I.4. Statikaning asosiy tushuncha va qoidalari.
Kuchlar haqida umumiy bilim beruvchi, kuchlar tasiridagi jismlarning muvozanatini o`rganuvchi mexanikaning bir bo`limiga statika deyiladi.
Jismlarning muvozanati deganda, ularning boshqa jismlarga, masalan Yerga nisbatan tinch holati tushuniladi. Tabiatda uchraydigan barcha qattiq jismlar, tashqi tasir natijasida katta yoki kichik miqdorda o`z formasini o`zgartiradi (deformatsialanadi).
Deformatsiya kattaligi jismlarning materiali, ularning geometrik formasi va o`lchamiga hamda tasir etuvchi kuchning kattaligiga bog`liq. Turli xil inshoot va konstruksiyalar mustahkamligini taminlash uchun ularning materiali va o`lchamlari shunday tanlanadiki, tashqi tasirdan hosil bo`ladigan deformatsiya juda ham kichik bo`lsin. Shu sababli qattiq jismlarning muvozanat shartlarini o`rganishda ularning juda kichik deformatsiyalarini etiborga olmasa ham bo`ladi, yani ularni absolyut qattiq jism deb qaraladi.
Absolyut qattiq jism deb shunday qattiq jismga aytiladiki, uning istalgan ikki nuqtasi orasidagi masofa doimo o`zgarishsiz qoladi. Bundan keyin statika masalalarini yechishda barcha jismlarni absolyut qattiq jism deb qaraladi yoki qisqa qilib qattiq jism deb ataladi.
Mexanikaning asosiy tushunchalaridan yana biri moddiy nuqta tushunchasidir. O`lchamlari etiborga olinmaydigan massasi bir nuqtada to`plangan jismga moddiy nuqta deyiladi. Har qanday jismni moddiy nuqtalar to`plamidan tashkil topgan deb qarash mumkin. Berilgan jismning muvozanat holati yoki harakati uning boshqa jismlar bilan mexanik o`zaro tasir harakteriga bog`liq bo`ladi.
Moddiy jismlar o`zaro tasirining miqdoriy o`lchoviga kuch deyiladi.
Mexanikada o`rganiladigan kattaliklar ikkiga bo`linadi: skalyar va vektor kattaliklar. Faqat miqdorga ega bo`lgan kattaliklarga skalyar kattaliklar deyiladi. Miqdordan tashqari fazodagi yo`nalishi bilan ham harakterlanadigan kattaliklarga vektor kattaliklar deyiladi.
Skalyar kattaliklarga masofa, massa, vaqtni, vektor kattaliklarga esa tezlik, tezlanish va x.k.z. larni misol qilib ko`rsatish mumkin. Kuch-vektor kattalik. Kuchning jismga ko`rsatadigan tasiri:
1) kuch qo`yilgan nuqta, 2) kuchning yo`nalishi, 3) kuchning miqdori (moduli) bilan xarakterlanadi.
Kuchning moduli kuchni tanlangan o`lchov birligi bilan solishtirish orqali topiladi. Kuchning asosiy o`lchov birligi Halqaro o`lchov birliklar sistemasida (SI) 1 Nyuton (1 N) qabul qilingan. U boshqa o`lchov birliklarda ham o`lchanadi. Masalan, 1 kilonyuton (1 kN=1000 N), 1 kilogramm kuch (1 kg). Kuch dinamometr asbobi yordamida o`lchanadi. Kuchlar boshqa vektor kattaliklar kabi ustida chiziqcha chizilgan harf bilan (masalan F ), kuch moduli esa - F belgi yoki ustida chizig`i bo`lmagan harf F bilan belgilash qabul qilingan. Kuch chizmаga yo`nalishli kesma bilan ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |