Davlat hokimiyati - hokimiyatning ko‘proq sinfiy tabiatga ega bo‘lgan, maxsus majburlash apparatiga suyanadigan va hamma uchun majburiy qonunlar chiqarishda hamda boshqa normativ hujjatlarni tasdiqlashda monopoliyaga ega bo‘lgan shaklidir.
Hokimiyatning ko‘proq sinfiy tabiatga ega bo‘lgan, maxsus majburlash apparatiga suyanadigan va hamma uchun majburiy qonunlar chiqarishda hamda boshqa normativ hujjatlarni tasdiqlashda monopoliyaga ega bo‘lgan shakli davlat hokimiyatidir.
Davlat hokimiyati ommaviy-siyosiy xususiyatga ega bo‘lib, asosiy ijtimoiy vazifasi jamiyatni uyushtirish va boshqarishdan iborat. U muayyan tashkiliy shakllarda namoyon bo‘ladi, maxsus usullar va vositalar bilan amalga oshiriladi.
Hozirgi zamon demokratik jamiyatlarida davlat hokimiyati huquq vositasida, konstitutsiya tarzidagi qonunlarda institusional ko‘rinishda rasmiylashtiriladi.
Davlatning jamiyatni boshqarish faoliyati uning hokimiyatni amalga oshirishi orqali ifoda topadi. Shuning uchun ham davlat bilan davlat hokimiyat tushunchalari o‘rtasida nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagiga o‘xshagan farq bor deb aytish mumkin. Davlat hokimiyatining amaliy faoliyati dastur-rejalarda oldindan belgilangan, navbatma-navbat ishga solinadigan siyosiy mehanizmlar tizimini anglatadi. Mazkur ma’noda “davlat hokimiyati mehanizmi”, “davlat apparati”, “davlat mashinasi” va shu kabi atamalar, tushunchalar qo‘llaniladi. Demak, davlat hokimiyati – bu davlatning amal qilish jarayonini yo‘naltirib, uyg‘unlashtirib turish faoliyatida namoyon bo‘ladi va ifoda topadi.
Hozirgi dunyoda respublika boshqaruvi amal qilayotgan jamiyatlarning deyarli barchasida davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatlariga bo‘lingan. O‘z vaqtida, Arastu hokimiyatning uch turi mavjudligini aytib o‘tgan. Ammo, cheksiz hokimiyatni nazorat qilish va bo‘lish mexanizmi sifatida bu g‘oya ilk bor Jon Lokk (1632 — 1704) tomonidan 1688-yil ingliz "Shonli inqilobi" davrida monarx hokimiyatini parlament foydasiga cheklash masalasini hal qilish jarayonida mukammal ishlab chiqildi. Lokk xalq suvereniteti asosidagi konstitutsion hukumat amal qilishini, qonunlar parlament tomonidan ishlab chiqilib, hukumat ularni ijro etishi lozimligini talab etgan.
Ammo hokimiyatlar bo‘linishi g‘oyasining muallifi, deb Sharl Lui Monteske (1659 — 1753) e’tirof etiladi. U-yagona davlat hokimiyatini uch teng vakolatli va mustaqil qismga: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga ajratishni taklif etdi. Hokimiyatlarning hech biri cheksiz bo‘lishi yoki boshqalardan ustun bo‘lishi mumkin emas. Sud hokimiyati parlament va hukumatning konstitutsiya va qonunlarga amal qilishini kafolatlashi kerak bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |