Mavzu:Navoiy bobomlar.
Ta`limiy maqsad: O`quvchilarga shoir Tursunboy Adashboyevning “Navoiy bobomlar” she`rini ifodali, ravon va ongli o`qishga o`rgatish.
Tarbiyaviy maqsad: Buyuk bobomiz, she`riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida tushunchalar berish, ulug` ajdodimiz merosini o`rganish hissini tarbiyalash.
Rivojlantiruvchi maqsad: O`quvchilarning og`zaki nutqini o`stirish mustaqil mutolaaga yo`naltirish.
Dars turi: Yangi bilim beruvchi.
Dars metodi: Suhbat, mustaqil ish.
Dars jihozi: Darslik, A. Navoiy portreti, test savollari, texnik vosita.
Darsning borishi :
Tashkiliy qism: O’qituvchi bolalar bilan salomlashib, bugungi sana, oy, kun haqida so’raydi. 2016-yil ”Sog’lom ona va bola” yilining maqsad va mohiyati haqida qisqa suhbat uyishtiradi.
O’qituvchi:-bolalar hozir yozuv taxtasi yoniga 3 o’quvchini taklif etamiz. (1-topshiriq)
1-o’quvchi yozuv taxtasiga bahor faslini tasvirlab, rasm chizadi.
2-o’quvchi bahor fasliga oid 2, 3 ta gap tuzib yozadi.
3-o’quvchiga o’tilgan mavzu bo’yicha savollar beriladi. (yozuvchi Xondamirning “ Tanbeh” asari asosida )
1) Alisher Navoiy naqqoshning yalqov va beparvoligiga qarshi qanday chora qo’lladi?
2) Hikoyadan buyuk bobomiz Alisher Navoiyning qanday fazilatlarini bilib oldingiz?
3) Biz nima uchun A Navoiy bilan faxrlanamiz?
O’quvchilarning bilimlari rag’batlantiriladi. So’ngra 5 ta savoldan iborat test topshirig’i tarqatiladi.
O’qituvchi:- O’quvchilar, endi test daftaringizni ochingda, javob yozishga tayyorlaning.
-
Ulug’ allomalardan kimlarni bilasiz?
-
A. Navoiy, Farobiy
-
Al Xorazmiy, Zafar Diyor
-
Farobiy, Q. Muhammadiy
-
O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini kim yozgan?
-
Z. Diyor
-
A. Oripov
-
M. Burhonov
-
A. Navoiy yozgan asar nomini toping.
-
O’zbekiston
-
O’tgan kunlar
-
Xamsa
-
O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi qachon qabul qilingan?
-
1992 yil 10-dekabr
-
1992 yil 8-dekabr
-
1991 yil 18-noyabr
-
G’azal mulkining sultoni kim?
-
A. Oripov
-
A. Navoiy
-
Q. Muhammadiy
Test javoblari:
1-a; 2-b; 3-d; 4-a; 5-a;
Savollar bo’yicha to`g`ri javob topgan o`quvchilar aniqlanib ,baholanadi .
O`quvchilar diqqatini jalb qilish maqsadida “Zanjir “ o`yini tashkil qilinadi. O`yin sharti:Ulug` allomalardan kimlarni bilasiz? (Savolga o`quvchilar ketma-ket javob berishga harakat qiladilar)
1-bola :-A.Navoiy…
2-bola :-A.Navoiy, Z. M. Bobur…
3-bola :-A.Navoiy, Z. M. Bobur, M. Ulug`bek…
4-bola :-A.Navoiy, Z. M. Bobur, M. Ulug`bek ,Ibn Sino …
5- bola :-A.Navoiy, Z. M. Bobur, M. Ulug`bek, Ibn Sino, A. Temur…
(O`yinda 5 nafar o`quvchi qatnashadi.)
Dam olish daqiqasi kompyuter yordamida musiqali harakat.
Yangi mavzu:”Navoiy bobomlar”
T. Adashboyev she`ri.
O`qituvchi:-Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy 1441-yil 9- fevral kuni Hirot shahrida tug`ilgan. Alisher yoshligida odobli ,o`tkir zehnli ,zukko, she`riyatga qiziquvchan bola bo`lgan va kattalar e`tiboriga tushgan. Hozir biz sevimli shoirimiz Tursunboy Adashboyevning “ Navoiy bobomlar “ she`ri bilan tanishamiz.O`tgan darslarimizda T. Adashboyevning “Qish” nomli she`rini o`rgangan edik.(She`r muallifi T. Adashboyevning hayoti va ijodi haqida ma`lumot beriladi)
TURSUNBOY ADASHBOYEV.
Taniqli bolalar shoiri Tursanboy Adashboyev 1939 yilda qardosh Qirg`izistonning o`sh viloyatida qarashli Olabuqa tumanida tug`ilgan. U Toshkent
Davlat dorilfununini hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti instutini bitirgan. Shoir “OLATOG`-LOLATOG`” kitobida:
O`zbek, qirg`iz qoni singgan,
Sizga aytsam to`g`riman.
Shu boisdan ikki xalqning
Erka shoir – o`g`liman.
Deb yozganidek ikki elning farzandidir.
Tursunboy Adashboyev o`zbek va qirg`iz tillarida ijod qilgan.”Kamolning olmasi “ deb nomlangan birinchi kitobi 1967-yilda ,talabalik chog`idayoq nashr qilingan . Keyinchalik Toshkentda va Bishkekda “Biz sayohatchilar” (1969), “Ala Toluk bolomun”(1971)“Arslonbobo
shaharchasi”(1973), “Surnay”(1975), “Nur daryo”(1977),”Guldasta” (1979), “Olatog`-lolatog`” (1982),”Olabuqa to`lqinlari”(1985), “Sovg`a”(1987) to`plamlari bosilib chiqqan.
Tursunboy Adashboyevning hazil –mutoyiba bilan yozilgan qator asarlari rus,latish, qozoq, tojik tillarida chop etilgan.Eng sara she`rlari esa qirg`iz va o`zbek bolalar she`riyati antalogiyalaridan o`rin olgan. 1989-90-yillarda uning “Arslonbob afsonasi”,
“Sichqonning orzusi”, “Uch bo`taloq va sirli qovoq “ to`plamlari bosilib chiqqan.
Tursunboy Adashboyev jahon hamda qardosh xalqlar bolalar she`riyati vakillarining asarlarini o`zbek tiliga tarjima qilish borasida ham faol ish olib borgan.Korney Chukovskiy, Samuil Marshak, Musa Jong`oziyev, Qodir Mirzaliyev, Og`ageldi Allanazarov kabi shoirlarning she`rlarini yosh kitobxonlar Tursunboy Adashboyev tarjimasida sevib o`qimoqdalar.
-Demak yangi mavzu Alisher Navoiy haqida ekan ,siz uning qanday she`r va hikmatli so`zlarini bilasiz ?
1-bola :- Boshni fido ayla ato qoshig`a,
Jonni fido ayla ano boshig`a.
Tun kuningda aylagali nurfosh,
Birisin oy angla , birisin quyosh.
2-bola:Chin so`z e`tiborli, yaxshi so`z qisqa bo`ladi.
3-bola: Oz-oz o`rganib dono bo`lur,
Qatra-qatra yig`ilib daryo bo`lur .
4-bola: Bilmaganin so`rab o`rgangan olim
Orlanib so`ramagan o`ziga zolim.
5-bola : Tilni bilish –dilni bilishga yo`l ochar.
O`qituvchi:-Bolalar , hozir men shoir Tursunboy Adashboyevning Alisher Navoiyga bag`ishlab yozgan she`rni o`qib beraman.Siz o`qilishiga va mazmuniga e`tibor bering .
Navoiy bobomlar
Hirot tuprog`ida voyaga yetgan,
“Qush tili” yo`llarini munavvar etgan,
Yillar to`zonidan sog`-omon o`tgan
Navoiy bobomlar
Buyuk odamlar.
“Xamsa”si ko`ngilni shamdek yoritgan,
Tilimizni ko`rkam , boy etgan,
Mag`rib-u mashriq ham iftixor etgan
Alisher bobomlar
Qutlug` qadamlar.
Dostonlari chiqmagay yoddan,
So`rang Majnun ,Qaysdan ,Farhoddan,
Layli ,Shirin qaddi shamshoddan,
Navoiy bobomlar
Buyuk odamlar
Mir Alisher otash zabondir,
Umri boqiy omon-omondir,
G`azallari fidoyi-jondir,
Navoiy bobomlar
Qutlug` qadamlar.
O`qituvchi she`r mazmuni yuzasidan quyidagi savollarni berib , o`quvchilarni tushunchalarini so`raydi.
1)She`rda Alisher Navoiy haqida nima deyilgan?
2) She`da A. Navoiy asarlarining qaysi qahramonlari aks ettirilgan?
3) Alisher Navoiyning qaysi asarlarini bilasiz?
(She`r o`quvchilarga navbati bilan o`qitiladi)
3. Darsni mustahkamlash uchun savollar:
-Alisher Navoiy qachon va qayerda tug`ilgan?
-A. Navoiy yoshligida qanaqa fazilatlarga ega bo`lgan?
-A . Navoiy yozgan asar nomlarini aytib bering.
O`quvchilarning bilimlari rag`batlantirilib, baholanadi.
4.VAZIFA: She`rni yod olish.
Do'stlaringiz bilan baham: |