— 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida [Ko‘chirma] Globallashuv sharoitida hamda xalqaro va mintaqaviy mojaralar transformatsiyasi davom etayotgan bir paytda, ekstremizm va terrorizmga qarshi samarali kurashish masalasi kun tartibidagi dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari diniy aqidalar niqobi ostida yoshlarni zo‘ravonlikka, milliy o‘zligini, madaniy-ma’rifiy va oilaviy qadriyatlarini yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda zo‘ravonlik va radikal qarashlarni tarqatishni davom ettirmoqda. Bularning barchasi fuqarolarni ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari safiga jalb qilish uchun shart-sharoit yaratmoqda.
Shu munosabat bilan, ekstremizm va terrorizmning oldini olish va chek qo‘yish hamda ularni moliyalashtirish manba va kanallariga barham berishga qaratilgan yanada samarali chora-tadbirlarni belgilash, bu borada milliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlarni birlashtirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish maqsadida vatanparvarlik, an’anaviy qadriyatlar va bag‘rikenglik mafkurasini targ‘ib qilish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish;
ayollar huquqlarini himoya qilish hamda ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish;
uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari ta’siridan himoya qilish;
Internet jahon axborot tarmog‘idan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish;
fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga keng jalb qilish;
ekstremistik va terrorchilik harakatlarini sodir etganlik hamda ularni moliyalashtirganlik uchun huquqiy ta’qib va javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
ushbu sohadagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik.
3. Quyidagilar:
vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarirahbarlari — “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda ularning ijrosi natijalari bo‘yicha har yarim yillik yakunida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga ma’lumotlarni taqdim etish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi (A.A. Azizov) — Strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlarni, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga o‘z vaqtida taqdim etib borish uchun shaxsan mas’ul ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati (V.V. Maxmudov) Strategiya ijrosining ahvoli to‘g‘risida har yarim yillikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borsin.
5. “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, budjetdan tashqari jamg‘armalar, xalqaro hamkorlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari jalb qilinadi.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat xafsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.