishtirokida ommaviy sport tadbirlari tizimli ravishda oʻtkazilyapti. Notibbiyot kasb-hunar kollejlarida “Sogʻlom turmush tarzi va oila” fani dars jadvaliga kiritildi. Tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida yangi yoʻnalish — nutritsiolog mutaxassisligini tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Jamoat joylari, supermarketlar, bozorlar, xiyobonlar va mahallalarda “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi”, “Salomatlik maydonchasi” tadbirlari, “Sogʻlom hayotga qadam tashla!”, “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz!” aksiyalari va taʼlim muassasalarida “Salomatlik darslari” orqali aholiga sogʻlom turmush tarzi tamoyillari keng targʻib qilinyapti.
Aytish kerakki, ushbu qaror asosida nafaqat bizning markazga, balki barcha davlat organlari va tashkilotlariga ham talaygina vazifalar yuklatilgan. Xususan, har bir muassasa xodimlar uchun ish kuni davomida gimnastika mashqlari, haftasiga kamida bir marotaba yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqa tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Salomatlik kuni” joriy etishi shart. Xodimlarning muntazam ravishda ommaviylashgan sport turlari boʻyicha musobaqalar va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarida qatnashishlarini ragʻbatlantirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |