Boshqaruv sohasidagi islohotlar. O’zbekistonda boshqaruv tizimi tubdan isloh qilindi. Bozor iqtisodiyotiga o’tishni ta’minlovchi, bozor munosabatlarining faoliyati uchun imkon beruvchi yangi boshqaruv strukturasi yaratildi. Markazlashtirilgan tartibda qayta taqsimlash mexanizmidan bozor mexanizmiga, qattiq mahkamachilik va ma’muriy-buyruqbozlikdan huquqiy boshqaruvga, iqtisodiy omillar orqali o’zini-o’zi idora etishga o’tildi.
Ma’muriy-buyruqbozlik, to’rachilik tizimining o’zagini tashkil etgan Davlat reja qo’mitasi, Davlat ta’minot qo’mitasi, Davlat narxlar qo’mitasi, Davlat agro-sanoat qo’mitasi va boshqa qo’mitalar, vazirliklar, ularning ma’muriy apparatlari tugatildi.
Respublikada moliya va bank tizimi tubdan o’zgardi. Moliya vazirligi respublika byudjetini shakllatirish bilan bir qatorda, davlat soliq siyosatini, moliya siyosatini belgilamokda, valyuta ishlarini boshqarmoqda. Bank tizimi isloh etildi. Davlat banki va uning bo’linmalari tugatildi, Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, ixtisoslashtirilgan aktsiyadorlik-tijorat banklari-"O’zsanoatqurilishbank", "Paxtabank", "O’zjamg’armabank", "G’allabank", "Tadbirkorbank", "Savdogarbank", xususiy va boshqa banklar tuzildi. Banklarning mustaqilligi va pul muomalasi ahvoli uchun javobgarligi oshirildi.
Davlat nazorati tizimi tartibga solindi. Davlat soliq qo’mitasi, Bojxona qo’mitasi tuzildi. Davlat nazorati qo’mitasi, uning joylardagi organlari tugatildi. Prezident devonida nazorat inspektsiyasi, hokimiyatlarda tegishli nazorat inspektsiyalari tuzildi.
Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasi tashkil etildi. Bu qo’mita mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqishda, ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishda muhim tadbirlarni amalga oshiradi. Qo’mita investitsiya fondlari, fond birjalari, ko’chmas mulk birjalari, auditorlik xizmatlari va boshqa bozor strukturasi tuzilmalarini tashkil etmoqda.
O’zbekistonning ishlab chiqarish, transport bo’yicha tarmoq vazirliklari tugatilib, ular o’z-o’zini mablag’ bilan ta’milaydigan uyushmalarga, kontsernlarga, korporatsiyalarga va boshqa xo’jalik birlashmalariga aylantirildi. Avtomobil transportida, qurilishda boshqaruv tizimi qayta tuzildi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligining strukturasi, faoliyat va ish yuritish usullari tubdan o’zgardi.
Umummilliy ahamiyatga molik bo’lgan tarmoqlarda, masalan, sayohatchilik, transport, madaniyat, kino, televidenie va radio tizimi va boshqalarda iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lgan milliy kompaniyalar tashkil etildi.
Shunday qilib, mustaqillik qo’lga kiritilgandan beri o’tgan qisqa tarixiy davrda huquqiy davlat, uning zamonaviy hokimiyat organlari barpo etildi, ixcham, ochiq va tadrijiy rivojlanishga ega bo’lgan ijtimoiy-siyosiy tizim yaratildi. Bugungi kunda markaziy va yuqori davlat boshqaruv idoralari vazifalarini davlat hokimiyatining quyi tizimlariga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o’tkaza borishni ta’minlashdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |