Bog'liq O’ZBEKISTONDA HAYOT SUG’URTASINI USTUVOR YUNALISHLARI
1. Hayot sug’urtasi tarixi va tushunchasi Insonlarning hayot va sog‘liq riski bo‘yicha pul fondlarining shakllanishi va zararni taqsimlash haqida antik davrga xos bo‘lgan ko‘plab fikr mulohazalar mavjud. Dalillarga ko‘ra, Rim professional va harbiy jamoalarining kassalarini, shuningdek dafn uchun tashkil etilgan kassalarni ilk o‘zaro kassalar deb hisoblashimiz mumkin. Rim jamoasining nizomida oddiy a’zolariga umumiy kassa uchun davriy a’zolik badallarini shakllantirish vazifasi yuklatilgan. Bundan maqsad shuki, jamoa a’zolari o‘lim yoki baxtsiz holat yuz bergan holatda dafn marosimi xarajatlari, nogironlik xarajatlari, halok bo‘lgan fuqaroning oilasiga moddiy yordam ko‘rsatish xarajatlarini ushbu kassadan to‘lab berganlar.
Rossiyada hayot sug‘urtasi biroz keyinroq vujudga keldi. XVIII asr oxirlarida davlat buyrug‘i bo‘yicha ruscha negizda sug‘urta munosabatlarini joriy qilishga urinish boshlandi. 1771 yilda yagona g‘azna to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra bu tashkilot davlat hayot sug‘urtasi bo‘yicha ko‘rsatmalar berishi zarur bo‘lgan, ammo bu amaliyotda o‘z tasdig‘ini topmagan. Faqatgina 1860 yilga kelib birinchi o‘zaro shaxsiy sug‘urta tashkiloti paydo bo‘ldi. Bu buyurtmachilar, tipografik va hunarmand ishchilarning o‘zaro sug‘urta jamiyati hisoblangan. Davriy sug‘urta to‘lovlarini to‘lash orqali jamiyat a’zolari kasal bo‘lgan, ishsiz, tibbiy yordam olish, kam miqdorda pensiya tayinlangan holatlarda mablag‘ olish huquqini qo‘lga kiritganlar.
Hayot sug‘urtasining ilk ildizlari qadimgi Hindistonga borib taqaladi. Hindiston xalqi yordamga muxtoj bo‘lganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida pul fondlari tashkil qilganlar. Ushbu pul fondlaridan yordamga muxtoj bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan aholi qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatganlar.
Birinchi hayot sug‘urtasi jamiyati Angliyada 1706 yilda tashkil etilgan. XIX asr oxirlariga kelib hayot sug‘urtasi jamiyatlari butun G‘arb davlatlari orasida shakllanib bo‘ldi.
Hayot sug‘urtasining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga quyidagilar sabab bo‘lgan deb hisoblash mumkin.
1) oila boquvchisidan ajralish yoki oila boshlig‘ining daromad olishining yo‘qolishidan oilani himoya qilish zarurati;
2) biznes bo‘yicha hamkorning, korxona rahbarining yoki muhim xodimning vafot etishi natijasida korxonaning faoliyat ko‘rsatishining va biznesning davomiyligining yo‘qolishidan himoyalanish zarurati;
3) zayom, ssuda yoki ipoteka krediti olish uchun kafolatga ega bo‘lish;
4) jamg‘arma tashkil etish;
5) merosni himoya qilish, jumladan:
- hayot sug‘urtasi polisi hisobidan meros solig‘ini to‘lash;
- merosxo‘rlardan biriga meros mulkini o‘tkazishni engillashtirish;
6) dafn marosimi xarajatlarini to‘lash;
7) shaxsiy sug‘urtaning sug‘urta mukofotlari va sug‘urta qoplamalari bo‘yicha soliq imtiyozlarining mavjudligi, jumladan:
-to‘langan sug‘urta mukofotlari to‘lanadigan daromad solig‘ining kamaytirilishiga olib keladi;
-sug‘urta qoplamalari soliqdan ozod qilinadi, mulk meros bo‘lib o‘tgan holatda meros solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi va boshqa shu kabi soliq imtiyozlari bo‘lishi mumkin.
Hayot sug‘urtasi turlari quyidagi belgilari bo‘yicha bir-biridan farqlanadi.
Sug‘urta predmeti bo‘yicha:
-vafot etishdan sug‘urtalash:
-ma’lum yoshgacha etish bo‘yicha sug‘urta;
-hayotni aralash sug‘urtasi (vafot etish va ma’lum yoshga etish).
Sug‘urta mukofotlarini to‘lash tartiblari bo‘yicha:
-sug‘urta mukofotini bir martada to‘lash belgilangan sug‘urta shartnomasi;
-sug‘urta mukofotini shartnoma amal qilishi davomida bo‘lib to‘lab borish belgilangan sug‘urta shartnomasi.
-hayotni bir umrga sug‘urtalash;
-hayotni ma’lum davrga sug‘urtalash.
Sug‘urta qoplamasining turi bo‘yicha;
-qat’iy belgilangan sug‘urta summasiga asoslangan sug‘urta;
-kamayuvchi sug‘urta summasiga asoslangan sug‘urta;
-ko‘payuvchi sug‘urta summasiga asoslangan sug‘urta;
-chakana narxlar indeksining ko‘tarilishiga muvofiq ravishda sug‘urta summasining ortishiga asoslangan sug‘urta;
-sug‘urtalovchining daromadida ishtirok etish hisobidan sug‘urta summasining ko‘payishiga asoslangan sug‘urta;
-sug‘urta mukofotini maxsus investitsiya fondlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirish natijalari bo‘yicha sug‘urta summasini belgilashga asoslangan sug‘urta.