- 1.Milliy tarbiyaning o'ziga xosligi va mezonlari
-
- Mustaqilligimiz sharofati bilan milliy o’zligimizga qaytish, unib-o’sib kelayotgan yoshlarimizni milliy ruhda tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar ochildi. Bugungi kunda o’quv adabiyotlarimiz, darsliklarimiz to’laligicha milliy g’oya bilan sug’orilgan mazmunga o’tdi.
- Ispaniyalik bir faylasuf olim butun umrini jahon xalqlarining urf-odatlarini, axloq-odobini o'rganishga, tadqiq qilishga bag'ishlagan ekan. Ittifoqo, o'sha olim bizni yurtimizga tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand, Buhoroda bo'libdi. Yurtiga qaytib borgach: „Hozirgacha o'rgangan, tadqiq qilgan barcha ishlarimni o'n besh yoshlik o'zbek qizalog'ining o'rnidan turib, qo'lini ko'ksiga qo'ygancha choy uzatishdagi odobiga, nazokatiga almashtirishga rozi edim", degan ekan. Biz shunday yuksak madaniyatli xalqning farzandlari ekanligimizdan har qancha faxrlansak arziydi, albatta.
- Darhaqiqat, xalqimiz azal-azaldan axloqiy fazilatlarga boy bo'lgan. Ota-bobolarimiz farzand o'stirar ekanlar, ularning xulq-atvorlariga, gap-so'zlariga, kishilar oldida o'zlarini qanday tutib, nimalar haqida fikrlashib, o'z maqsadlarini qanday so'zlar bilan tushuntirishlariga katta ahamiyat berishgan. Ular farzandlarining qo'rslik qilishi, kattalar suhbatiga aralashishi, nojo'ya ishlarga zinhor-bazinhor yo'l qo'ymaganlar. Bu narsalarga farzand tarbiyasining eng muhim tomoni deb qaraganlar.
- Ammo, ming taassufki, yaqin tariximizda sharqona tarbiya, axloq-odobning ming yillik tajribalaridan “eskilik sarqiti” deb voz kechdik, o'zligimizni unutayozdik. Axloqsizlik, hayosizlik, ichkilikbozlik, qadimiy merosimizdan nafratlanish asosida qurilgan “yangi axloq” zo'rlab targ'ib qilindi. Bu “ovrupocha odob”ning samarasini, xalqimiz boshiga solgan kulfatlarini, ma'naviyatimizga yetkazgan zararlarini bugun hammamiz ko'rib turibmiz.
- Sharqona odob ming yillar mobaynida islomiy tarbiya qoidalari asosida tarkib topib, takomillashib borganligi tarixdan ma'lum. Chunonchi, Qur'oni Karim oyatlari mazmuni, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom Hadislari, sharq allomalari va faylasuflarining kitoblari tarbiyamizning manbayi bo'lib xizmat qilgan.
- Odamzod dunyoga kelibdiki, mudom mukammal timsol axtaradi, komillikka intilib, ruhiy najot yo'lini qidiradi. Shu orzu intilish samarasi o'laroq, ma'naviyat bobida beqiyos kashfiyotlar qilingan.
- Komil inson haqidagi ta'limot insonni yuksak kamolotga yetishini ko'zda tutadi. Komillik bu — inson Yerda qilgan hamma ishlarining ma'naviy e'tiqod bilan sug'orilishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |