MAVZU:O’ZBEKISTON IQTISODIYOTIGA INVESTITSIYALARNI JALB QILISHNING DOLZARB MUAMMOLARI
REJA:
1.Iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish faolligini oshirishni takomillashtirish
2.Iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faolligini oshirishning istiqbollari
3.Investitsiyalarni jalb qilish orqali iqtisodiyotni rivojlantirishning xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribalaridan O’zbekiston Respublikasida foydalanish yo’llari
1.Iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish faolligini oshirishni takomillashtirish
O’zbekiston Respublikasi uchun innovatsion va texnologik taraqqiyotga erishish o’ta muhim vazifa bo’lib hisoblanadi, chunki faqat shu yo’l bilangina zamonaviy texnologik bazani shakllantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishini yo’lga qo’yish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish va bularning natijasida xalqaro maydonda raqobatbardoshlikni mustahkamlash mumkin.
Mamlakatimizda ham, bozor iqtisodiyoti rivojlangan boshqa mamlakatlardagi kabi, innovatsion iqtisodiyotni va innovatsion infratuzilmani shakllantirishga harakat qilinmoqda. Ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlariga tatbiq etishni rag’batlantirish bo’yicha amaliy mexanizmlar yaratish maqsadida qator hukumat qarorlarining qabul qilinishi, intellektual mulkni va unga bo’lgan huquqlarni himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazaning shakllantirilishi, shuningdek, innovatsiyalarni rag’batlantirishning ham moliyaviy (ilmiy loyihalarga grantlar ajratish, soliq imtiyozlari, venchur moliyalashtirish), ham nomoliyaviy dastak-vositalarining (texnologiyalar transferi bo’yicha markazlarning tashkil etilishi, Innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkalarining muntazam o’tkazib kelinishi) ishlab chiqilganligi va ma’lum darajadagi samara bilan qo’llanilayotganligi fikrimizning dalilidir.
Bugungi kunda mustaqil taraqqiyot yo’lida qat’iy turgan O’zbekiston uchun mamlakatni innovatsion rivojlantirishning o’rta va uzoq muddatga mo’ljallangan keng ko’lamli umummilliy strategiyasini ishlab chiqish, uni mamlakatni strategik rivojlantirishning boshqa yo’nalishlari bilan muvofiqlashtirish, strategiyani ishlab chiqishda aniq maqsadlarni qo’yish, ularni amalga oshirish va monitoring qilishning mustahkam ilmiy, amaliy va moliyaviy usullari va dastaklarini yaratish o’ta muhim masalalardan hisoblanadi. Ushbu strategiyaning eng muhim iqtisodiy maqsadi milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligini mustahkamlash va, buning natijasi o’laroq, xalq farovonligini oshirish hamda yashash darajasini ko’tarish bo’lmog’i lozim. Strategiya belgilab bergan ushbu asosiy maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalarni bajarish talab etiladi:
mamlakat iqtisodiyotida fan sig’imi yuqori bo’lgan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sektorlarining ulushini oshirish, eksport siyosatini xom ashyo eksportidan yuqori qo’shilgan qiymatga ega bo’lgan tayyor mahsulot eksportiga bosqichma-bosqich yo’naltirish;
innovatsion institutlarni shakllantirish;
fan bilan tadbirkorlik(biznes)ning o’zaro hamkorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga safarbar etilgan investitsiyalar samaradorlik ko’rsatkichlarini yaxshilash;
ishlab chiqarish omillarining samaradorligini oshirish;
“bilimlar iqtisodiyoti”ni shakllantirish maqsadida inson kapitaliga investitsiyalarni rag’batlantirish.
Har qanday strategiyani ishlab chiqish, avvalo, muammoni aniqlash, uning ko’lamini aniq belgilab olish, amalga oshirish mumkin bo’lgan real maqsadlarni qo’yish, mavjud holatni baholashdan boshlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda milliy innovatsion tizim holatini o’rganish shundan dalolat bermoqdaki, ilmiy-texnik ishlanmalarning asosiy buyurtmachisi davlat bo’lib qolmoqda, bu jarayonda xususiy sector qisman ishtirok etmoqda. Loyihalarni davlat tomonidan loyihalashtirish tanlovi 1995 yildan amalga oshirilgan bo’lib, 2006 yildan boshlab hukumat qarori bilan vazirlik, mahalliy hokimiyat, xo’jalik subyektlari, akademik doira vakillarining ishtirok etish mexanizmiga aniqlik kiritildi. Innovatsion ilmiy-texnik loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi tog’risidahi Nizomga muvofiq, Fanlar Akademiyasi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi o’z tarmoqlarining ilmiy-texnik muammolaridan kelib chiqqan holda innovatsion ilmiy-texnik dasturlarni shakllantiradi. FTRMQ iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud global ilmiy-texnik muammolar yechimiga qaratilgan innovatsion ilmiy-texnik dasturlarni shakllantiradi. Vazirliklar, Fanlar Akademiyasi va boshqa ilmiy tadqiqot institutlarning tadqiqotlar dasturida qatnashish darajasi ularning tadqiqot yo’nalishiga qarab belgilanadi. Masalan, fundamental tadqiqotlarning aksariyat qismi Fanlar Akademiyasiga (fundamental tadqiqotlarning 76 foizi) to’g’ri kelsa, innovatsion faoliyat dasturlarida akademiya institutlari unchalik faol emas (umumiy dasturning 19 foizi).
Mamlakatimizda innovatsion rivojlanishning huquqiy-institutsional asoslari bilan bog’liq ayrim muammolar mavjud, bular:
innovatsion faoliyat qonunchiligidagi jiddiy kamchiliklar;
davlat budjeti yoki davlat tashkilotlari hisobiga vujudga kelgan intellektual mulkka egalik huquqidagi va shu bilan birga davlat mablag’lari hisobiga vujudga kelgan ixtirolarni xususiy sektor tomonidan amaliyotga joriy qilish yuzasidan huquqiy munozarali holatlarning mavjudligi;
budjet hisobidan shakllangan intellektual mulk, undan olingan daromad va undan foydalanishda tashkilotlarga yagona egalik huquqini beruvchi normalarning yo’qligi;
intellektual mulkdan foydalanishning rasmiy tartibi shakllanmaganligi. Intelektual mulkning huquqiy asosi mukammal emasligi uchun ilmiy tashkilotlar undan foyda olish tartibi va strategiyasiga ega emas.
Innovatsion faoliyatning huquqiy asoslarini shakllantirish va takomillashtirish quyidagilarni nazarda tutib amalga oshirilishi maqsadga muvofiq:
ilmiy, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat to’g’risida qonun ishlab chiqish;
milliy innovatsion tizimning tuzilishi va amal qilishi bo’yicha davlat innovatsion siyosatini ishlab chiqish;
oliy ta’lim muassasalarining o’z ixtirolaridan foyda olish huquqini ta’minlash;
innovatsion rivojlanish, texnologik va iqtisodiy muhit uchun tizimli qonunlar ketma-ketligini ishlab chiqish;
intellektual mulk natijalaridan foydalanish va uning himoyasi mexanizmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash;
yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish uchun soliq, bojxona, tarif, narx va amortizatsion siyosatni amalga oshirish bilan bog’iq huquqiy asoslarni ta’minlash;
xususiy investitsiyalar, davlat va xususiy investorlarni qo’shma innovatsion loyihalarga jalb qilish muhitini shakllantirish uchun huquqiy-nomativ bazani ishlab chiqish.
Innovatsiyalar va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish to’g’risidagi Qonunning qabul qilinishi O’zbekiston olimlari uchun juda ham muhimdir. Natijada texnologiya va ishlanmalar yaratuvchilarini rag’batlantirish, yaratilgan texnologiyalarni sinash, ularni ishlab chiqarishga joriy etish masalaning bir tomoni bo’lsa, ikkinchi tomondan, texnologiyalarni o’zida joriy etayotgan korxonalarni ham rag’batlantirish mexanizmlari shakllantiriladi. Qonunning tartibga soluvchi mexanizmlaridan biri - bu aynan davlat ilmiy-texnika dasturlari asosida yaratilgan, davlat budjeti hisobiga yaratilgan texnologiyalar transferini amalga oshirishdir.
Shuningdek, iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish strategiyasidan kelib chiqib, iqtisodiy mexanizmni shakllantirish quyidagi yo’nalishlarda amalga oshirilishi lozim:
innovatsion faoliyatni normativ-huquqiy tartibga solish tizimini shakllantirish;
iqtisodiyotning respublika va mahalliy darajalarida innovatsion faoliyatni maqsadli-dasturli rivojlantirish;
davlat-xususiy hamkorligini rivojlantirish.
Iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion faoliyatni tashkil etish va rag’batlantirishning samarali shakli sifatida davlat-xususiy sektor hamkorligi tamoyili asosida, ya’ni davlat mexanizmidan foydalanib, innovatsion jarayonlarni rivojlantirishda xususiy biznes ishtirokini rag’batlantirish, resurslarni birlashtirish, foyda va tavakkalchilikni taqsimlash imkonini yaratadigan raqobat muhiti shakllanishi, shu bilan bir vaqtda – budjet mablag’laridan samarali foydalanishga turtki beradigan davlat kapitalining ishtiroki bo’lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |