Adabiy tanqid “harakatdagi estetika”dir. Adabiy tanqid adabiyot hodisalarini, adabiy asarlarni tahlil qiladi, ularga baho berar ekan, o’zining ichki xususiyatlarini kashf eta oladi. Ilg’or adabiy tanqid 1) badiiy asarlarni keng targ’ib etishga; 2) xalqaro miqyosdagi ilg’or tamoyillardan muayyan xalq adabiy jarayonini voqif qilishga; 3) kitobxonlarning estetik idroki va zavqini oshirishga; 4) so’z san’atkorlarining shaxs va ijodkor sifatidagi takomiliga xizmat qiladi. V.G.Belinskiy adabiy tanqid va ijtimoiy fikr o’rtasidagi aloqani ko’zda tutib, haqqoniy tanqid hamisha jamiyatning o’y va orzularini ifodalaydi, degan edi.
Tanqid, yuqoridagi qayd etilganidek, imkoniyatlar doirasida davr va ruhiyat uchun tamoman yangi haqiqatlarni kashf etib, zamonasining san’at va adabiyoti rivojida yangi bosqich boshlanishiga asos solishi mumkin. Ammo bu hodisa, Belinskiyning ta’biri bilan aytganda, “buyuk va nodir hodisadir”.
Tanqid “o’z zamonasining go’zallik haqidagi hukmdor tushunchalarini aniqlash va ommalashtirish”ni han o’z oldiga maqsad qilib oladi. “Nazariya go’zallik qonunlarining tizimli va uyg’un birligidir; ammo uning bir kemtik tomoni bor: u ma’lum vaqt davomida qolib ketadi, tanqid esa beto’xtov davom etadi, olg’a boradi, fan uchun, yangi materiallar, yangi ma’lumotlar yig’adi. Bu harakatdagi estetikadir…”.
Tanqidning yana bir xususiyati – uning publitsistika bilan chambarchas aloqadorligi. Adabiy jarayon hodisalarini va adiblarning ayrim asarlarini tahlil etib, ularning qimmatini keng ommaga tushuntirib berishga va ommaning estetik didini tarbiyalashga mo’ljallangan tanqid o’z o’quvchisiga vaqtli matbuot orqali murojaat etadi. Xalq va uning adabiyoti tarixida boshlanayotgan yangi davrlarda bu xususiyat, ayniqsa, bo’rtib ko’rinadi.
Yangi uyg’onish davri hisoblangan XX asr tongidagi o’zbek jaded tanqidchiligi, Istiqlol arafasi, hamda mustaqillikning dastlabki yillaridagi o’zbek tanqidchiligi tarixi buning yorqin dalilidir. XIX asrning birinchi yarmida Belinskiy: “Tanqid allaqachon bizning ommaning (o’quvchilar va tomoshabinlar ommasining) ehtiyoji bo’lib qoldi. Hech bir jurnal yoki gazeta tanqid va bibliografiya bo’limisiz yashay olmaydi”, - deb yozgan edi. Bu hol hamma madaniy xalqlar tarixi, shu jumladan, O’rta Osiyo xalqlari tarixidagi dalillar bilan ham tasdiq etiladi.
Shuni esda tutish kerakki, tanqidning adabiyotshunoslikdan uning mustaqil qismi sifatida ajralib chiqishi qator xalqlarda, asosan, XIX asrning ikkinchi choragida sodir bo’ldi. Hatto Belinskiy zamonasida ham, jumladan, uning asarlarida adabiyotshunoslik ko’pincha bir butun hodisa sifatida maydonga chiqqan. Inchunin, Belinskiyning ilg’or jurnallar (aytaylik: “Otechestvenniye zapiski”) sahifalarida bosilgan aksariyat asarlari ko’p hollarda rus adabiyotining o’tmishini tahlil qilish bilan boshlanar edi.
Shu ma’noda o’tmish davriga oid asarlar tahlil etilgani hamda ular haqida mulohazalar yuritilgani bilan, bu mulohaza va chiqarilgan ayrim xulosalar bugungi adabiyot ravnaqi nuqtayi nazaridan hozirgi adabiy jarayon muammolari yo’nalishidagi maqolalar ham mansubligiga ko’ra adabiyotshunoslik yohud adabiyot tarixi emas, adabiy tanqid namunalari hisoblana oladi.
Tanqiddagi badiiylik va obrazlilik uning xos xususiyatlaridan biri bo’lib, ilmiy-tahliliy mazmunga singgan holda namoyon bo’ladi. Yozuvchi o’z qarashlarini, orzu-istaklarini obrazlar vositasida qalbning “dardi”, his-hayajoni bilan o’quvchilar ommasiga yetkazsa, asosiy maqsad qilib o’quvchilar ruhiy olamiga, ruhiyatiga ta’sir qilishni nazarda tutsa, adabiy tanqidchi o’z fikr-mulohaza va qarashlarini faqat izchil mantiq vositasida muntazam va aniq bayon qilish yo’li bilangina emas, ularni ayni vaqtda ba’zan xayolga erk berish, obrazli va badiiy fikrlash bilan qo’shib olib boradi. Asosiy maqsad qilib kitobxon aqlgagina emas, ruhiyati va tug’ulariga ham ta’sir qilishni nazarda tutadi.
Qisqasi, kitobxon tanqidiy asardagi munaqqidning jo’shqin hissiyotini, ehtirosini sezib turishi lozim. Ana shundagina tanqidiy asarlar qo’ldan-qo’lga o’tadi, tez tarqaladi. Tanqidchilar ham muayyan darajada san’atkorga o’xshab kitobxonlarning hurmat-ehtiromiga sazovor bo’ladilar. V.G.Belinskiy tajribasiga nazar solaylik. U qaysi janrdagi asarni tahlil qilmasin, shu janrda so’z san’atkori yaratgan obrazlarni, badiiyatni qaytadan yana bir marta yaratadi, ularni boyitadi, takomillashtiradi, tarashlaydi, kamchiliklarini aniqlaydi. O’z qalbi va estetik hissiyoti orqali shoir yaratgan badiiy asarga bemisoli qaytadan jon kiritadi.
Uning “qo’li tegishi” bilan badiiy asar bamisoli hayotdan yangi kuch-quvvat oladi: Undagi obrazlar ravshanlashadi, teranroq ifodasini topadi, ta’sir kuchi oshadi. Jarayondagi adabiy oqimning, tamoyilning to’g’ri yo’nalishidan borishga yoki uni to’g’ri solib yuborishga kuchli ta’sir etadi.
Asr boshlarida Fitrat va Cho’lpon kabi munaqqidlar ijodida obrazli tanqidiy tafakkurning turli ko’rinishlari uchraydi. I.Sulton, M.Qo’shjonov va O.Sharafiddinov, I.G’ofurov kabi tanqidchilar ijodi haqida ham shu fikrni aytish mumkin. Adabiy tanqidning bu xususiyati tanqidchining ma’lum bir ma’noda san’atkor bo’lishini taqozo qiladi.
Adabiy tanqidchi asarni ham tafsilotlarda, ham qismlarda yaxlit ko’ra bilish qobiliyatiga ega bo’lmog’i darkor. Bu qobiliyat tanqidchidan ilmiy teranlik qatorida hayotni ma’lum darajada obrazli anglashni talab qiladi. U badiiy asarni qayta yaratish jarayonida ijtimoiy va axloqiy muammolarni asardagi jonli obrazlar, harakterlar tasvirini tahlil etish orqali namoyon etadi. Asarda ko’tarilgan masalalarning ijtimoiy estetik mohiyatini ochadi. Shu ma’noda adabiy tanqid adabiyotshunoslikning muayyan bir qismi bo’lishi bilan bir qatorda, badiiy adabiyotning o’zi kabi ma’lum darajada o’ziga xos insonshunosligi hamdir.
“Tanqidchilikning ahvoli bevosita butun adabiyotning ma’rifati darajasini ko’rsatadi, - deya tanqidni fan qatorida ko’radi A.S.Pushkin. So’ngra yana quyidagilarni e’tirof etadi, - tanqid san’at va adabiyot asaridagi latifliklar va kamchiliklarni kashf etuvchi fandir”. O’zbek adabiyotida A.Oripov, R.Parfi kabi noyob iste’dodlarning asarlari ayrim mafkuraviy korchalonlar hamda didi o’tmas ba’zi kitobxonlar tomonidan nohaq qoralanib va qabul qilinmay turgan kezlarda, didli, haqiqiy asarning qadriga yeta oladigan tanqidchilik bu asarning qadr-qimmatini to’g’ri belgilay oldi va ular ijodining ommalashuvida muhim ro’l o’ynadi. Mafkura botqog’iga botgan tanqidchilik Qodiriy, Fitrat, Cho’lpon, Usmon Nosir asarlarini yer bilan yakson qilib turgan bir paytda ilg’or millatparvar tanqidchilar (V.Mahmud, H.Yoqubov vab) ular asarlardagi qadriyatni to’g’ri baholadi va bu tamoyil vaqt o’tishi bilan o’zbek tanqidchiligida ustuvor bo’lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |