Defitsitli bozorda xaridorlar ham raqobatlashadi, bunda ular tovarni ko’proq miqdorda olishga intiladi. Bunday hol ko’proq bozorga arzonlashtirilgan tovarlar tashlanganda yuz beradi, chunki narx past bo’lganidan tovarga talabgorlar soni ko’payadi, ular tovarlarni talashib oladilar. Masalan, qish-ko’klam mavsum tugab qolganda shu mavsumga mo’ljallangan tovarlar qoldig’ini sotib yuborish uchun firmalar ular narxini hatto 2-3 marta tushiradilar. Shunda xaridorlar o’rtasida arzon tovarga ega bo’lish uchun raqobat kelib chiqadi. Xaridorlar raqobati resurslar bozorida ham yuz beradi. Bu yerda ishlab chiqaruvchi firmalar sifatli va arzon resurslarni olib qolish uchun raqobat qiladilar, chunki bunday resurlardan foydalanish xarajatlarni pasaytirib, foydani oshirish imkonini beradi.
Mehnat bozoridagi raqobat ishga yollovchilar o’rtasida ketganda, ular malakali ish kuchini ko’proq sotib olishga intiladilar, chunki bu bilan mehnat unumdorligini oshirishga muyassar bo’linadi. Mehnat bozorida ishchi va xizmatchilar raqobatlashganda ular yaxshi ish o’rniga ega bo’lishga intiladilar. Bunday ish o’rni yuqori haq beriladigan, mehnat sharoiti qoniqarli, tezda tugatilmaydigan va kelajakda mansabda o’sish imkoni bor ish o’nidir. Ish o’rni uchun raqobat ishga joylashgan kezlarda ishlab turganlar bilan ishga kiraman, deganlar o’rtasida kechadi. Tashqaridagi ishchi yoki xizmatchi ish o’rnini band etishga intilsa, ishlovchi uni qo’ldan chiqarmaslikka harakat qiladi.
Moliya bozoridagi raqobat sotuvchilar o’rtasida yuz berganda, qimmatli qog’ozlar emitentlari (ularni chiqaruvchi firmalar) o’rtasida kurash ketadi. Bundan maqsad korporativ aksiya va obligatsiyalarni qulay narx bilan sotib, o’z ishiga tashqaridan ko’proq pulni jalb etish bo’ladi. Bu yerdagi xaridorlar esa serdaromadli va kelajakda narxi oshadigan qimmatli qog’ozlarni sotib olishga intiladilar.Qimmatli qog’ozlar xususidagi raqobat fond birjalarida boradi. Bu yerdagi raqobat birja spekulyatsiyasi yuz berganda avjiga chiqadi. Birja chayqovchilari (brokerlar, dillerlar) payt poylab aksiyalar narxi tushganda ularni ko’plab sotib olish, narx oshishi bilan ularni ko’plab sotib yuborish uchun kurashadilar, chunki bu g’oyat katta miqdordagi chayqovchilik foydasini keltiradi. Pul bozoridagi raqobatda banklar va parobank (bankdan tashqari) tashkilotlari qatnashadi. Bu yerdagi kurash mijozlar pulini ko’proq bank depozitlariga jalb etish, keyinchalik uni qarz so’rovchilarga qulay shartlar bilan berish uchun, shuningdek, mijozlarga ko’proq pul operatsiyalari bilan bog’liq xizmatlarni ko’rsatish uchun boradi.
Davlat bozoridagi raqobatda ko’pincha xaridorlar qatnashadi. Bu yerda davlat buyurtmalarini olish uchun firmalar raqobatlashadi. Shu maqsadda ular davlat o’tkazadigan tenderlarda (maxsus ulgurji savdo) qatnashadilar. Tender ishtirokchilari davlat buyurtmalarini bajarish yuzasidan o’z takliflarini taqdim etadi. Davlat uchun eng qulay taklif bergan firma raqobatda yutib chiqadi. Masalan, davlat xaridi uchun sifatli va arzon tovarlarni taklif etgan, ularni aytilgan hajmda va o’z vaqtida kanda qilmay yetkazib beradigan firmalar g’olib chiqadi.
Raqobat faqat milliy bozorda emas, balki jahon bozorida ham bo’ladi. Jahon bozoridagi raqobat quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi:
Agar milliy bozordagi raqobatda ko’pchilik sotuvchilar va xaridorlar – iste’molchilar qatnashsa, jahon bozoridagi raqobatda saylangan, ya’ni taniqli va yirik firmalar ishtirok etadilar;
Agar milliy bozordagi raqobatda oddiy xaridor – iste’molchi qatnashsa, jahon bozoridagi kurashda u ishtirok etmaydi.
Milliy bozordagi raqobatda davlat hech kimning yonini olmaydi, jahon bozoridagi raqobatda esa davlat o’z milliy firmalariga yordam beradi.
Bozorda raqobat bevosita yuz bersa, bozordan tashqarida, xususan ishlab chiqarishda unga hozirlik ko’riladi, raqobatda g’olib chiqish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarishni raqobatga hozirlash, u yerda bozorbop, raqobatga qobil tovarlar ishlab chiqarishni bildiradi. Raqobat kurashida ishlab chiqarishdagi novatsiya alohida ahamiyatga ega bo’lib, bu esa, o’z navbatida, investitsion faollikni talab qiladi.
Bozor sharoitida raqobat yaxshi ishlaganlar, ishning ko’zini biladiganlar yutib chiqishini bildiradi. Raqobat iqtisodiy resurslarni tejab-tergab ishlatish, harajatlarini qisqartirish hisobiga ko’plab, sifatli tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishga undaydi. U xo’jalik yuritishning eng samarali usullarini yuzaga keltiradi, tezlikda fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilishni tezlashtiradi. U ishlab chiqarishni o’sishga, iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga olib keladi, raqobat iqtisodiy o’sishni ta’minlaydiki, o’z navbatida raqobat doirasi kengayadi. Shuning uchun ham raqobat bozor iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Raqobat tovar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar o’rtasida tovarlarni qulay sharoitda ishlab chiqarish va foyda beradigan narxda sotish, iqtisodiyotda o’z mavqeini mustahkamlash uchun kurashdan iborat bo’lib, ular zarur ishlab chiqarish vositalari, hom-ashyo va materiallarni sotib olish, ishchi kuchini yollash uchun kurashadilar.
Resurs yetkazib beruvchilar o’zlarining iqtisodiy resurslarini – capital, yer-suv, ishchi kuchini – yuqori narxlarda sotish uchun raqobat qiladilar.
Raqobat tufayli ishlab chiqaruvchilar o’rtasida sarflangan xarajatlarning har birligi evaziga ko’proq foyda olish uchun sotish doiralari, ya’ni qulay bozorlar uchun, arzon hom-ashyo, energiya va arzon ishchi kuchi manbalari uchun ular o’rtasida kurash boradi.
Nima uchun raqobat mavjud? Birinchidan, bozor sharoitida ishlab chiqaruvchilar tadbirkor va mulk egasi sifatida erkin va mustaqil faoliyat yuritadi, har bir mulk egasining manfaati mavjud bo’lib, u shu manfaatini qondirishga intiladi. Mulk egasining tovar ishlab chiqarish va xizmatlar yaratish soxasidagi faoilyati shu manfaatga bo’ysindiriladi. Shuning uchun ham raqobat erkin iqtisodiy faoliyat qiluvchi subyektlar manfaatlarining to’qnashuvining natijasi bo’lsa, ikkinchidan, raqobatning mavjud bo’lishi tovar-pul munosabatlari rivojlangan bozor tizimini amal qilishi natijasidir.
Raqobatning asosiy sohasi bozor, chunki unda erkin iqtisodiy subyektlarning alohidalashgan manfaatlari to’qnashadi.
Raqobatning iqtisodiyotdagi ahamiyati beqiyos bo’lib, raqobat mavjudligi tufayli ishlab chiqarishda, muomalada ijtimoiy normal sharoitlar vujudga keladi, raqobat doimo yangilikka, ilg’orlikka yo’l ochadi, bozorda samarasiz, qoloq xo’jaliklar faoliyatini cheklaydi, samarali ishab chiqarishga o’rgatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |