O‘rta guruh. Besh yoshli bolalarni mehnat jarayonida uyushtirishning shakllari kichik guruhdagi bilan bir xildir. Bunda individual topshiriqlar katta o‘rin egallasa ham, biroq ular uzoq muddatli xarakterni kasb etadi. Bolalar ayni bir topshiriqning o‘zini 2–3 kun davomida bajaradilar. Natijada o‘rta guruhda mehnat jarayoni murakkablashib boradi. Katta guruhlar. Maktabgacha katta yoshdagi bolalarda faqat mehnatni tushunish ko‘nikmasigina emas, balki mehnat topshirig‘ini, uning natijasini ko‘rsatishni, topshiriqlarning ketma-ketligini, kerakli anjomlarni tanlashni, mustaqil mehnat qila bilishni (tarbiyachining yordamida) ham tarkib toptirish lozim. O‘simliklar va hayvonlarni parvarish qilish bo‘yicha individial topshiriqlar uzoq muddatli ishga aylanadi. Katta guruhdagi bolalarda tabiat burchagida navbatchilik qilish joriy qilinadi. Navbatchilikni tashkil etar ekan, tarbiyachi mashg‘ulot o‘tkazib, unda bolalarni navbatchilikning majburiyatlari bilan tanishtiradi, tabiat burchagida yashovchi jonivorlarni parvarish qilish usullarini eslatadi, yangilari bilan tanishtiradi. Bir vaqtda 2–3 bola navbatchilik qiladi. Navbatchilikka yaxshi ishlaydigan bolalar bilan birga malakalari yetarlicha shakllanmagan bolalar tanlanadi. Navbatchilik bolalarda javobgarlik hissini, ishbilarmonlikni tarbiyalaydi.
Tabiat bilan tanishtirishning og‘zaki uslubi. Suhbat Didaktik vazifalardan kelib chiqqan holda suhbat ikki turga — oldindan o‘tkaziladigan suhbatlar va yakuniy suhbatlarga bo‘linadi. Oldindan o‘tkaziladigan suhbatlarni tarbiyachi kuzatishlar, ekskursiyalardan oldin qo‘llaydi. Bunday suhbatning maqsadi — bo‘lajak kuzatishlar bilan mavjud bilimlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishdir. Yakuniy suhbat o‘rganilgan faktlarni tizimlashtirish, mustahkamlash va aniqlashga yo‘llanadi. Bu suhbatlar mazmunan turli darajada bo‘lishi mumkin: ba’zi kuzatiladigan obyektlarning tor doirasini (masalan, issiq o‘lkalarga uchib ketuvchi qushlar haqida, yovvoyi hayvonlarning o‘rmonda qishlashi va shu kabilar), boshqalari hodisalarning keng doirasini (masalan, mavsumlar haqida suhbatlar) qamrab olishi mumkin. Suhbat — bu bolalar bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotning yakunidir. Uning samaraliligi bolalarning tayyorgarliklariga bog‘liqdir. Shuning uchun tarbiyachi bolalarni kuzatishlar, mehnat faoliyati, o‘yinlar, tabiat haqidagi hikoyalar orqali suhbatga tayyorlashi lozim. Bolalarda nima haqida konkret tasavvur bo‘lsa, faqat shu mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Tarbiyachi suhbatning didaktik maqsadini aniq tasavvur qilishi, ya’ni uning mazmunini aniqlashi, umumlashtirishi hamda muhim tomonlarini ajratib, suhbat yakunida aniq bir xulosa chiqara olishi lozim. Suhbat hodisa, faktlarni analiz qilishdan, ularning xususiyatlari, belgilari o‘rtasidagi muhim aloqa hamda munosabatlarni ta’kidlashdan boshlanadi. Bunday analiz savollar orqali umumlashtirishga o‘tishni ta’minlaydi, tarqoq faktlarni bir tizimga soladi. Masalan: «Qaysi qushlar birinchi bo‘lib uchib keladi? Qora qarg‘ani qanday tanib oldik? Biz ularni qayerda ko‘rganmiz? Qora qarg‘alar dalada nima qilayotgan edi? Qora qarg‘alar nima yeydi?». So‘ng keyingi savol beriladi: «Nima uchun qora qarg‘alar boshqa qushlardan oldin uchib keladi?» (chug‘urchuq, qaldirg‘och va shu kabi boshqa qushlar haqida ham shunday savollar beriladi). Suhbatning ikkinchi qismida «Nima uchun hamma qushlar bir vaqtda uchib kelmaydi?» kabi umumlashtiruvchi savolni berish mumkin. Ular mazmunan aniq, to‘g‘ri, qisqa bo‘lishi kerak. Har bir savolda bitta fikr bo‘lishi shart. Qisqa «ha» yoki «yo‘q» javoblarini talab qiluvchi savollarni berib bo‘lmaydi. Bunday savollar tafakkurning o‘sishini, munosabatlarning aniqlanishini ta’minlamaydi.
Tarbiyachi suhbat davomida bolalarning xulosa, umumlashtirishlarini o‘zlari mustaqil chiqarishlariga g‘amxo‘rlik qiladi. Suhbatda xilma-xil ko‘rgazmali materiallardan ham foydalanish zarur. Bular tabiat jismlari, ob-havo kalendarlari, gerbariylar, illyustratsiyalardir. Bundan tashqari topishmoqlar, she’rlar, qushlar ovozining yozuvlari foydalidir. Bu bolalarda muhokama qilinayotgan hikoyaga nisbatan emotsional munosabat uyg‘otadi. 45 Suhbat bolalarni tabiat bilan tanishtirish uslubi sifatida, o‘rta va maktabgacha katta yoshda qo‘llaniladi. O‘rta guruhda suhbat, asosan, hodisalarni eslatishga, katta va maktabga tayyorlov guruhlarida esa mavjud bilimlarni umumlashtirish va sistemaga solishga yo‘naltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |