MAVZU: Nomavsumiy davrdagi sug’orish turlari va ularning ahamiyati
Reja:
1.Sug’orish turlari: namiqtiruvchi, namiqtiruvchi-sho’r yuvish, maxsus, muntazam, nomuntazam, liman sug’orish, yalpi (yoppasiga) sug’orishlar.
2.Noo’suv davridagi sug’orishlar: shudgordan oldin sug’orish, sho’r yuvish, nam to’plash maqsadida sug’orish, ekishdan oldin sug’orish, urug’ suvi berish, provakasion sug’orish, nam to’plash-o’g’itlash maqsadida sug’orish, sovuq urishiga qarshi sug’orish.
Tayanch tushunchalar: namiqtiruvchi, namiqtiruvchi-sho’r yuvish, maxsus, muntazam, nomuntazam, liman sug’orish, yalpi (yoppasiga) sug’orishlar, shudgordan oldin sug’orish, sho’r yuvish, nam to’plash maqsadida sug’orish, ekishdan oldin sug’orish, urug’ suvi berish, provakasion sug’orish, nam to’plash-o’g’itlash maqsadida sug’orish, sovuq urishiga qarshi sug’orish.
Adabiyotlar: A4; A5; A7; X1; X2; Q1; Q2; Q3;Q4.
1.Sug’orish – bu suvning oqim shaklini tuproq namligi shakliga aylantirish texnologik jarayoni bo’lib, tuproq tabiiy manbalar hisobiga yetarlicha namiqmaydigan sharoitlarda qishloq xo’jaligi ekinlaridan yuqori va barqaror hosil olish maqsadda qo’llaniladi. Sug’orish tuproqning suv, oziq, havo, issiqlik, tuz rejimlarini va unda kechadigan mikrobiologik jarayonlarni boshqarishga imkon beradi.
Hozirgi vaqtda agromeliorativ va tashkiliy-xo’jalik sharoitlardan kelib chiqqan holda quyidagi sug’orish turlari qo’llaniladi: namiqtiruvchi, namiqtiruvchi-sho’r yuvish va maxsus sug’orishlar. Namiqtiruvchi sug’orishlar tuproqda va atmosferaning yerga yaqin qatlamida o’simliklarni o’sib rivojlanishi uchun tuproqning qulay suv rejimini ta’minlash maqsadida qo’llaniladi. Namiqtiruvchi-sho’r yuvish sug’orishlar esa sho’rlangan yerlarda qulay tuz rejimini ta’minlashda qo’llaniladi. Maxsus sug’orishlarga nam to’plash maqsadida, shudgordan oldin va ekishdan oldin sug’orishlar, urug’ suvi berish, o’g’itlash, sovuq urishiga qarshi va provakasion sug’orishlar kiradi.
Sug’orish turlari har xil bo’lishiga qaramay, ular tuproq, o’simlik va atrof muhitga kompleks ta’sir etadi.
Sug’oriladigan dehqonchilik amaliyotida muntazam va nomuntazam sug’orishlar qo’llaniladi. O’zbekistonda deyarli barcha ekinlar muntazam sug’orish sharoitida yetishtiriladi. Bunda nam to’plash maqsadda sug’orishlardan tashqari ekinlar o’suv davrida o’simlikning suv iste’mol qilish dinamikasi xususiyatlarini hisobga olgan holda doimiy ravishda sug’orib turiladi.
Nomuntazam sug’orishlar suv resurslari bilan kam ta’minlangan hududlarda qishloq xo’jaligi ekinlarini bir yoki ko’pi bilan ikki marotaba sug’orish bo’lib, u ko’pincha respublikaning tog’li va tog’ oldi rayonlarida don va yem-xashak ekinlarini yetishtirishda qo’llaniladi. Unga nam to’plash maqsadida va liman sug’orishlarni ham misol qilib ko’rsatish mumkin. Bunday sug’orishlar mavsumda 1,5–2 m. li tuproq qatlamini namiqtirish uchun 1 marotaba o’tkaziladi. Kuz va erta bahorda tuproqda yetarlicha nam zaxirasi to’plash kuzgi va bahorgi donli ekinlar, ko’p yillik o’tlar, bog’ va tokzorlardan yuqori hosil olish garovidir.
O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’izston va Kavkaz ortining tog’li va tog’ oldi mintaqalarida yetishtirilayotgan ekinlardan ayrimlarigina sug’orib turiladi. Bunday sug’orish tanlab sug’orish deyiladi. Yog’in kam tushadigan, lekin tuproqlari unumdor bo’lgan vodiylarda esa sug’orishga talabchan g’o’za, sabzavot, sholi va boshqa ekinlar yetishtiriladi. Bu hududda parvarish qilinayotgan ekinlarning barchasi sug’orish o’tkazishni talab etadi va shu sababdan bunday yerlardagi sug’orishlar yalpi (yoppasiga) sug’orishlar deb yuritiladi.
2.Shudgordan oldin sug’orish. O’zbekistonning tekislik mintaqalaridagi sizot suvlari chuqur joylashgan yerlarda ekinlarni o’suv davrida sug’orishlar tugallanib, hosil yig’ib olingandan so’ng yog’inning deyarli tushmasligi oqibatida tuproqning ustki qatlamida, ayniqsa, bug’doy, yozda haydab buziladigan bedapoya va boshqa ko’p yillik o’tlardan bo’shagan dalalar tuprog’ida nam miqdori keskin kamayib ketadi. Bu hol yerga asosiy ishlov berishni qiyinlashtiradi: yer belgilangan chuqurlikda haydalmaydi, palaxsa kesaklar ko’chib, mayin shudgorlashga erishilmaydi. Yerni sifatli haydash uchun tuproq namligi ChDNS ga nisbatan 70–75%dan kam bo’lmasligi (TNS ga nisbatan 40–60%) lozim. Buning uchun yoz oylarida shudgorlashdan 7–10 kun, kuzgi shudgorlashdan 10–12 kun oldin eski muvaqqat sug’orish tarmoqlari, yo’lak va cheklar orqali sug’orish o’tkaziladi. Sug’orish me’yorlari haydov qatlamini namiqtirish hisobidan belgilanadi: yengil tuproqlarda 700–800, o’rtacha – 900–1000 va og’ir tuproqlarda 1000–1200 m3/ga suv beriladi.
Sho’r yuvish. Markaziy Osiyoda tuproqlar sho’rlanishiga qarshi qo’llaniladigan muhim agromeliorativ tadbir – bu sho’r yuvishdir. Sho’r yuvishda tuproqning hisobiy qatlamidagi tuzlar chuqur qatlamlarga yuvib tushiriladi va zovurlar orqali sizot suvlar bilan birgalikda chiqarib yuboriladi. Ekinlardan mo’l hosil olish uchun u yoki bu darajada sho’rlangan barcha tuproqlar ekinni ekkunga qadar tuzlardan yuvilgan bo’lishi lozim.
B.V.Fyodorov tuproqni sho’rsizlantirishda qo’llaniluvchi profilaktik sug’orish va sho’r yuvishlarni ajratib ko’rsatdi. Profilaktik sug’orish hozircha sho’rlanmagan, lekin uni oldini olish maqsadida maxsus sug’orish o’tkazilmasa sho’rlanib qoladigan yerlarda qo’llaniladi. U har yili kuzda tuproqning ChDNS dan bir muncha yuqori me’yorda o’tkaziladi. Sho’r yuvish sifatini oshirishda quyidagi agrotexnik tadbirlar – tuproqni sho’r yuvishga tayyorlash sifati, sho’r yuvish muddati va usullari, sho’r yuvish me’yorlarining ahamiyati kattadir. Yaxshi tekislangan va shudgor qilingan yerlarda sho’r yuvish samaradorligi yuqori bo’ladi.
Qoraqalpog’iston respublikasi va Xorazm viloyatlarida sho’r yuvish 1–10 dekabr va qo’shimcha ravishda fevral oxiridan 1–10 aprelgacha, Mirzacho’l va Farg’ona viloyatlarida 25–31 dekabrgacha, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 15–20 yanvargacha o’tkazish yaxshi natijalar beradi.
Tuproq sharoitlariga bog’liq holda sho’r yuvish turli usullarda olib boriladi: kuchsiz sho’rlangan yengil mexanik tarkibli tuproqlar eski egatlar orqali yoki yo’laklab bostirib yuvilishi mumkin; kuchli va o’rtacha sho’rlangan og’ir tup-roqlar chek olib bostirib yuvilishi shart. Chek olib bostirib yuvish oqova chiqarmasdan, chekdan chekka suv tashlash yoki qisman oqova chiqarish yo’li bilan o’tkaziladi.
Cheklar turli kattaliklarda olinadi: yengil, yaxshi suv o’tkazuvchan tuproqlarda 0,05–0,08 ga, o’rtacha – 0,10–0,15 va og’ir tuproqlarda 0,20–0,25 ga. ni tashkil etadi. Sho’r yuvishda cheklar 15–20 sm chuqurlikda suv bilan bostiriladi (u 1500–2000 m3/ga. ni tashkil etadi). Umumiy sho’r yuvish me’yori katta bo’lganda sho’r yuvish bir necha bosqichda olib boriladi.
Zovurlashtirilgan sharoit uchun sho’r yuvishning umumiy me’yori A.Ye.Nerozin (1957) taklif etgan quyidagi ifoda yordamida hisoblanadi:
bu yerda M – sho’r yuvishning umumiy me’yori, m3/ga; P – tuproq hisobiy qatlamining chegaraviy dala nam sig’imi, m3/ga; m – sho’r yuvish arafasida shu qatlamdagi suv zaxirasi, m3/ga; (P–m) – tuproqning chegaraviy dala nam sig’imigacha namlash uchun zarur bo’lgan suv miqdori, m3/ga; S – tuproqning hisobiy qatlamidan yuvilishi lozim bo’lgan xlor miqdori, m3/ga; k – suvning sho’r yuvish qobiliyatini ko’rsatuvchi koeffisiyent, kg/m3; n – sho’r yuvishdan ekin ekishgacha bo’lgan davrda suvning bug’lanishi, m3/ga; A – shu davrda tushadigan yog’in miqdori, m3/ga; S/k - tuzlarni siqib chiqarib yuborish me’yori, m3/ga.
Tuproqdan yuvilishi lozim bo’lgan xlor miqdori qo’yidagi ifoda yordamida hisoblanadi:
bu yerda z – sho’r yuvish arafasida tuproqdagi xlor miqdori, %; z1 – sho’r yuvishdan keyin tuproqda qoldirilishi ruxsat etilgan xlor miqdori,%; 1000 – tonna hisobidagi xlor miqdorini kilogrammga aylantirish uchun ko’paytuvchi.
Zovurlashtirilmagan sharoit uchun sho’r yuvishning umumiy me’yori I.F.Muzichik taklif etgan quyidagi ifoda yordamida aniqlanadi:
bu yerda M – sho’r yuvishning umumiy me’yori, m3/ga; P – tuproqning chegaraviy dala nam sig’imi, m3/ga; m – sho’r yuvishdan oldingi tuproqdagi suv zaxirasi, m3/ga; H – sho’r yuvishdan oldingi sizot suvlar chuqurligi, m; H1 – sho’r yuvishdan keyin sizot suvlarning ko’tarilishi ruxsat etiladigan chuqurlik, m; – sizot suvlar ko’tarilgan balandlikni shu ko’tarilishga olib keluvchi suv qatlamiga nisbati; (H–H1)/ – sizot suvlarning yo’l qo’yiladigan ko’tarilish qatlamini shu ko’tarilishni ta’minlovchi suv qalinligiga nisbati, m; [(H–H1)/]∙10000 – tuzlarni yuvib chiqarish me’yori, m3/ga.
Ishlab chiqarish amaliyotida kuchsiz sho’rlangan yengil qumoq va qumloq tuproqlar bir marta 1500–2000 m3/ga, o’rtacha sho’rlangan og’ir qumoq tuproqlar 2–3 marta umumiy 3000–5000 m3/ga va kuchli sho’rlangan og’ir soz tuproqlar (zovurlashtirilgan sharoitda) 3–4 marta 6000–9000 m3/ga umumiy me’yorlarda yuviladi.
Nam to’plash maqsadida sug’orish. O’zbekistonning tekislik mintaqasida, ayniqsa, janubiy mintaqalarda kuz, qish va erta bahor oylarida yog’in suvlarining kam (120–200 mm/yil) va bug’lanishning ko’p bo’lishi ekish davrida tuproqda namlikning yetarlicha to’planmasligiga va buning oqibatida urug’ning bir tekisda to’liq unib chiqmasligiga sabab bo’ladi. Tuproq namligini yetarlicha bo’lishini ta’minlash uchun nam to’plash maqsadida sug’orish (yaxob berish, zapas sug’orish) o’tkaziladi. Bunday sug’orish natijasida tuproqning tabiiy namligi ortadi, qiyg’os ko’chatlar olinadi, mavsum davridagi birinchi sug’orishni 5–6 kunga kechiktirib o’tkazishga sharoit yaratiladi, sug’orish soni kamayadi, paxta hosili 2–4 s/ga. ga oshadi.
Nam to’plash uchun sug’orishlarni sizot suvlari yer yuzasiga yaqin (1–1,5 m) joylashgan yerlarda o’tkazish tavsiya etilmaydi.
Sug’orishlar o’tkazilgan yerlarda begona o’tlar jadal unib chiqadi va ular kultivasiya o’tkazilganda nobud bo’lib, o’suv davrida ularning miqdori keskin kamayib ketadi.
Nam to’plash uchun sug’orishning qulay muddatlari bo’lib fevral va mart oyining boshlari hisoblanadi. Sug’orish maxsus olingan egatlar orqali yoki yo’laklab yoppasiga bostirib o’tkaziladi. Mevali bog’larda eski egatlar yoki yo’laklar orqali amalga oshiriladi.
Yengil mexanik tarkibli tuproqlarda 1,5–2 m. li qatlamni namiqtirish uchun sug’orish me’yori 1000–1200 m3/ga, o’rtacha – 1200–1600 va og’ir tuproqlarda 1800–2000 m3/ga atrofida belgilanadi.
Ekishdan oldin sug’orish. Janubiy iqlim mintaqasidagi paxta yetishtiriladigan yerlarda tuproq namligi ChDNS ga nisbatan 50–56%gacha kamayib ketadi. Chigit ekilgandan keyin urug’ suvi berib, ularni undirib olish qator kamchiliklarga ega: uni o’tkazish juda murakkab va sermehnat; sug’orish natijasida tuproq ustida paydo bo’lgan qatqaloqni yumshatishda o’simliklarning bir qismi zararlanib, nobud bo’ladi; sug’orishda ish unumdorligi juda kam (smenada 0,5 gektargacha) va boshqalar. Shu sababdan bunday yerlarda ekinni ekishdan oldin sug’orish katta ahamiyat kasb etadi. Ekishdan oldin sug’orishdan asosiy maqsad – bu tuproq namligini ekish davri uchun qulay darajada ta’minlash hamda urug’ni bir tekisda va qiyg’os undirib olish uchun qulay sharoit yaratishdir.
Ishlab chiqarish amaliyotida sug’orishlar ekishdan 10–12 kun oldin oralig’i 60 yoki 90 sm bo’lgan 16–18 sm chuqurlikda olingan egatlar orqali yoki yo’laklab yoppasiga bostirib o’tkaziladi.
Sug’orish me’yori tuproqning mexanik tarkibi va namligiga bog’liq holda 0,7–1,0 m qatlamni namiqtirish uchun qumli, yengil qumoq va o’rtacha qumoq tuproqlarda 1000–1200 m3/ga, og’ir mexanik tarkibli bo’z tuproqlarda 1500–1600 m3/ga. ni tashkil etadi.
Urug’ (chigit) suvi berish. Bahorda dalani ekishga tayyorlash va ekish jarayonida tuproqning ustki qatlamini qayta-qayta ag’darilishi, havo haroratini ko’tarilishi va shamol ta’sirida chigit ekiladigan qatlam haddan ziyod qurib ketishi mumkin. Agar urug’ namligi yetarlicha bo’lmagan tuproqqa tushsa, u unib chiqmaydi. Shu sababdan bunday yerlarda ekish tugallanishi bilan urug’ suvi beriladi. Buning uchun chigitni ekish bilan bir vaqtda 10–12 sm chuqurlikda egat olib ketiladi, so’ngra muvaqqat ariqlar olinib, sug’orish o’tkaziladi. Yengil mexanik tarkibli tuproqlarda sug’orish har bir egat orqali, og’ir tuproqlarda esa egat oralatib o’tkazilishi mumkin.
Egatlardan suvni jildirab oqishi, bir egatdan boshqa egatga o’tib ketishi va ko’llashiga, pushtani suv bosishiga yo’l qo’ymaslik lozim. Aks holda pushtada qatqaloq paydo bo’lib, o’simliklarni nobud bo’lishiga sabab bo’ladi. Tuproqni ortiqcha namlash g’o’zada ildiz chirish kasalligini keltirib chiqaradi. Chigit suvi nisbatan kichik me’yorlarda, ya’ni tuproqning ustki 0–50 sm qatlamini namiqtirish hisobidan o’tkaziladi. Sug’orish me’yori yengil mexanik tarkibli tuproqlarda 600–700 va og’ir tuproqlarda 700–800 m3/ga bo’lishi lozim.
Nazorat uchun savollar
1. Qanday sug’orish turlarini bilasiz? Ularni tavsiflang.
2. Qanday sug’orish turi keng qo’llanilib kelinmoqda?
3. Noo’suv davrida qanday sug’orishlar o’tkaziladi?
4. Shudgordan oldin sug’orish: qo’llash sharoitlari, usullari, muddatlari va me’yorlari.
5. Sho’r yuvish: ahamiyati, o’tkazish usullari, muddatlari va me’yorlari. Sho’r yuvish me’yorini hisoblash uslubi.
6. Nam to’plash maqsadida sug’orish: ahamiyati, o’tkazish usullari, muddatlari, me’yorlari. Sug’orish me’yorini hisoblash uslubi.
7. Ekishdan oldin sug’orish: ahamiyati, o’tkazish usullari, muddatlari, me’yorlari.
8. Urug’ suvi berish: ahamiyati, o’tkazish usullari, muddatlari, me’yorlari.
9. Nam to’plash-o’g’itlash maqsadida sug’orish haqida nimalarni
Do'stlaringiz bilan baham: |