Spartak boshchiligidagi qullar qo’zg’oloni bilan bir vaqtda Mitridat bilan (er. avv. 74-64-yillar) yangi urush boshlandi. Mitridat haqiqiy sharq despoti bo’lib, o’z onasi, ukasi, o’zi bilan nikohda bo’lgan singillarini, 3 o’g’li va 3 qizini o’limiga aybdor edi. U 300 ming kishilik qo’shinga, 400 kemadan iborat kuchli flotga ega edi. Dastlab Rim qo’shinlariga tajribali sarkarda Likulli boshchilik qilib bir qancha yutuqlarga erishdi, lekin Mitridatni yenga olmadi. Bundan tashqari u qattiqqo’lligi bilan legionerlarning noroziligini tug’dirdi. Shunda senatning irodasiga qarshi xalq yig’ini sharqda qo’mondonlikni Gney Pompeyga topshirdi Gney Pompey Sulla davrida tanilib, fuqarolar urushi davrida Sullani qo’llagan edi. Keyin esa uni Spartakka qarshi Krass qo’shiniga yordamga yubordilar. Er. avv. 70-yilda Pompey va Krass konsul etib saylandilar, Krass ovatsiya (piyoda triumf)da, Pompey triumfga sazovor bo’ldi, Pompey qo’shinlari rag’batlantirildi. Pompey o’rtayerdengizi qirg’oqlarini talagan dengiz qaroqchilarini tugatib, Rimda katta obro’ga ega bo’ldi. G’ayratli sarkarda Pont podshosini tor-mor qilib, Armanistonni vassal davlatga aylantirdi. Pompey Bosfor podsholigida Mitridatga qarshi qo’zg’olon uyushtirib uni o’zini o’ldirishiga majbur qildi hamda Suriya va Yahudiyani istilo qildi. Kichik Osiyoda Rim hokimiyatini qayta tikladi. Urushdan keyin Rimda uning sharafiga zafar (triunf)uyushtirildi va Pompey sharqda 22 podsho ustidan g’alaba qildi, 12 mln. kishini bo’ysundirdi, 1538 shahar va qal’alarni istilo qildi deb e’lon qilindi. Pompeyning sharq yurishi ellin sharqi mamlakatlarini Misrdan tashqari Rimga bo’ysundirishni tugalladi Tsezar hokimiyat uchun kurashda shahar va qishloq plebsi, uning mustahkam tayanchi bo’lib xizmat qila olmasligini tushunar edi. Buning uchun yaxshi qurollangan sadoqatli qo’shin kerak edi. Bu qo’shinni tashkil qilish uchun katta miqdorda mablag’ topish maqsadida Tsezar Galliya provinsiyasiga 5 yil noiblik lavozimini olishga erishdi. Lekin Galliya hali Rimga tobe emas edi. Senat Galliyani bo’ysundirish uchun Tsezarga qo’shin to’plashga ruxsat berdi. Galliyani istilo qilish yeti yil davom etdi. Boshda Tsezar gelvet (hozirgi Shvetsariya hududida yashovchi) qabilasiga qarshi, keyin esa german qabilalaridan bo’lgan Ariovis boshchiligidagi svevlarga qarshi ularni harakatlarini olib bordi. Nihoyat belg qabilalri bilan keskin kurashdan keyin Galliya bo’ysundirildi va er. avv. 57- yilda Rim provinsiyasi deb e’lon qilindi. Er. avv. 56-yil bahor oyida Tsezarning Galliyadagi vakolati yana 5 yilga uzaytirildi. Tsezar er. avv. 55-yilda german qabilalariga qarshi Reyn ortiga, er. avv. 54-yilda esa Britaniyaga yurish qildi
Do'stlaringiz bilan baham: |