Pulning natural ko‘rinishidan metall tanga shakliga o‘tishi, yuqorida ta’kidlanganlardan tashqari quyidagi omillar muhim ahamiyat kasb etgan.
1.Kishilar metallarga turli shaklda ishlov berishni kashf etilishi. Ta’kidlaganimizdek, bolta va shunga o‘xshash temir qurollardan pul vositasi sifatida foydalanilgan, lekin ularni puldan foydalnishning metall davri deb yurita olmaymiz. Chunki, ushbu mehnat qurollarining funktsiyalari boshqa bo‘lgan. 2.Davlatchilikning paydo bo‘lishi. Metall kashf etilib, odamlarga unga ishlov berish yo‘llari ma’lum bo‘lgandan so‘ng, ma’lum hudud va qabilalar alohida kishilarning hukmronligi, xonligi va qirolligi ostida boshqarila boshlandi. Bu o‘z o‘zidan o‘sha davrning hukmroni, xoni yoki qirolining maqieni oshirish, o‘zining chegaralarini mustahkamlash va qonunlarini yuritish zaruriyatini keltirib chiqardi.
3.Kishilar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining ortib borishi natijasida ushbu jarayonning murakkablashuvi. Masalan, dehqon bir qop bug‘doyni bitta boltaga ayirboshlashi uchun temirchi kosibning hoxishi dehqonning hoxishiga mos kelishi lozim. Ya’ni mazkur holatda, temirchining bir qop bug‘doyga ehtiyoji bo‘lishi kerak. Biroq, temirchiga bir qop bug‘doy emas, balki bitta qo‘y kerak bo‘lsa, u holda dehqon bug‘doyni qo‘yga almashtirishi, so‘ngra qo‘yni temirchiga olib kelib bitta boltaga almashishi zarur bo‘lar edi. Ko‘rinib turibdiki, kishilar o‘rtasida mehnat taqsimotining chuqurlashuvi va ayirboshlash hajmining ortishi natural pullarni to‘lov vositasi sifatidagi vazifasini amalga oshirish imkoniyatlarini chegaralab qo‘ydi.
4. Natural shakldagi pullarni saqlash va olib yurishning qiyinligi. Alabatta, o‘sha paytlarda pulning vazifasini bajargan bolta yoki boshqa mehnat qurollarini saqlash qiyin bo‘lmagan bo‘lsada, lekin ularni olib yurish va xavfsizligini ta’minlash odamlarga turli noqulayliklarni keltirib chiqargan. Pulning vazifasini bajargan bug‘doy, jun, qo‘y yoki boshqa shunga o‘xshash narsalar esa vaqt o‘tishi bilan buzilgan, o‘zining dastlabki xususiyatini yo‘qotgan. Shu bilan birga, ularni olib yurish, ayniqsa saqlash ham odamlarga qo‘shimcha tashvish keltira boshlagan. Bularning barchasi natural pullar o‘rniga metall pullarni muomalaga to‘lov vositasi sifatida kirib kelishiga zamin yaratdi. Dastlab metall tangalar qora rangli temirlardan slitka ko‘rinishida tayyorlangan bo‘lsa, keyinchalik to‘rtburchak, uchburchak, yumaloq ko‘rinishdagi tanga shaklini olgan. Vaqt o‘tishi bilan temir tangalar o‘rnini bronza, kumush va oltin egalladi. Muomalada metall tangalar, ayniqsa oltin tangalar pulning vazifasini bajarganda iqtisodiyotda pul muomalasini tartibga solishga ehtiyoj bo‘lmaydi. Chunki, qimmatbaho metallar haqiqiy qiymatga ega bo‘lgan asl pul hisoblanib, uning hajmi tovar massasasiga nisbatan avtomatik tarzda tartibga solinib boriladi. Ya’ni, agar iqtisodiyotda tovar massasi oltin massasi (qiymati)ga nisbatan kam bo‘lsa muomaladagi ortiqcha oltin tangalar boylik sifatida xazinaga joylashtiriladi. Agar, aksincha, muomalada oltin tangalar massasi tovar massasiga nisbatan kam bo‘lsa boylik sifatida xazinaga joylashtirilgan mablag‘lar muomalaga chiqarish orqali o‘zaro muvozanat ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |