Mavzu: O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari
Reja: 1. O‘zbekiston va Qirg’iziston o‘rtasidagi munosabatlarining o‘rnatilishi
2. O‘zbekiston va Qirg’iziston o‘rtasida imzolangan shartnomalar
3. O‘zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi chegara munosabatlari
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar
Oʻzbekiston — Qirgʻiziston munosabatlari — Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1993 y. ikkala davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatildi. 1992-yil iyuldan Toshkentda Qirg’iziston elchixonasi, 1998-yil oktabrdan Bishkekda Oʻzbekiston elchixonasi faoliyat yuritmokda. 2000 y. sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A.Karimovning Bishkekka, 1996 y. dekabr va 1998 y. noyabrda Qirg’iziston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi. 1996 y. 24 dekabrda ikki davlat oʻrtasida imzolangan "Abadiy doʻstlik toʻgʻrisida"gi shartnoma davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi. Davlatlar oʻrtasida gumanitar sohadagi hamkorlik mana shu shartnoma, 1994 y. 16 yanvarda imzolangan Madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim, turizm va sport boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim, 1996 y. 24 dekabrda imzolangan Madaniy hamkorlik toʻgʻrisidagi muassasalararo bitimga muvofiq amalga oshiriladi. 2005 yilgacha ikki davlat oʻrtasida ikki tomon uchun ahamiyatli boʻlgan 181 hujjat imzolangan. 2004 y. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirg’iziston oʻrtasidagi tovar aylanmasi 68,1 mln. AQSH dollarini, jumladan, eksport 43,6 mln. AQSH dollarini, import 24,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. 2021-yil mart oyida Qirgʻiziston prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida qirgʻiz xalqiga oʻzbek xalqi nomidan 10 dan ortiq tez yordam mashinalari topshirildi. Ikki davlat rahbarlari va delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralarda kapitali 200 million AQSH dollari boʻlgan Oʻzbekiston–Qirgʻiziston investisiya jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilangan hamda ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berilgan. Oʻzbekiston–Qirgʻiziston sherikligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi. Ikki mamlakat oʻrtasida 2020-yil yakuni boʻyicha savdo aylanmasi 903,1 million dollarni tashkil etgan. Shundan eksport hajmi 756,6 million dollar, import hajmi 146,5 million dollarni tashkil etgan. 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda qirgʻiz kapitali ishtirokida 183 korxona faoliyat yuritadi: 104 tasi qoʻshma korxona, 79 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
Sadir Japarovning Oʻzbekistonga davlat tashrifi hisobotlarida Oʻzbekiston Qirgʻiziston Mudofaa vazirligiga bitta vertolyot sovgʻa qilishi keltirib oʻtiligan. Mudofaa vazirligi orqali oʻzbek tomoni Qirgʻizistonga bitta vertolyotni bepul taqdim etadi va yana bittasini tiklab berishga tayyor. Biroq aynan qaysi vertolyot ekani aniq emas. Shuningdek, harbiy yoʻnalishda xodimlar tayyorlash masalasi, xususan, qurol-yarogʻ yoʻnalishi, uchuvchilar va aloqachilar tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqilgan.
Qirgʻiziston Oʻzbekistonda joylashgan anklav hudud — Soʻx bilan avia qatnovlar va transport qatnovlarini yoʻlga qoʻyishga, Oʻzbekiston esa shu paytgacha „chegara hududlar aholisi oʻrtasida tortishuvlar va siyosiy ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan“ Unkar-Too hududini berish tayyor ekanligini maʼlum qilgan. Oʻzbekiston–Qirgʻiziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha har ikki tomon ham ushbu ishlarni keyingi uch oy ichida yakunlash kerakligi toʻgʻrisida kelishib olgan 2021-yil 26-mart kuni Toshkentda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston delegasiyalari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv natijalarini Qirgʻiziston hukumati delegasiyasining rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyevning ta’kidlashicha, qirgʻiz-oʻzbek chegaralarida bundan soʻng bahsli hududlar boʻlmaydi. Chegara masalalarini hal qilishda tomonlarning hech biri «yutmagan va yutqazmagan». tomonlar loyiha chizigʻining Kampir-Obod (Andijon) suv ombori hududida 900 gorizontal ostidan 312-raqamli chegara nuqtasidan 312/3-raqamli chegara nuqtasigacha oʻtishi toʻgʻrisida kelishib olgan. Kelishuv natijalariga koʻra, ayrim shartlar bajarilsa, toʻgʻon Oʻzbekiston hududida qolishi belgilangan. Demarkasiya jarayonida Oʻzbekiston Andijon viloyatining Oʻsh viloyati Uzgen tumani va Jalol-Obod viloyatining Soʻzak tumanlari bilan chegaradosh hududdagi 304- va 312-raqamli chegara nuqtalari oraligʻidagi 1000 gektar yerni tovon sifatida Qirgʻizistonga topshiradi. Shu munosabat bilan tomonlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston suv xoʻjaligi tashkilotlariga Kampir-Obod suv omborining suv resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish boʻyicha hukumatlararo kelishuv loyihasini ishlab chiqish topshirigʻini bergan. Shuningdek, tomonlar Shahrixonsoy kanalining hududlarini (chap tomoni), 312 va 312/3 chegara nuqtalari hududidagi Andijon suv ombori toʻgʻonini, kanaldan toʻgʻon oʻrtasigacha, Oʻzbekistonga 50 gektar yerni qoldirib, xatlovdan oʻtkazishga kelishib olgan.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro elektr energiyasini yetkazib berish toʻgʻrisida kelishib oldi. Oʻzbekiston Qirgʻizistonga 2021-yil mart oyidan oktyabr oyigacha va 2022-yil mart-aprel oylarida 750 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi yetkazib beradi. Bunday chora-tadbirlar Toʻktogul suv omborida suv toʻplash va uni 2021–2023 yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi iste’molchilariga yetkazib berish maqsadida amalga oshirildi. Kelishuvga binoan belgilangan yillarda Qirgʻiziston mos miqdordagi elektr energiyasini iyun-avgust oylarida qaytarib beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat, jumladan, qo‘shni davlatlar bilan jadal rivojlanib borayotgan munosabatlar yetakchi xorijiy ekspertlik-tahliliy doiralarning joriy yildagi asosiy e’tiborini jalb etgan masalalardan biriga aylandi. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyati Markaziy Osiyoni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida e’lon qilgan holda 2017 yilda bu borada amaliy qadamlar tashlayotganini alohida e’tirof etishmoqda. Qirg‘iziston Respublikasi bilan konstruktiv, serqirra hamda o‘zaro manfaatli muloqot O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, juda qisqa vaqt ichida ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha tarixiy qadamlar tashlandi. Ikki tomonlama munosabatlar ijobiy tarafga siljib, aniq amaliy mazmun bilan boyimoqda. Bularning barchasi O‘zbekistonning do‘stona hamda o‘zaro manfaatli davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha qat’iy siyosiy xohish-irodasi natijasi, desak, yanglishmaymiz. Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev ushbu hayotiy haqiqatni tan olgan holda, xalqlarimiz o‘rtasida asrlar davomida shakllangan do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik rishtalari yangi nafasdan bahramand bo‘ldi, deya qayd etdi. Bundan tashqari, A. Atamboyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti sifatidagi so‘nggi huj-jatlaridan biri aynan Shavkat Mirziyoyevni ikki mamlakatning “strategik -sherikligini o‘rnatishga ulkan hissa qo‘shgani uchun” Qirg‘izistonning yuksak davlat mukofoti — “Danaker” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Farmonni imzolagani bo‘ldi. O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston yaqin qo‘shnichilik munosabatlaridagi oxirgi tendentsiyalarni xalqaro kuzatuvchilar aksariyat hollarda “tarixiy” deya ta’riflashmoqda. Bu e’tirof haqiqatga yaqinligini qator omillar ham ko‘rsatadi. Avvalambor, ikki tomonlama muloqotlar barcha darajada yanada faollashdi. Qisqa vaqt ichida oliy darajada ikkita tashrif amalga oshirildi: 2017 yilning sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan borgan bo‘lsa, oktyabr oyida Almazbek Atamboyev mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keldi. Parlamentlar, vazirlik va idoralar, chegaradosh hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham rivojlanib borayapti. 2017 yilning avgustida uzoq davom etgan tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston Bosh vazirlari boshqaradigan hukumatlararo komissiya o‘z ishini qayta tikladi. Ikki tomonlama bunday tig‘iz uchrashuvlar ilgari kuzatilmagan mislsiz hodisa sanaladi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan so‘nggi 25 yil davomida bunday yuksak siyosiy faollik ilk marta ko‘zga tashlanmoqda. Ikkinchidan, oliy darajadagi muzokaralar natijasida turli sohalarda ikki tomonlama muloqotlarni yanada mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan muhim davlatlararo bitimlar imzolandi. Xususan, joriy yilda ikki mamlakat hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosi yana 25 ta hujjat bilan boyidi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik hamda ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiya va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin. Chegarani belgilash to‘g‘risidagi shartnomani imzolash uchun o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya hamda demarkatsiyalash masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar qisqa davr ichida 15 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazdi. Hozirgi kunda ushbu yo‘nalishda birgalikdagi sa’y-harakatlar jadal davom etayapti. Uchinchidan, hamkorlik yo‘nalishlari tobora kengayib bormoqda. Jumladan, ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Qirg‘iziston Transport va yo‘l -vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum tuzildi. Bundan tashqari, Toshkent — Andijon — O‘sh — Irkishtom — Qoshg‘ar yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikda avtomobil qatnovi sinovdan o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li tezroq qurilishidan manfaatdor. Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi, chegaradosh hududlar o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayib borayapti.
Qirg‘izistonda “Isuzu” avtobuslarini va “Ravon” avtomobillarini hamkorlikda yig‘ish, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish, kir yuvish mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish masalalari ishlab chiqilmoqda. Ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida, muvaffaqiyatli hamda to‘liq bajarish uchun tomonlar “Yo‘l xaritasi”ni imzolagan va tasdiqlagan. To‘rtinchidan, fuqarolarning davlat chegaralaridan o‘tish tartib-taomillari ikki davlat rahbarlarining o‘zbek-qirg‘iz chegarasini do‘stlik chegarasiga aylantirish g‘oyalaridan kelib chiqqan holda soddalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan “Do‘stlik” (Andijon viloyati), “Kosonsoy” va “Boymoq” (Namangan viloyati) nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklandi. 1 oktyabrdan Qirg‘iziston fuqarolariga “Qadamjoy”, “Vodil” (Farg‘ona viloyati) nazorat-o‘tkazish punktlari orqali chegaradan o‘tish soddalashtirildi. Endilikda turli taklifnoma va telegrammalarni kutish shart emas. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik hamda ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiyada shunday qoida o‘rin olganki, unga muvofiq, davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari faoliyati masalalarini istiqbolda hal qilish xalqlarimiz manfaatlariga javob beradi va savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivoj-lantirishga, butun mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Beshinchidan, ikki mamlakat xalqlarining do‘stlik rishtalari izchil mustahkamlanmoqda. Madaniyat, ta’lim, fan, san’at hamda turizm sohasida ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish oliy darajada belgilab berildi. Hududlarda o‘zbek va qirg‘iz xalqlariga o‘z ona tili, milliy madaniyati, an’ana hamda urf-odatlarini saqlash uchun qulay sharoitlar yaratiladi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida barcha zarur chora-tadbir ko‘riladi. Ushbu maqsadda 2017-2018 yillarda Qirg‘izistonda O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston tarafi O‘sh shahrida umumta’lim maktabini barpo etayapti, madaniyat hamda ijodiy jamoalar o‘rtasida faol almashuvlar yo‘lga qo‘yildi. Qirg‘izistonda O‘zbekistonning atoqli davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi, O‘zbekistonda esa 2018 yilda Qirg‘iziston Respublikasi xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi nishonlanadi. Oltinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli darajada jonlandi. Masalan, 2016 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o‘sib, 167,5 million AQSh dollarini, 2017 yilning birinchi yarmida esa mazkur ko‘rsatkich 69 foiz o‘sib, 112 million dollarni tashkil qildi. Mamlakatlarimiz ishga solinmagan salohiyatdan unumli foydalanish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni jalb etish orqali nomenklaturani kengaytirish hisobiga o‘zaro savdo hajmini yanada oshirishni maqsad qilgan. Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo aylanmasini 500 million AQSh dollarigacha olib chiqish rejalashtirilayapti. Ushbu maqsadda O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlik aloqalari jadallashmoqda. Misol uchun, Toshkent va Bishkekda ikkita biznes forumi bo‘lib o‘tdi: Bishkekda umumiy qiymati 175 million AQSh dollarilik 57 ta shartnoma imzolangan bo‘lsa, Toshkentda 200 million dollarlikdan ortiq 17 bitim tuzildi. Ikki tomonlama munosabatlarda eng muhim natija shuki, taraflar o‘zaro gina-kuduratlarni chetga surib, mavjud muammolarni butunlay hal etish hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun maqbul yechimlarni birgalikda izlashga qaror qilishdi. Binobarin, Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy topgan mintaqaga aylantirish O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston xalqlarining manfaatlariga ham to‘la mos keladi. Shubhasiz, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti S. Jeenbekovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi o‘z mazmun-mohiyati va amaliy natijasiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlarining avvalgi uchrashuvlaridan kam bo‘lmaydi. Bu O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonning do‘stona va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov 13 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti dastlab poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida bo'ldi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo'lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo'ydi. Sooranbay Jeenbekov mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo'yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qirg'iziston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Ko'ksaroy qarorgohida bo'lib o'tdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so'ng davlat rahbarlari tor doirada muzokara o'tkazdilar. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sooranbay Jeenbekovni Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar O'zbekiston – Qirg'iziston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Joriy yil O'zbekiston va Qirg'iziston munosabatlari rivojida tarixiy davr bo'ldi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko'plab masalalar bo'yicha hamfikrligi, hamkorlikka intilishining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik mustahkamlandi. Qirg'iziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O'zbekistonga amalga oshirganingizni yuksak qadrlaymiz. Biz buni mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo'lgan qat'iyatingiz ifodasi sifatida qabul qilamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Sooranbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga O'zbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi va Qirg'iziston xalqi nomidan chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi. Siz mamlakatlarimiz o'rtasidagi davlat chegaralarini do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va hamkorlik chegarasiga aylantirdingiz, dedi Qirg'iziston Prezidenti. Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, yangi o'tkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta'minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta'kidladilar. Davlat rahbarlari O'zbekiston Respublikasi va Qirg'iziston Respublikasi o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat'iy ekanini tasdiqladilar. Tomonlar o'zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Xalqaro maydonda o'zaro munosabatlarni davom ettirish va mustahkamlash borasida ulkan salohiyat mavjudligi, O'zbekiston bilan Qirg'izistonning BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga intilishi mushtarakligi qayd etildi.
O'zbekiston o'z tashqi siyosatida, avvalo, qo'shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirg'iziston Respublikasi bilan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o'rtasida aloqalar tobora kengaymoqda.
Muzokarada Prezident Sooranbay Jeenbekov Qirg'iziston O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o'tkazish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatlashini yana bir bor ta'kidladi. Shavkat Mirziyoyev va Sooranbay Jeenbekov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda asosiy e'tibor O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat, qishloq va suv xo'jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.
O'zbekiston Respublikasi bilan Qirg'iziston Respublikasi o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojida ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya muhim o'rin tutmoqda. Ikki mamlakat Bosh vazirlari mazkur komissiyaning hamraislari etib tayinlangani tomonlarning o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga yuksak e'tiboridan dalolat beradi. Keyingi paytda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida o'zaro savdo ko'rsatkichlari 56 foizdan ziyodga o'sib, 235 million dollarga yetdi. Muzokarada ta'kidlanganidek, bu ko'rsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini to'liq aks ettirmaydi. O'zaro tovar ayirboshlash nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 million dollarga yetkazish bo'yicha topshiriqlar berildi. Tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, qo'shma savdo uylari ochish, biznes-forumlar va milliy sanoat mahsulotlari ko'rgazmalarini o'tkazish zarurligi ta'kidlandi. Qirg'iziston Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida O'zbekiston sanoat mahsulotlari ko'rgazmasi va biznes-forum tashkil etilgani, ishbilarmon doiralar vakillarining muzokaralari o'tkazilgani va ularda ikki mamlakatdan ko'plab tadbirkorlar ishtirok etgani, qariyb 140 million dollarlik shartnomalar imzolangani savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanayotgani tasdig'idir. Qirg'iziston hududida O'zbekiston qishloq xo'jaligi texnikasi, yengil avtomobillari, avtobuslari, maxsus pritseplari va maishiy buyumlarini yig'ishni yo'lga qo'yish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish materiallari va to'qimachilik sanoatida qo'shma korxonalar tashkil etish muhimligi qayd etildi. Tomonlar bu loyihalar bilan cheklanib qolmasdan, sanoat kooperatsiyasi sohasida ham birgalikda istiqbolli yo'nalishlar topishga kelishib oldilar. Tashriflar almashish, barcha sohalarda qo'shma tadbirlar o'tkazish, ikki mamlakat fuqarolari o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish orqali O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va yanada mustahkamlashga bundan buyon ham alohida e'tibor qaratiladi. Qirg'iziston O'zbekistonning ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarligida Hokimlar va chegaraoldi viloyatlar ma'muriyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisini O'zbekistonda o'tkazish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatladi.
Prezidentlar qisqa muddatda jahon bozoriga chiqish imkonini beradigan transport va tranzit yo'laklarini rivojlantirish sohasida o'zaro hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Davlat rahbarlari "O'zbekiston-Qirg'iziston-Xitoy" temir yo'li qurilishini imkon qadar tezlashtirish mintaqa mamlakatlari manfaatiga xizmat qilishini alohida ta'kidladilar. Bu Markaziy Osiyoning jozibadorligini oshirish va tranzit salohiyatini to'la yuzaga chiqarish imkonini beradi. 2017-yil 30-oktabr-3 noyabr kunlari "Toshkent – Andijon – O'sh – Irkishtom – Qoshg'ar" yo'nalishi bo'yicha birinchi xalqaro avtokarvon o'tkazilganiga yuksak baho berildi. U mintaqadagi transport yo'nalishlarini diversifikatsiya qilishda yana bir muhim omil bo'ladi. O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu masalalarga amaliy yechim topish uchun Qo'shma suv xo'jaligi komissiyasini tuzish va yaqin vaqtlar ichida uning majlisini o'tkazishga kelishib olindi. Gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, o'zbek va qirg'iz xalqlari an'analari, madaniyati va qadriyatlari mushtarakligi ta'kidlandi. Bizning tilimiz, dinimiz, tariximiz va merosimiz bir. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil bo'lmoqda. O'zbekistonda qirg'iz tili va madaniyati, Qirg'izistonda o'zbek tili va madaniyatini o'rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda Qirg'iziston teatr namoyandalari Farg'ona vodiysida, o'zbekistonlik san'at ustalari O'sh, O'zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlarida ijodiy safarda bo'ldi. Qirg'izistonda O'zbekiston madaniyati kunlari o'tkazildi. Davlat rahbarlarining kelishuviga binoan kelgusi yili O'zbekistonda Qirg'iziston madaniyati kunlari bo'lib o'tadi. Shu bilan birga, 2018-yilda xalqlarimiz atoqli qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovning yubileyini keng nishonlaydi.
Shu munosabat bilan Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag'ishlangan doimiy ko'rgazma tashkil etish to'g'risidagi qaror uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg'iziston Prezidenti Sooranbay Jeenbekov Qo'shma bayonotni imzoladilar. Bu hujjatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, suv-energetika, madaniy-gumanitar, transport va kommunikatsiya, hududlararo hamkorlik sohalaridagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda oliy darajadagi tashriflar chog'ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari o'z ifodasini topgan. Ikki mamlakat hukumatlari vakillari moliyaviy hamkorlik to'g'risidagi bitim hamda 2018-2021-yillarga mo'ljallangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik to'g'risidagi dasturni imzoladi. Bojxona xizmatlari o'rtasida tovarlar va transport vositalarini o'tkazishda bojxona amaliyotlarining soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, favqulodda vaziyatlar vazirliklari o'rtasida 2018-yilda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida hamkorlik to'g'risidagi hujjatlar qabul qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat fanlar akademiyalari va kasaba uyushmalari federatsiyalari, O'zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bilan Qirg'iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport ishlari bo'yicha davlat agentligi o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar o'zaro anglashuv, ochiq va samimiy ruhda o'tgani, erishilgan kelishuvlar xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilishini ta'kidladilar.
Shavkat Mirziyoyev Qirg'iziston Prezidentining birinchi tashrifi chog'ida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Sooranbay Jeenbekov xalqlarimiz shunday kelishuvlarga erishilishini kutganini va o'zaro munosabatlarimiz tarixiga bitiladigan bu ezgu ishga hissa qo'shganidan mamnun ekanini ta'kidladi.
Ma'lumki, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo'lidagi ulkan xizmatlari uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg'izistonning "Danaker" ordeni bilan mukofotlangan edi. Yuksak davlat mukofotlaridan bo'lgan ushbu orden xalqlar o'rtasida tinchlik, do'stlik va hamkorlikni mustahkamlashga, millatlararo totuvlikni asrash, ilm-fanni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni yaqinlashtirish va boyitishga katta hissa qo'shgan insonlarga beriladi.
Danaker – yarashtiruvchi degan ma'noni anglatadi. Mukofot davlatimiz rahbarining O'zbekiston – Qirg'iziston munosabatlarini rivojlantirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash yo'lidagi xizmatlarining yuksak e'tirofidir. Ko'ksaroy qarorgohida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov "Danaker" ordenini tantanali ravishda topshirdi.
Xulosa
1993 yil fevralda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan edi.Hozirgi kunda ikki mamlakat qonunchilik bazasi 200 dan ortiq hujjatlardan iborat bo‘lib, ulardan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolangani muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarning turli davrlariga qaramay, mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan ko‘p asrlik qardoshlik rishtalariga tayangan holda, nafaqat o‘zaro hurmat muhiti saqlanib qolindi, balki yaqinda o‘zaro hamkorlik yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Bugungi kunga kelib O‘zbekiston va Qirg‘izistonPrezidentlarining siyosiy irodasi tufayli tomonlar ko‘plab dolzarb masalalarni bartaraf etish va o‘zaro hamkorlik aloqalarining ijobiy o‘sish sur’atiga erishdi. Shu qatorda, ikki davlat o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar, jumladan BMT,MDH, SHHT,IHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va qator xalqaro tuzilmalardagi ishtiroki o‘zaro munosabatlarning yuqori darajasini namoyon etadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning shu yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarning yanada mustahkamlanishida muhim voqea bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq, konstruktiv va do‘stona muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki yoqlama hamkorlikning barcha jabhalarini, jumladan, suv resurslari va energetikadan foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika masalalari bo‘yicha muhokama o‘tkazdilar. Bundan tashqari, davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentlar o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik ruhida mustahkamlashga kelishib oldilar. Shuningdek, ikki mamlakatning o‘zaro manfaatlarini inobatga olgan holda, tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishni ta’kidladilar. Ushbu hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlararo komissiyaning o‘rni va ahamiyati qayd etildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, uning doirasida umumiy qiymati 550 million dollarlik 60 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, birinchi bosqichda Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i 50 million dollar ekani ma’lum qilingan bo‘lsa, keyinchalik ushbu ko‘rsatkich 200 million dollarga yetdi. Shuni ta’kidlashni istardimki, davlatlar rahbarlari tomonidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish ustuvor masala sifatida, yaqin oylar ichida yakunlanishi yuzasidan kelishib olindi. Yaqin fursatlarda tegishli tashkilotlar sa’y-harakatlari bilan ushbu kelishuvlar ijrosi ta’minlanishiga umid bildiramiz. Umumiyhisobda, muzokaralar yakunlari bo‘yicha jami 22 ta hujjat imzolangan bo‘lsa, undan ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan Prezidentlarning Qo‘shma bayonoti muhim o‘rin egallaydi. Komil ishonch bilan ayta olamizki, ushbu erishilgan kelishuvlar natijadorligiO‘zbekiston – Qirg‘izistonhamkorligini yuqori pog‘onaga ko‘tarishga turtki beradi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ayni paytda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikholati mavjud salohiyatga mos emas. To‘g‘ri, 2016 yildan buyon o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 5 barobarga o‘sib, 2020 yil yakuniga qadar 903 million dollardan yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Ammo yildan-yilga savdo aylanmasi hajmi oshib borayotgani va iqtisodiy o‘zaro ta’sir doirasi kengayib borayotganiga qaramay, mamlakatlarimiz ushbu sohada foydalanish mumkin bo‘lgan yuqori iqtisodiy salohiyatga ega. Shuni hisobga olib ayta olamizki, kelgusi yillarda o‘zaro savdo aylanmasi hajmi o‘sishi kutilayotgan aniq natijadir. Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi rahbarining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida, “Yashnobod” texnoparki hududida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi va ikki mamlakat ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani ham g‘oyat ahamiyatlidir. Ushbu biznes forumda tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan umumiy qiymati qariyb 130 million dollarlik qator investitsiyaviy va savdo shartnomalari imzolandi. Davlatlararo transport yo‘laklarini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li, Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qashg‘ar multimodal yo‘lagini barpo etish orqali iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda madaniy-gumanitar aloqalar davlatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv muhitini mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi. Shu maqsadda, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida muntazam ravishda madaniyat kunlari, festivallar va ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. 2018 yil yurtimizda buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmotov tavalludining 90 yillik yubeliyi keng miqyosda nishonlangani fikrimiz yorqin tasdig‘idir. Shuni ta’kidlash joizki, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar davomida tomonlar 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Madaniyat va san’at sohasida hamkorlik to‘g‘risidagishartnomani amalga oshirish doirasida qo‘shma tadbirlar rejasini tasdiqladi. Ta’lim sohasidagio‘zaro hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlanmoqda. 2017-2020 yillarda O‘zbekiston oliygohlarida tahsil olayotgan qirg‘iz yoshlari safi 14 baravar oshgan bo‘lsa, Qirg‘iziston universitetlaridagi o‘zbek talaba yoshlari soni 7 baravarga ko‘paygani quvonarli holdir. Ayni paytda ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga egamiz.Chunonchi, kelgusida universitetlararo aloqalarni mustahkamlash, ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida shartnomalar va memorandumlar imzolanishiga ko‘maklashish zarur. Pandemiya davrida O‘zbekiston koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun birinchilar qatorida Qirg‘izistongabeg‘araz yordam qo‘lini cho‘zdi. 2020 yil dekabrdaushbu tibbiy yordam hisobidan Bishkek, Botken va Chuy viloyatlarida infeksiya bilan zararlangan bemorlar uchun uchta modulli shifoxona barpo etildi. Bundan tashqari,ko‘plab tibbiyot jihozlari va tibbiy vositalar ham jo‘natildi.Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, o‘zaro manfaatli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini davom ettirgan holda, O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirish tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Mamlakatlarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli oldimizga qo‘ygan olijanob maqsadlarga erishish yo‘lida jiddiy qadamlarni boshladi va bu o‘z samaralarini berishi aniq.
Foydalanilgan manbalar
1. https://pm.gov.uz
2. www.ziyonet.uz
3. http://www.gov.uz/oz
4. http://my.gov.uz/uz
5. http://egovernment.uz/
Do'stlaringiz bilan baham: |