Abu Nasr Farobiy (873 — 950) Arastu asarlarini chuqur o‘rganib, uning hatto xatolarini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘ldi. U faqat o‘rta asr Sharqiga emas, balki Evropa ilm ahliga ham katta ta’sir ko‘rsata oldi. Farobiy buyuk alloma, ya’ni olim sifatida 160dan ortiq asarlar yozib qoldirdi. Uning asarlari fanning turli sohalariga bag‘ishlangan bo‘lib hanuzgacha o‘z amaliy ahamiyatini yo‘qotgan emas. Olim «Ixson al ulum» asarida ilmlar klassifikatsiyasini yaratdi, 30 dan ortiq ilmlar ta’rifini berdi. Uning ta’limotiga ko‘ra ilmlar 5 turga bo‘linadi: 1) til, 2) mantik. 3) matematika. 4) tabiiy va iloxiy bilimlar 5) shahar haqidagi fanlar. Musiqashunoslik fani ham Farobiy nomi bilan bog‘liq. Olim ijtimoiy — siyosiy hayot to‘g‘risida «Fozil shahar aholisining raylari», «Baxt soadatga erishuv haqida» ilmiy asarlar yaratdi.
Farobiy davlatni boshqarishning turli shakllarini tahlil etdi. Har tomonlama etuk shaxsning davlat boshqaruvi (monarxiya), etuk hislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar boshqaruvi (aristokratiya), demokratiya kabi idora qilish usullarini olim qayd etdi. Farobiy har tomonlama etuk, barcha aholini baxt — soadatga, ilm — ma’rifatga olib beruvchi ideal jamiyatni orzu qiladi. Farobiy insonparvar, buyuk mutaffakir olim edi. XII asrdayok uning asarlari lotin tiliga o‘girila boshlandi.
Farobiy o‘rta asr Sharq mutafakkirlari orasida birinchi bo‘lib jamiyat va davlat muammolari haqida fikr yuritdi. Olim shahar-davlat birlashmasining hayoti va o‘ziga xosligi, davlatning funksiyalari va uni boshqarish shakllari; davlat birlashmasining vazifalari va pirovard maqsadi, yalpi birlashuvga erishishning yo‘llari va usullari kabi masalani ko‘rib chiqdi.
Davlatning paydo bo‘lishi va faoliyat ko‘rsatishiga Farobiy odamlarning birlashishga bo‘lgan tabiiy intilishlarining natijasi sifatida qarali. U har bir insonning pirovard maqsadi - baxtga erishish deb hisobladi. Ammo inson unga yakka o‘zi erisholmaydi. Buning uchun ko‘p odamlarning birgalikdagi kuch-g‘ayratlari va faoliyati hamda ana shu faoliyat uchun sharoit yaratuvchi va uni yo‘naltiruvchi muayyan ijtimoiy tashkilot zarur.
Farobiy, davlatning normal faoliyat ko‘rsatishi ko‘p jihatdan uning qanday boshqarilayotganiga bog‘liq, deb hisoblangan va shu bois hukmdorning shaxsiga katta ahamiyat bergan. Uning fikricha, hukmdor muayyan aqliy va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi, boshqaruvning umumiy qonunlarini bilishi va mamlakat aholisini o‘z ortidan ergashtira olishi, odamlarni tarbiyalashi, ularning hatti-harakatlarini umumiy baxt-saodatga erishishga yo‘naltirishi va ularni ana shunday faoliyatni amalga oshirishga undashi lozim.
Farobiy dono hukmdor boshchilik qiladigan mutlaq monarxiya tarafdori edi, hukmdor atrofida intellektual elita turishi kerak deb hisoblar, shu bilan birga, agar hukmdor unga zarur bo‘lgan barcha sifatlarga ega bo‘lmasa, davlatni jamoaviy tarzda boshqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin, deb bilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |