Qoraxoniylarning Movarounnahrga hujumi. Qoraxoniylar endi Xurosonni ham o‘z davlatiga qo‘shib olish uchun harakat qiladilar. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay qoraxoniylar va g‘aznaviylar o‘rtasida shiddatli urushlar boshlanadi. 1006- va 1008-yillarda qoraxoniylar Xuroson ustiga ikki marta qo‘shin tortadilar. Lekin Mahmud G‘aznaviy qoraxoniylarga zarba berib, Xurosonni o‘z davlati tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi.G‘aznaviylarning saljuqiylar bilan jiddiy kurashi boshlanadi.Bundan foydalangan qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo‘ritegin 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari –Xuttalon, Vaxsh va Chag‘oniyonni g‘aznaviylardan tortib oladi. Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketadi. Biri poytaxti Bolasog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Bu g‘alabalardan so‘ng Ibrohim Bo‘ritegin “bug‘roxon” unvonini olgan.
Qoraxoniylar davlatining bo‘linishi. Qoraxoniylar davlatni viloyatlarga bo‘lib idora qilardilar. Ularni eloqxon yoki takin (yoki tegin)lar boshqarardilar. Hokimlari faqat qoraxoniylar xonadonining eloqxon unvoniga sazovor bo‘lgan a’zolaridan saylanar edi.eloqxonlar o‘z nomlari bilan chaqa-tangalar zarb qilar va viloyatlarning mustaqilligi uchun intilar edilar. Movarounnahr eloqxoni qoraxoniy eloqxonlari orasida katta obro‘ga ega edi. U Samarqandda taxtga o‘tirgan. Viloyat boshqaruv ma’muriyatida somoniylar davridagidek boshqaruv mahkamasi bo‘lgan. Shaharlar esa shahar hokimi, raislar tomonidan boshqarilardi. Qoraxoniylar mamlakatda o‘z hukmronligini mustahkamlab olishda musulmon ruhoniylari bilan yaqin va do‘stona munosabatlar o‘rnatadilar. Bu davrda imomlar, sayyidlar, shayxlar va sadrlarga e’tibor kuchayib, ularning obro‘yi har qachongidan ham balandga ko‘tariladi.Qoraxoniy hukmdorlari garchi bu davrda hali o‘troq hayotga ko‘chmagan bo‘lsalar ham, dehqonchilik vohalari va shaharlarning madaniy ahamiyatini yaxshi anglar edilar. Ular Bolasog‘un, Koshg‘ar, Taroz, O‘zgan, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarni davlat yoki viloyat poytaxtiga aylantirib, shaharlar bilan aloqa bog‘lashga harakat qiladilar.