Evolyutsiya katta va kichik koʻlamda sodir boʻladi
Dalillarni koʻrib chiqishdan oldin evolyutsiya nima ekanini toʻgʻri anglayotganimizga ishonch hosil qilib olaylik. Keng maʼnoda, evolyutsiya uzoq vaqt davomida populyatsiyaning genetik materiali (irsiy xususiyatlari)dagi oʻzgarishni anglatadi. Biolog olimlar evolyutsiyaning koʻlamiga qarab uni ikki turga boʻladilar:
Makroevolyutsiya uzoq muddat davomida sodir boʻlgan yangi turlar va guruhlar paydo boʻlishi kabi keng koʻlamdagi oʻzgarishlarni oʻz ichiga oladi.
Mikroevolyutsiya qisqaroq vaqt davomida sodir boʻladigan, populyatsiyadagi bir yoki bir nechta genga taʼsir koʻrsatuvchi kichik koʻlamdagi oʻzgarishlardir.
Mikroevolyutsiya va makroevolyutsiya aslida ikkita alohida jarayon emas. Ular turli vaqt oraligʻida sodir boʻladigan bir xil jarayonlardir. Ming yoki million yillar davomida sodir boʻlgan mikroevolyutsiya jarayonlari qoʻshilib, yangi turlar va guruhlar paydo boʻlishi kabi katta koʻlamdagi oʻzgarishlarni hosil qiladi.
Evolyutsiyani tasdiqlovchi dalillar
Biz bu maqolada makro va mikro koʻlamdagi evolyutsiyani tasdiqlovchi dalillarni koʻrib chiqamiz.
Dastlab makroevolyutsion hodisalarni tasdiqlovchi dalillar (jumladan, fizik va molekulyar xususiyatlar, geografik maʼlumotlar va qazilmalar)ning bir necha turi bilan tanishamiz.
Maqola oxirida esa mikroevolyutsiyani qanday qilib toʻgʻridan toʻgʻri kuzatish mumkinligini pestitsidga chidamli hasharotlarning paydo boʻlishi misolida koʻrib chiqamiz.
Anatomiya va embriologiya
Darvin evolyutsiyani “modifikatsiyalangan avlod” sifatida uzoq muddat davom etgan avlodlar almashinuvi natijasida turlarning oʻzgarishi va yangi turlarning paydo boʻlishi jarayoni deb hisoblaydi. U hayotning evolyutsion tarixi har bir shox umumiy ajdod turiga borib taqaladigan, koʻplab turlarga ega boʻlgan, shoxlangan daraxt koʻrinishini hosil qilishi haqidagi gʻoyani ilgari surdi.
Charlz Darvinning “Turlarning paydo boʻlishi” kitobidan joy olgan shoxlangan diagramma yangi turlar uzoq vaqt davomida oldin mavjud boʻlgan turlardan paydo boʻlishini namoyon etadi.
Bu daraxt modelidagi bir-biriga bogʻliq boʻlgan tur guruhlarida ularga yaqinroq joylashgan umumiy ajdod tur boʻlib, har bir guruh oʻzining oxirgi umumiy ajdod turidagi xususiyatlarni namoyon qiladi. Bu gʻoyadan “orqa tomondan hisoblash”da va organizmlar bir-biriga umumiy xususiyatlari boʻyicha qay darajada aloqador ekanini aniqlashda foydalanish mumkin.