Qog‘oz pullarning muomalaga kiritilishi jamiyatda ijtimoiy – iqtisodiy voqelik bo‘lib, ushbu jarayon o‘zi bilan birgalikda qator muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolarning asosiysi inflyatsiya hisoblanadi. Qog‘oz pullarning muomalaga chiqarilishi natijasida inflyatsiya muammosining paydo bo‘lishini asosiy sabablaridan biri, ushbu pullar haqiqiy qiymatga ega bo‘lmagan, ya’ni haqiqiy pullarning o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Jamiyatda tovar – pul munosabatlarining jadal rivojlanib borishi natijasida, kishilar o‘rtasida ayirboshlash hajmi misli ko‘rilmagan darajada o‘sib bordi. Bu jarayon oltinlarni saqlash va ularning xavfsizligini ta’minlash borasida qator muammolarni keltirib chiqara boshladi. Bularni bartaraf etish maqsadida oltinlarni saqlab berish evaziga daromad oluvchilar paydo bo‘ldi16 . Oltin saqlovchilar asta – sekinlik bilan odamlarning ishonchiga kirib borishi natijasida kishilar vaqtinchalik bo‘sh oltin tangalarini ma’lum haq to‘lash evaziga ularga topshira boshladi. Oltin saqlovchi oltinlarni saqlar, ularning xavfsizligiga javobgar edi, shuningdek, kimga, qachon va qancha oltin kerak bo‘lsa tegishli yozuvlarni (oltinni olganligini tasdiqlovchi tilxatlar) yuritgan holda bera boshladi.
Bu jarayon shu darajada rivojlanib ketdiki, barcha taniqli va yetarli darajada ishonchga ega bo‘lgan oltin saqlovchilarning tilxatlari muomalada to‘lov vositasini bajara boshladi. Dastlab muomalaga chiqarilgan qog‘oz pullar to‘lig‘icha oltin bilan ta’minlangan edi. Keyinchalik esa oltin saqlovchining kasodga uchrashi, yoki odamlarning ishonchini suiste’mol qilishi natijasida muomalada ta’minlanmagan qog‘oz pullar paydo bo‘la boshladi. Natijada ushbu pullar oltin saqlovchilarga taqdim etilganda ular buning evaziga oltin tangalar berishdan bosh tortdi. Bularning barchasi mamlakatda pul muomalasini izdan chiqishi oqibatida xo‘jalik yuritish va hisob – kitoblarni amalga oshirishda tanazulliklarni keltirib chiqardi. Aynan shu jarayonda davlat qog‘oz pullarni tartibga solish va yagona emissiya qilishni o‘z qo‘liga oldi. Buning uchun alohida davlat banki, ya’ni Markaziy bankni tashkil etdi, unga muomalaga qog‘oz pullarni chiqarish, pul muomalasini tartibga solish vazifalari yuklatildi. Tijorat banklari esa muomalga naqd pullarni emissiya qilish huquqidan mahrum etilib, mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatadigan tijorat muassasalariga aylantirildi.
Banklarning rivojlanishi, o‘zaro to‘lovlar va hisob – kitoblar hajmining ortishi, shuningdek, texnika va texnologiyaning takomillashuvi natijasida XX asrning ikkinchi yarmidan elektron pullar vujudga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |