2. Potensiometriyada ishlaydigan asbob va uskunalar;
3. Analiz natijalari.
XULOSA
Yuqoridagi formulaga binoan elektrod potensiali potensialni belgilovchi M moddaning aktivligiga bog`liq bo`lganligi uchun elektrod potensialini o`lchash yordamida M moddaning aktivligi (konsentratsiyasi) aniqlanishi mumkin. Elektrod potensiali bilan aktivlik orasidagi ushbu bog`liqlik bo`yicha turli sistemalardagi muvozanat jarayonlarini aniqlash mumkin. Agar kimyoviy reaksiya davomida elektrod potensiali o`zgarsa, bu o`zgarish yordamida eritmadagi modda konsentratsiyasining o`zgarishini va titrlashning oxirgi nuqtasini topish mumkin. Potensiometrik analiz sanoatning turli sohalarini kimyoviy-tahliliy nazorat qilishda va moddalarning miqdorini aniqlashda keng qo`llaniladi.
Potensiometriya usuli o`tgan asrdan ma`lum bo`lsa-da, u Zyorensen pH haqidagi tushunchani fanga kiritgandan (1909-y.) so`ng tez rivojlanib ketdi. Potensiometrik analiz bevosita va bilvosita usullarga bo`linadi. Bevosita potensiometriya usulida potensialni belgilovchi moddaning aktivligi elektrod potensialini aniqlash asosida topiladi. Bu usul ionlarning aktivligini to`g`ridan-to`g`ri aniqlashga imkon beradigan yagona usul hisoblanadi. U quyidagi turlarga bo`linadi: pH-metriya — eritmalarning pH qiymati, kislota va asoslarning (protolitlarning) kislota-asosli konstantalari, protolitik xususiyatga ega bo`lgan kompleks birikmalarning barqarorlik konstantalari va shu kabilarni aniqlashga imkon beradi. Ionometriya —pH-metriyaning rivojlanishi natijasida mustaqil usul sifatida shakllangan zamonaviy usullardan biri. Bu usulda indikator elektrodi vazifasini turli xil ion selektiv elektrodlar bajaradi.
Oksredmetriya — oksidlanish-qaytarilish reaksiyalari va oksred juftlarning potensiallarini tekshirishga asoslangan usul bo`lib, uning yordamida oksred juftlarning standart va real potensiallari, ular yordamida esa turli xil konstantalar hamda kinetik kattaliklar aniqlanadi. Bevosita potensiometrik usullar kimyoviy va elektr kimyoviy reaksiyada qatnashuvchi elektronlar soni, kimyoviy reaksiyalarning stexiometrik va aktivlik koeffitsientlari kabilarni aniqlash imkonini beradi. Bilvosita potensiometriya usuli qisqa tarzda potensiometrik titrlash deb yuritilsa-da, aslida titrlashning oxirgi nuqtasini potensiometrik aniqlash deb qaralmog`i lozim . Potensiometrik titrlash usullari kislota-asosli (protolitometrik), oksidlanish-qaytarilish (oksredmetrik), komplekslanish va cho`ktirish reaksiyalari asosida moddalarni aniqlash va tekshirish uchun keng qo`llaniladi. Shu negizda moddalarning konsentratsiyasigina emas, balki ularning turli xil konstantalarini ham aniqlash mumkin.