Anton Semyonovich Makarenko (1888-1939)«Pedagogik poema», «Minoralardagi bayroqlar», «o’ttizinchi yillar marshi», «Ota-onalar kitobi», «Bolalar tarbiyasi to’g’risida lektsiyalar», «Ta’lim-tarbiya tajribasidan ba’zi xulosalar» kabi asarlarida va bolalar tarbiyasiga oid bir qator metodik tavsiyalarida oiladagi tarbiya ishlari, intizom, ota-onalar obro’si, mehnat tarbiyasi, jismoniy tarbiya, o’yin, madaniy malakani oshirish kabi dolzarb mavzularda yozilgan bo’lib, unda yoshlarni chidamli, irodali, quvnoq, axloqli, hech qanday qiyinchiliklardan qo’rqmaydigan, haqiqiy vatanparvarlar qilib tarbiyalash g’oyalari ilgari surilgan.
Badiiy pedagogik asar sifatida jahon adabiyotida «Pedagogik poema»ga teng keladigan asar yo’q. Bu kitob kishiga cheksiz ishonch va muhabbat, insonparvarlik ruhi bilan sug’orilgan, muallif unda kishilarni qayta tarbiyalash, jamiyatimizning faol a’zolari qilib tarbiyalashda yangi pedagogik tajribani, ish usullari va metodlarini batafsil tasvirlab bergan.
«Pedagogik poema» – bolalar jamoasi hayotini realistik asosda har tomonlama keng tasvirlab bergan asardir. Kitobning mavzui boqimsiz bolalar koloniyasidagi hayot, tarbiyachilarning faoliyati, ayrim qahramonlarning tarjimai holi, tarbiyasi buzilgan bolalardan yangi ruh, yangi axloqqa ega bo’lgan barkamol kishilar tarbiyalab etishtirish uchun kurashdan iboratdir. Kitobning qahramoni murakkab voqealarni boshidan kechirgan bolalar jamoasidir.
Boqimsizlik taqdiri azal emas, u turmushni chalkash, xato yo’l bilan olib borishdan kelib chiqadi, bu yo’lga tushib qoluvchilar aqliy tomondan zaif emas, axloq jihatidan qiyin tarbiyalanuvchilar ham emas. Ularning tarbiyasi ustida jiddiy qayg’urilsa, ulardan ajoyib talantlar etishib chiqadi, deb ta’kidlaydi yozuvchi.
A.C.Makarenko bolalarni yakka tartibda o’rganishga, bolalar jamoasini tuzishga alohida e’tibor beradi. Uning fikricha, o’qituvchi bolalar jamoasini uyushtira olsa, u jamoa pedagogning ishonchli yordamchisiga aylanadi, Shu jamoa yordami bilan pedagoglarni chuqur o’rgana oladi.
A.S.Makarenko fikricha, «kollektiv – sotsial tirik organizm... U o’zining organiga ega, unda vakillar bor, mas’uliyat bor... Bir-birlariga nisbatan bog’lanish bor, agar bular bo’lmasa bolalari jamoasi ham bo’lmas, unda yolg’iz bosh-boshdoqlikkina bo’lar edi». U o’zining tarbiya tizimini Gorkiy nomli bolalar koloniyasida to’la-to’kis amalga oshira oldi. Masalan, u har qanday og’ir va «ko’ngilsiz» ishni ham bolalar va otryadlar o’rtasida navbat bilan taqsim etar edi. Ko’ngilli va ko’ngilsiz, og’ir va engil bo’lishidan qat’i nazar, zarur, foydali bo’lgan har qanday ishni zavq bilan bajarishga bolalarni odatlantirar, ularning mehnat malakalarini oshirib borar edi. Makarenko o’zining ko’p yillik pedagogik faoliyati davomida bolalar jamoasini yaratish sohasida tinmay ishladi va uni nazariy va amaliy jihatdan asosladi.
Xullas, A.C.Makarenkoning maktab-maorif tizimini takomillashtirish, mustahkamlash sohasida olib borgan ishlari, yaratgan nazariyalari, yozib qoldirgan pedagogik asarlari yildan-yilga o’z dolzarbligini tobora oshirmoqda, mamlakatimizda pedagogika fanidagi vazifalarni hal qilishda uning tajribalari, boy psdagogik merosi hali hamon dasturulamal bo’lib turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |