II BOB.
MILLIY UYG`ONISH DAVRI ADABIYOTINING O`ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Ikki buyuk asr - XIX va XX asrlar oralig`idagi 50—60 yillik davr qadim va boy o`zbek adabiyoti tarihida g`oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Negakim, birinchidan, «Adabiyot millat oynasi» (Avloniy) sifatida xalqimiz hayotida yuz bergan eng katta bahtsizlik – o`z mustaqilligini yo`qotishi voqealarini loqayd kuzatishdan uning fojiali oqibatlarini chuqur idrok etish va istiqlol uchun kurashga chaqirishgacha bo`lgan yo`lni bosib o`tdi. Ikkinchidan, adabiyot davr voqealari ta’sirida g`arblashdi; mazmun-mundarijasi kengaydi; davriy matbuot va teatrning paydo bo`lishi bilan yangi adabiy tur va janrlar paydo bo`ldi. An’anaviy she’riyat va u bilan bog`liq timsollarga yangi mazmun kirib keldi. Yakka hukmron aruz yoniga unutilgan eski barmoq vazni qo`shildi. Sarbastda tajribalar qilindi. Mansuralar yozildi. Bir so`z bilan aytganda, zamonaviy realistik adabiyot maydonga keldi. Bu davr adabiyoti jug`rofiyasi ham oldingilaridan farq qiladi. Adabiy harakatchilik XVII-XIX asrlardagi kabi uch mustaqil xonlik doirasida emas, Rusiyaga mutlaq tobe Turkiston general gubernatorligi hamda yarim vassal Buxoro va Xivada uyushdi. Bu hol umumo`zbek adabiy mahsulotining mavzu-mundarijasigagina emas, til xususiyatlaridan janrlar poetikasigacha o`z izini qoldirdi.
Milliy uyg`onish, millatning o`zligini anglash jarayoni mazkur davr adabiyotining ruhi va mazmunini tashkil qildi. Buni adabiyotshunoslik o`tgan asrning 20-yillaridayoq e’tirof etgan edi. Milliy uyg`onish birgina adabiyot doirasida qolgani yo`q, ijtimoiy turmushning barcha qatlamlarini qamrab oldi, hatto «bosmachilik» nomi bilan «g`alati mashhur» bo`lib tarixga kirgan hodisaning ham mafkurasi milliy uyg`onishga, Uning samarasi bo`lmish mustaqillik uchun kurashga kelib bog`lanardi. Milliy uyg`onish mintakamizda jadidchilik shaklida namoyon bo`ldi. Va u 20-yillarning o`rtalarigacha davom etdi. 1926 yildan sovetlar unga qarshi keng ko`lamda kurash boshladilar. 1929 yildan ularni jismoniy tugatish yo`lga qo`yildi. Binobarin, bu harakatning yuzaga kelishi bevosita istilo va uning oqibatlari bilan bog`langan bo`lib, uning shakllanish davrini 1865—1905 yillar bilan belgilamoq kerak bo`ladi. 1905 yil voqealari, hususan, 17 Oktyabr Manifestidan keyin u rivojlanish bosqichiga kirdi. 1916 yilga kelib, jadidlarimiz «qora xalqni oqartirmoq va ko`zin ochmoq chorasiga» (Avloniy) kirishdilar. Mamlakat hayotida o`chmas iz qoddirgan 1916 yil mardikorlar qo`zg`olonida jadidlarimiz xalq bilan yonma-yon turdilar. Afsuski, tarix istiqlolni egallash uchun noyob bir sharoit yaratgan 1917 yilning Fevraliga xalqimiz lozim darajadagi tayyorgarlik bilan etib kela olmadi. Butun Rusiya kabi Turkistonni ham «bolshevik balosi» (Fitrat) qoplab oldi. Shunga qaramay, taraqqiyparvar fidoyi ziyolilarimiz mustaqillik uchun kurashni to`htatmadilar va 1917 yilning 27 noyabrida Turkiston muhtoriyatini e’lon qildilar. Turkiston (Qo`qon) muhtoriyati uch oyga etmay, sho`rolar tomonidan shafqatsizlarcha yo`q qilindi. «Millatchi» deya nom olgan millatparvarlarimizning omon qolganlari tog`-toshlarga qochib, kurashni davom ettirdilar va Vatan ozoddigi yo`lida shahid ketdilar. Bu jarayon 20-yillarning ohirigacha davom etdi. Binobarin, 1905-1929 yillar jadidchilik (milliy uyg`onish) harakatining taraqqiyot va tugatilish davridir.
Milliy uyg`onish (jadid) adabiyoti XIX asr ohirlarida yuzaga kelgan mazkur harakat g`oyalarining adabiy-badiiy ifodasi edi. Lekin gap shundaki, u jadidchilikning shunchaki bir ko`rgazmasi (illyustradiyasi) bo`lib qolmadi, chinakam adabiyotga aylandi. U yangi adabiyotni boshlab berdi. Avji taraqqiysi 1915-1925 yillarga to`g`ri keldi.
Shulardan kelib chikrb, milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotini 2 bosqichga ajratdik:
1. Milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotining ilk bosqichi: manbalari va yuzaga kelishi (XIX asr ohirlari).
2. Milliy va ijtimoiy kurashlar davri: taraqqiyoti va tugatilishi (XX asr birinchi choragi).
Bu davr adabiyoti yangilanish davri adabiyotidir. Unda qadim davrlardan kelayotgan adabiy turlar saqlandi. Devon adabiyotida she’riyat (poeziya) asosiy o`rin egalladi. Aruz asosiy vazn bo`ldi. G`azal, ruboiy, tuyuq, ta’rih, muammo, muhammas, musaddas, musamman va ayniqsa, masnaviydan keng foydalanildi. Sayohat hotiralarini ifodalovchi sayohatnoma janri maydonga keldi.
Keng ma’noni qamrab oluvchi ishq mavzui bu davrda ham she’riyatning markaziy mavzui bo`lib qoldi. Lekin ilohiy ishq, tasavvuf g`oyalari kuchaydi. YUsuf Saryomiy (1845-1912), Ziyovuddin Haziniy (1867-1923) kabi shoirlar ko`proq diniy-tasavvufiy she’rlari bilan shuhrat topdilar. Badiiy adabiyotda hajviyot rivoj topdi. Adreslik tanqid kuchaydi.
Realistik tasvir keng o`rin ola boshladi. Kundalik matbuot va bosmaxonalarning maydonga kelishi bilan she’riyat va o`quvchi orasi yaqinlashdi. Yangi janrlar (masalan, publitsistika, ocherk kabi) paydo bo`ldi. Jumladan, 1887 yili Harkov qishloq ho`jalik ko`rgazmasida ishtirok etgan samarqandlik savdogar Mirzo Buhoriyning Boku, Harkov, Moskva, Peterburga sayohati hotiralari («Turkiston viloyatining gazeti», 1888 yil, 4-7-sonlar), toshkentlik savdogar Toshmuhammad Isamuhamedovning 1900 yili Boku-Istanbul yo`li bilan Parijga sayohati (44-45-sonlar), gazeta mualliflaridan Sattorxon Abdug`afforovning (1890), shoir Zokirjon Furqatning (1891, 2-23-sonlar), Xudoyorxonning kichik o`g`li Ibn Yaminbekning (1893, 22-28, 32-sonlar) o`z qo`llari bilan yozilgan tarjimai hollari, hususan, rus madaniyati bilan bog`lanishlariga oid hotiralari, toshkentlik Orifho`janing sayohatnomasi (1894 yil 28-son) bosildi.
Ikki tillilik (zullisonayn) an’anasi davom etdi. Madrasa ko`rganlarning deyarli hammasi arab, fors tillaridan habardor edilar. Shoirlarning ko`pchiligi o`zbek tili bilan bir qatorda tojik tilida ham ijod eta olar edilar. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Shayx Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiylar bu davr o`zbek shoirlari uchun ham ilhom berdilar. Shu bilan birga tabiiyki, shoirlarimiz Muhammad Fuzuliy, Mahtumquli kabi turkiy dunyoning yuksak yulduzlarini ham o`zlariga ustoz bildilar.
Xorazmda Ogahiy, Bayoniy kabi ijodkorlar tashabbusi bilan tarjima maktabi maydonga keldi. O`nlab asarlar fors tilidan tarjima qilindi. Toshkentda mashhur hind eposi «Kalila va Dimna»ni Fazlulloh Almaiy (1852—1891), arab ertaklari «Ming bir kecha»ni Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) forschadan o`zbekchaga ag`dardilar. Murodho`ja domla tomonidan Sa’diy Sheroziy «Guliston»ining yangi tarjimasi amalga oshirildi. 80-yillarda L. N. Tolstoy, 90-yillardan A. S. Pushkin, A. A. Krilov nomlari Turkistonga kirib keldi. 1887 yili L. N. Tolstoyning «Odamlar nima bilan tirik» hikoyasi, 1899 yili Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning «Boqchasaroy fontani», «Shoir» asarlari tarjimasi «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida bosildi. So`ngroq Saidrasul Aziziy (1866-1933), Aliasqar Bayramali Kalinin, Abdulla Avloniy (1878-1934) kabi mualliflarimizning usuli jadid maktablari uchun tuzilgan darsliklariga kiritildi.
Adabiy harakatchilik an’anaga ko`ra ko`proq Qo`qon, Xiva, Samarqand, Buxoroda rivoj topdi. Biroq Toshkent ham yangi poytaht sifatida tez yuksalib, adabiy-madaniy markazga aylana boshladi.
Madaniy hayot. Zabt etilgan o`lka moddiygina emas, madaniy jihatdan ham talon-taroj qilindi, muqaddas tariximizdan abadiy hotira va esdalik bo`lib qoluvchi Amir Temur bobomizning tahtlariyu, anjom-aslohalarigacha tashib ketildi, ulug` obidalar yo`q qilindi. Bular hali hammasi emas. Shu davrning yirik tadqiqotchisi va bilimdoni professor Begali Qosimov “millatning eng qimmatli boyligi - nodir qo`lyozmalar, kitoblar”ga ham changal solinganini aniq faktlar asosida shunday keltiradilar: “1868 yili Samarqand zabt etilganida general Abramov dunyoga mashhur Usmon Qur’onini Sankt-Peterburgga jo`natdi. General Kaufman topshirig`iga ko`ra sharqshunos A.L. Kun Xiva saroyidan 300 nodir qo`lyozmani olib ketdi. N. Hanikov Buxorodan 166 sara asarni, V.L Vyatkin Samarqaddan 190 kitobni shu maqsadlarda yiqqan edi”2.
Shunga qaramay, bu davrda o`lkaning madaniy-adabiy va ijtimoiy hayotida ma’lum o`zgarishlar bo`ldi. Bu o`zgarishlar, ayniqsa, Toshkentda ko`zga tashlandi. 1870-yilda Toshkentda kutubxona tashkil qilindi. Turli madaniy-ilmiy muassasalar vujudga keldi, fan maorif va madaniyat taraqqiyotida ham ilgari siljishlar bo`ldi, masjid va madrasalar faoliyati ilgarilandi. Bu haqida ustoz B.Qosimov quyidagi ma’lumotlarni berganlar: “1890-yili Buxoroda 217 masjid, 185 madrasa bor edi. 1917 yil 26 noyabrda Qo`qon shahrida 392 masjid, 40 madrasa qayd etilgan. 1884 yili Qrimdagi Bog`chasaroy shahrida Ismoilbek Gasprali “usuli jadid” degan yangi o`quv usuliga asos soladi. 90-yillarda bu yangi usul Turkistonga etib keladi. 1893 yili Ismoilbek Gaspralining o`zi Buxoroga kelib, amir bilan uchrashadi va yangi maktab ochishga muvaffaq bo`ladi. U bilan birga kelgan shirvonlik Majid G`anizoda esa Samarqandda 40 kun qolib “usuli savtiya”ni o`rgatadi. Bunday maktablar (Chor hukumatining maqsad va intilishlariga zid o`laroq) Toshkent, Andijon kabi shaharlarda ham ochila boshlaydi. A.V.Pyaskovskiy ma’lumot berishicha, 1895-1901 yillarda Toshkentda 4 ta usuli jadid maktabi bor edi. 1900 yili Andijonda ham shunday maktab ochildi. 1907 yili Turkistonda 30 ta jadid maktabi bo`lib, ularda 1300 bola o`qir edi. Chor hukumati bunga qarama-qarshi rus-tuzem maktabiga zo`r berdi. 1884 yili Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochildi, 1891 yili Xivada, 1894 yili Buxoroda tashkil qilindi. 1917 yilning boshlarida Turkistonda 170 rus-tuzem maktabi bor edi”3.
B.Qosimov mazkur maktablarning maqsadi rasman rus tilini mukammal biladigan savodxon etishtirish bo`lsa-da, aslida yuqori hukumatga “tobe”, “itoatgo`y” xizmatkorlarni tayyorlash bo`lganligi haqida ham e’tirof etib o`tgan edi. Turkiston madaniy hayotidagi muhim voqealardan yana biri 1868 yilda Toshkentda birinchi bosmaxonaning ochilishi bo`ldi. Turkistonda kitob bosish va matbaachilik ishlari ilgariladi. 1870 yilda “Turkestanskie vedomosti” gazetasi va uning ilovasi tarzida “Turkiston viloyatining gazeteti” chiqa boshladi. Nazarimizda, “chor hukumati o`zining mustamlaka rejimini» nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohada, balki milliy- madaniy, milliy-diniy sohalarda ham qat’iy o`rnatdi, ya’ni bir so`z bilan aytganda, milliy-madaniy taraqqiyot mustamlaka manfaatiga bo`ysundirildi. “Turkiston viloyati gazeti” buning yaqqol dalili. Negaki, A.V. Pyaskovskiy ta’rifi bilan aytganda, “Turkiston - ruslar uchun” shiori bilan ish ko`rdi go`yo. Gazeta muharriri Nikolay Ostroumov (1846-1930)ning sa’yi-harakatlari bilan rus madaniyati, ilm-fani, hatto urf-odatlari targ`ib - tashviq qilindi, Rusiyani “madaniyat o`chog`i” sifatida talqin etdi, albatta, bularning barisi O`rta Osiyo mamlakatlari madaniyatini ko`kka sovurish, kamsitish, an’anaviy urf-odatlarimizdan yuz o`girtirish evaziga ro`yobga chiqdi. Bir so`z bilan aytganda, gazeta O`rta Osiyo xalqlarini chorizmga muhabbatli va sadoqatli qilib tarbiyalashda vosita vazifasini bajardi. Shunday bo`lsa-da, o`zbek adabiyoti va san’atiga oid materiallar, Ogahiy, Komil, Muqimiy, Kamiy, Nodim kabi shoirlarimizning she’rlari ilk marotaba shu gazeta sahifalarida chop etildi. Gazetaning biz uchun ahamiyatli bo`lgan tomoni ana shunda. Shu tariqa Turkistonda vaqtli matbuot tarixi o`zining ilk qadamini tashladi. 1898 yilda Toshkentda «Russkiy Turkestan”, 1904 yildan Samarqandda “Samarqand” gazetalari chiqa boshladi. 1906 yili Toshkentda dastlabki o`zbek tilidagi «Taraqqiy” gazetasi chiqa boshladi. Bu o`zbek milliy matbuotining ilk debocha gazeti edi, shundan keyin jadidlar tomonidan chiqarilgan «Sadoi Turkiston” gazeti o`z ishini boshladi.
Adabiy hayot. XIX asrning II yarmi XX asr boshlaridagi o`zbek adabiyoti mumtoz adabiyotimizning an’analarini saqlagan holda o`zida yangiliklar yaratib, XX-XXI asr adabiyoti uchun poydevor bo`lgan adabiyotdir. Bu davr adabiyotida mumtoz she’riyatdagi tur va janrlar (g`azal, ruboiy, tuyuq, muammo, muhammas, musaddas, muamman, masnaviy, ta’rih kabilar) bilan bir qatorda sayohat taassurotlari tasviri sifatida bo`lmish sayohatnoma (Muqimiy, Furqat, Nodim), she’riy hikoya (Muqimiy, Furqat), maktubot (Muqimiy, Nodim) janrlari vujudga keldi va rivojlantirildi. Shuningdek, matbuot mahsuli o`laroq publitsistika va badiiy ocherk ham badiiy ijodda o`z o`rni va mavqeini topa boshladi.
Mazkur davr ijodkorlaridan Yusuf Saryomiy (1845-1912), Ziyovuddin Xaziniy (1867- 1923) tasavvuf g`oyalarini kuylagan so`nggi shoirlar bo`ldi.
Tadqiq etilayotgan davr adabiyotiga yangi ruh, yangi g`oya kirib keldi. Adabiyotning mavzu doirasi kengaydi, mazmun tarkibi o`zgardi, ya’ni badiiy adabiyotda hajviyotning o`ziga hos tomoni paydo bo`ldi va taraqqiy etdi. Davr adiblari millat qayg`usi va uning muammolarini ko`tarib chiqibgina qolmay, balki uning echimini ham topdilar, ya’ni millat onggi va tafakkurini isloh qilish va shu mazmundagi asarlar yozish zarurligini tushundilar. Shoirlarimiz xalqning iztirob va qayg`ulari, orzu-istaklari bilan qadam-baqadam bordilar.
Yangi davr adabiyoti ijodkorlarining aksariyati zullisonayn shoir sifatida ijod qildilar, chunki ularning deyarli ko`pchilik qismi madrasa ko`rgan, arab, fors-tojik va hatto ba’zilari rus, boshqa ajnabiy tillarni ham yahshi bilganlar.
Zullisonaynlik an’anasi izchil davom etayotgan bu davrda tarjimachilik maktabining paydo bo`lishi ham tabiiy. Xorazmda Ogahiy, Komil Xorazmiy, Bayoniy, Toshkentda Almaiy, Samarqandda Sidqiy Xondayliqiy, Siddiqiy Ajziy, Vasliy Samarqandiy kabi ijodkorlar tarjima maydonida munosib ijod qildilar.
Adabiy – madaniy harakatchilikning bosh markazi sifatida Toshkent har jihatdan tez taraqqiy eta boshladi. Xiva, Qo`qon, Samarqand, Buxoro shaharlarda ham adabiy harakat ko`tarinki ruhda edi.
Milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotining yorqin bir sahifasidir. Professor B. Qosimov “Izlay-izlay topganim” kitobida bu davrning turli xil ko`lam va iqtidordagi 90 ga yaqin qalam ahllarining ro`yhatini keltirganlar.
Xiva adabiy – madaniy hayoti shoh va shoir Muhammad Rahimxoni soniy Feruz rahnamoligida rivoj topdi va taraqqiy etdi. Uning tashabbusi bilan bosmaxona paydo bo`ldi, tarjima maktabining, tazkirachilik an’anasining yangi shakllari paydo bo`ldi. Bu zamon va makon Komil Xorazmiy, Feruz, Bayoniy, Tabibiy, Avaz O`tar kabi adabiy-badiiy tafakkurning ulug` siymolarini etishtirib berdi.
Tadqiq etilayotgan davrda taqdir achchiq va iztirobli voqeliklar aro ba’zan marhamatini darig` tutmadi. Bu vaqtdagi Xiva hukmdori Feruz O`rta Osiyo xonlari orasida aqllisi va ziyolisi va ham yahshi shoir edi. Buxoroda esa aynan shu davrda siyosiy maydonidagina emas, adabiy hayotning ham e’tiborli kishisi bo`lgan Amir Abdulahadxon (1859-1910) hukmdor edi. Uning amirlik davri 1885-1910 yillarda, ya’ni yurtda ham siyosiy, ham ijtimoiy, ham adabiy hayot qaynayotgan murakkab va ziddiyatli davriga to`g`ri keldi. Abdulahadxon «Ojiz” tahallusi bilan she’rlar yozgan sohibi devon bo`lgan. Ikki mulkning bu ikki hukmdori adabiyotga olamiga dahldor shahslar bo`lganliklari yurtda madaniy- adabiy hayotning rivojlanishiga, qancha-qancha yangi nomlar va yangi asarlar kashf etilishiga sabab bo`ldi. Bu taqdirning turkistonliklarga in’omi edi. Buxoroda Afzal mahdum Pirmastiyning «Afzaliut-tazkor fi zikrish–shuaro val ash’or”(“Shoirlar va she’rlar haqida Afzal tazkirasi”) (1904), Ne’matulla Muhtaram ( 1910), Mirsiddiq Hashmat va Abdilarning “Tazkiratush-shuaro” kabi tazkiralari ham Abdulahadxonning rag`bati va rahnamoligida dunyoga keldi. Buxoroda adabiy hayot mana shu tarzda kamol topdi.
Qo`qon adabiy muhiti esa vodiy shoirlari bilan yana to`lgan edi.Furqat (1854-1909), Muqimiy (1850-1903), Zavqiy (1853-1911), Muhayyir (1845-1918), Usmonxo`ja Zoriy (1839-1916), Muhyi (1853-1921), Xaziniy (1867- 1923) kabi ko`lami keng yuqori maqomdagi davraga marg`ilonlik Ho`jajonxo`ja Rojiy (1839-1918), namanganlik Nodim Namangoniy (1844-1910), Ibrat (1862-1937), ho`jandlik Toshxo`ja Asiriy (1864-1916), sayramlik Yusuf Saryomiy (1845-1912), toshkentlik Karimbek Kamiy (1865-1922)larning qo`shilishi davraga o`zgacha fayz, o`zgacha ruh, yangi mazmun va yangi shakllar olib kirdi. Do`stlar davrasi, she’r shukuhi va kuy avji ijtimoiy voqelik bilan yo`g`rilib, uning ifodasi she’riyatning yangi shakllarida, yangicha talqinlariga turtki berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |