Oilada hamshiralik jarayonini amalga oshirishda qo‘llaniladigan nazariyalar Hamshiralarimiz aholini oilada muntazam kuzatib borish uchun „Ish jarayoni“ni 5 bosqichda amalga oshirishlari kerak. I bosqich – oila a’zolarining sog‘lig‘ini aniqlash, bemor anamnezini yig‘ish va laboratoriya tekshiruvini o‘tkazish. II bosqich – oila muammolarini o‘rganish va bemor shikoyatini aniqlash, hamshira tahlilini o‘tkazish. III bosqich – hamshira yordamini va parvarish rejasini tuzish. IV bosqich – rejani amaliyotda qo‘llash. V bosqich – bajarilgan ishlarni tahlil qilish va natijani oila a’zolariga ma’lum qilish. Oilaviy hamshiralar uchun bu 5 ta bosqichni qamrab olgan „Oila a’zolarining oilada muntazam nazorati“ standart jurnali amalga joriy etiladi. Jurnalda oila a’zolarining ism-sharifi, tug‘ilgan yili va sanasi ko‘rsatilgan bo‘lib, unda hamshiraning tibbiy xulosasi, bemorning qon bosimi, pulsi, tana harorati va shikoyati haqidagi ma’lumotlar qayd etilishi lozim. Eng asosiysisi, shu oilada qanday muammolar mavjud, yoki masalan, bemor qon bosimining oshishiga qanday muammolar sabab bo‘ldi va birinchi navbatda bemorni qon bosimi oshmasligi uchun mavjud muammoni qanday bartaraf etish kerakligi haqida hamshira fikr yuritishi kerak. Bemorga ko‘rsatiladigan yordam rejasi asosida amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan yordam natijasi ushbu jurnalda o‘z aksini topishi kerak. Onalik va bolalikni muhofaza qilish Mamlakatimizda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, nogironlikni oldini olish, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi muammolari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buni istiqlol davri yillariga berilgan alohida maqomlardan, ya’ni respublikada 1998-yil „Oila yili“, 1999-yil „Ayollar yili“, 2000- yil „Sog‘lom avlod yili“, 2001-yilni „Onalar va bolalar yili“ yoki 2006-yilni „Homiylar va shifokorlar“ yili deb e’lon qilinishi va davlat dasturlarida amalga oshirilgan ishlar miqyosida yaqqol ko‘rish mumkin. „Ayolni qadrlash, og‘ir ishlardan xalos etish, yomon illatlardan himoya qilish – er kishining, butun jamiyatning burchidir“, deb ta’kidlagan edi yurtboshimiz. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq respublika rahbariyati tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish maqsadida muhim tadbirlar amalga oshirildi. Хususan onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yaxshilash va zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish maqsadida 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „O‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lomlashtirish muammolarini kompleks hal qilish to‘g‘risida“ gi qarori qabul qilindi. „Sog‘lom avlod uchun“ xalqaro xayriya jamg‘armasi, mustaqil O‘zbekistonning I va II darajali „Sog‘lom avlod“ ordeni ta’sis etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Sog‘lom avlod Davlat Dasturi to‘g‘risida“gi qarorida sog‘lom avlodni tarbiyalash yuksak insoniy qadriyatlarga asoslangan, ma’naviy boy, yuqori ma’lumotli, jismonan kuchli va har tomonlama yetuk shaxsni shakllantirish eng muhim masala sifatida e’tirof etiladi. Bunda chuqur ma’no bor. Bolalar va yoshlar haqida o‘ylash bu – o‘z mamlakatining kelajagini o‘ylash va mustaqillik yillarida boshlangan jamiyatni yaxshilashdek buyuk ishni davom ettirish demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |