Katta guruh (5-6 yosh)Yuqori daraja (8-10 ball): bola vazifani to‘g‘ri tushunadi, uni bajaradi va so‘z bilan tushuntirib beradi; 3-4 ta (yoki undan ortiq) so‘zdan gap tuzadi. Nutqiy vaziyatda ikki-uchtadan so‘zni (ot, sifat, fe’l) to‘g‘ri tanlaydi; nutqda iltimos qilishda, minnatdorchilik bildirishda xushmuomalalik shakllaridan foydalanadi; 6-10 ta iboradan tarkib topgan ravon hikoya tuzadi.
O‘rtacha daraja (5-8 ball): bola vazifani tushunadi va bajaradi, so‘zli izohlar tuzadi; ikkita so‘zdan gap tuzadi, lekin bu talab qilinayotgan grammatik shaklda emas; iltimos qilish, minnatdorchilik bildirishda xushmuomalalik shakllarini eslatilganidan so‘ng qo‘llaydi; 4-6 ta iboradan iborat matnlar tuzadi.
Past daraja (3-5 ball): bola vazifani tushunadi va uni bajaradi, biroq uni so‘z bilan tushuntirib bera olmaydi; gap tuza olmaydi, faqat ko‘rsatilayotgan so‘zni takrorlaydi; nutqda iltimos qilishda, minnatdorchilik bildirishda xushmuomalalik shakllarini qo‘llamaydi; hikoya tuzishda faqat predmetlarni (hodisalarni) sanab o‘tish bilan cheklanadi.
Tayyorlov guruhi (6-7 yosh)Yuqori daraja (8-10 ball): bola o‘tgan zamon va kelgusi zamon shakllarini tushunadi va to‘g‘ri qo‘llaydi; o‘z shahri, ko‘chasi haqida hikoya tuzadi, so‘zlarni kerakli grammatik shakllarda to‘g‘ri moslashtiradi; hikoya qilishda bayon etishning ravonligi, ravon nutqda uzilish va takrorlashlar, pauzalarning yo‘qligi kuzatiladi; 8-12 ta iboradan tarkib topgan hikoyani tuzadi.
O‘rtacha daraja (5-8 ball): bola o‘tgan zamon va kelgusi zamon shakllarini tushunadi va to‘g‘ri qo‘llaydi; kattalar yordamida o‘z shahri, ko‘chasi haqida hikoya tuzadi; so‘zlar av gaplarni kelishtirishda xatolikka yo‘l qo‘yadi; hikoya qilishda nutqda uzilish va takrorlashlar kuzatiladi; 5-8 ta iboradan iborat bo‘lgan hikoyani tuzadi.
Past daraja (2-5 ball): bola o‘tgan zamon va kelgusi zamon shakllarini qo‘llashda xatolikka yo‘l qo‘yadi; o‘z shahri, ko‘chasi haqida mustaqil ravishda hikoya tuza olmaydi, faqat pedagogning savollariga javob beradi, xolos; gapda so‘zlarni moslashtirishda xatolikka yo‘l qo‘yadi; nutqda uzilish, takrorlashlar, pauzalar kuzatiladi; 2-3 ta iboradan iborat bo‘lgan hikoyani tuzadi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarning o‘zga tildagi (rus, o‘zbek) nutqiy malaka va ko‘nikmalarini tadqiq etish natijalari shuni ko‘rsatdiki, bolalarda o‘zbekcha og‘zaki nutqni egallash darajasi rus tilidagi og‘zaki nutqni egallash darajasiga qaraganda yuqoridir, bu esa ruscha nutq muhitining yo‘qligi, rus tilini va uni o‘qitish metodikasini biladigan tarbiyachilar (o‘qituvchilar)ning etishmasligi, shuningdek, o‘rganilayotgan tilda boshlang‘ich davrda dialogik nutqni o‘rgatishning ilmiy asoslangan metodikasining yo‘qligi bilan ham izohlanadi. Demak, maktabgacha katta yoshdagi bolalarga o‘zga tilda dialogik nutqni o‘rgatishing ilmiy asoslangan va eksperimental tarzda sinab ko‘rilgan tizimini yaratish zarurati amalda mavjud.
Rus va o‘zbek tillarida ta’lim olib boriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘zga tilni (rus, o‘zbek tillarini) o‘qitishning hozirgi kundagi ahvoli shu bilan tavsiflanadiki, «maktabgacha yoshdagi bolalarning dialogik nutqini rivojlantirish» tushunchalari dialogik shaklda ishtirok etuvchi til materialining lingvistik xususiyatlarini hisobga olmagan holda foydalanilmoqda. Bolalarga o‘zga tilda (rus, o‘zbek) muloqot qilishni o‘rgatish asosan turli tamoyillarga asoslangan turlicha metodik qo‘llanmalar7 mualliflari tomonidan tuzilgan muayyan miqdordagi tayyor dialoglarni yod olishdan iborat, deb tushuniladi.
Mashg‘ulotlarda o‘quv maqsadlarida foydalaniladigan savol-javob konstruksiyalari, tabiiy muloqotda ishtirok etadigan dialoglarning yo‘qligi tarbiyachilar (o‘qituvchilar) bolalarning o‘rganilayotgan tildagi dialogik nutqini rivojlantirishga oid vazifalarni bir tomonlama tushunishga, ayniqsa, faqat o‘rganilayotgan leksik mavzular bo‘yicha savol-javoblar tuzish ustida ish olib borishga olib keladi.
Maktabcha katta yoshdagi bolalarning ko‘pchiligida dialogik jumlani tuzilmaviy jihatdan tashkil qilish ko‘nikmalari mavjud emas: ularning dialoglaridagi luqmalar odatda, bir-biri bilan shaklan va mazmunan bog‘lanmagan; suhbatda dialogik ketma-ketlik mavjud emas; bolalarning og‘zaki suhbatiga xos bo‘lgan tuzilmaviy turlar faqat savol-javobdan iborat.
Yuqorida bayon qilingan fikrlar maktabgacha katta yoshdagi bolalarga o‘zga tildagi dialogik nutqni nutqiy namunalar faol o‘zlashtiriladigan va esda saqlab qolinadigan real kommunikatsiyalar sharoitida o‘qitish zarurligini isbotlamoqda.
Uzluksiz ta’limning (maktabgacha ta’lim) birinchi bosqichida o‘zga tilda dialogik nutqni o‘qitish metodikasi keyingi bosqichlardagi ta’limdan farq qiladi, chunki, bolalarning yosh xususiyatlari, ularning mazkur bosqichdagi lug‘at zahiralarining hisobga olinishi ta’lim usullarini belgilab beradi.
Birinchi bosqichda o‘zga tilda dialogik nutqni o‘qitish jarayonida o‘rganuvchilar kommunikatsiyaning dastlabki ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. Bu ko‘nikmalar o‘zga tilni o‘qitishning keyingi bosqichlarida takomillashtiriladi. SHubhasiz, ta’limning eng boshidan boshlab bolalarda nutqiy faoliyat ko‘nikmalarini shakllantirish zarur. Maktabgacha yoshdagi bolalarda dialogik nutqni o‘stirish va rivojlantirish ishlari ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lishi lozim. Dialog tuzishning xususiyatli belgilarini bilish tarbiyachi, o‘qituvchining muvaffaqiyatli ish olib borishining zarur omili hisoblanadi, bu esa bolalarning o‘rganilayotgan tilni bilish darajasiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, dialogga xos bo‘lgan tuzilish sxemalarining eng ko‘p uchraydigan turlari aniqlandi.
Bolalar dialoglarining aksariyati savol-javob sxemasi asosida qurilgan. U savol-javob dialogik juftliklari (dialogik birliklar)ning birlashishini aks ettiradi. Savol-javobga asoslangan hamkorlikni o‘rgatish muayyan darajada o‘zining ijobiy natijalarini beradi. Biroq, maktabgacha bo‘lgan bolalik davrida o‘rganilayotgan tilda jonli muloqot qilishning eng oddiy malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish muammosi bu bilan hal bo‘lmaydi. Hattoki agarda bola savol bera olsa va unga javob qaytarsa ham, hali bu uning eng oddiy hayotiy vaziyatda suhbatdoshi bilan o‘rganilayotgan tilda suhbatlasha oladi, degani emas.
Pedagog bolalarga ularning yoshiga xos bo‘lgan barcha nutq tuzilmalaridan foydalanishni o‘rgatishi zarur. Ularning oldida luqmalar dialoglarini tashkil qiluvchi tuzilmaviy xususiyatlarni, pirovardida dialog tuzish qonuniyatlarini ochib berish uchun nafaqat gap tuzishni, balki ularni murakkab kommunikativ majmualarga uyg‘unlashtirish qoidalarini ham o‘rgatish zarur. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, dialogga o‘qitish birligi sifatida gapdan ko‘ra yirikroq birlik, xususan ikki-uchta o‘xshash luqma-gaplar qabul qilinishi lozim. Ushbu bir-biriga bog‘liq luqmalarning o‘zaro hamkorligi jarayonida amalga oshirilayotgan maqsadning motivi ob’ektivlashadi. SHundan kelib chiqqan holda, bunday yaqin uyg‘unlikdagi fikrlarning bog‘lanishi funksional bog‘liqlik hisoblanadi.
6-7 yoshdagi bolalarning monologik fikrlari xususiyatlari nutqni rivojlantirishning quyidagi mezonlarini hisobga olgan holda o‘rganildi:
- fikrning mazmunliligi, so‘zlarni aniq qo‘llash va tezkorlik;
- bildirilgan fikrlarning umumiy hajmi, gapda mustaqil so‘zlarni qo‘llash, bu «oldindan sintez qilish» qobiliyatini tavsiflaydi (N.I.Jinkin);
- sintaktik tuzilmalarning murakkabligi darajasi, shuningdek «iboralarning chuqurligi».
Sintaktik tuzilmalarning murakkabligi darajasi deganda bog‘langan ergash gap sonining qo‘shma ergash gapga nisbatani tushunish lozim, bu esa bolalar nutqi sintaksisining rivojlanishini tavsiflaydi, «iboralarning chuqurligi» ko‘rsatkichi har qanday gap bo‘lagining predikativga bog‘liqlik darajasi sifatida tushuniladi. Tobelikning katta darajasi yoki qadami hajmi iboraning lo‘ndaligini ko‘rsatadi (M.R.Lvov).
6-7 yoshli bolalarning monologik fikrlarini tahlil qilishda shu narsa aniqlandiki, o‘zga (rus, o‘zbek) tilidagi jumlalar hajmi bitta bolaga o‘rtacha 3 dan 6 tagacha ibora to‘g‘ri keladi.
Eng ko‘p jumlalar hajmi rasmga qarab hikoya tuzishga, eng kami esa – muayyan mavzu asosida yoki o‘zining shaxsiy tajribasidan kelib chiqib hikoya tuzishga to‘g‘ri keladi. Fikrlarning tezkorligi bir daqiqada 8 dan 10 tacha so‘z doirasida o‘zgarib turadi.
Jumlalar hajmi va nutqning tezkorligi nafaqat bolaning faol lug‘atini, balki «oldindan sintez qilish» qobiliyatini ham tavsiflaydi. Bundan tashqari, jumlalar hajmi bolaning ob’ekt bilan tanishlik darajasidan dalolat beradi. Bolalarning biron-bir narsa yoki hodisa haqidagi bilimlari qanchalik chuqur va xilma-xil bo‘lsa, ularning ana shular bilan bog‘liq fikrlari shunchalik hajmli bo‘ladi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarning o‘zga (rus, o‘zbek) tildagi og‘zaki fikr bildirishlarini tahlil qilish ularning nutqida oddiy ikki tarkibli yig‘iq gaplar hukmronlik qilayotganini ko‘rsatmoqda (qizcha o‘ynamoqda, quyon sakrayapti va h.k.).
Oddiy ikki tarkibli yig‘iq gaplar, uyushiq kesimli, aniqlangan-shaxsli, shaxssiz gaplarni maktabgacha katta yoshdagi bolalar o‘rganilayotgan tilda qo‘llashmaydi.
Garchi savollarga javob berishda savol shaklining o‘zi gapdagi kerakli so‘z tarkibini anglatib tursa-da bolalar savollarga javob berishda so‘z tartibida xatolikka yo‘l qo‘yadilar. Bolalar oddiy gapda so‘zlarni to‘g‘ri joylashtirishni yaxshi bilmaydilar. Tarbiyachi bola oldiga qo‘yadigan savol uning fikrini uyg‘otishi, uni aqliy faollikka chorlovchi turtki bo‘lishi lozim. Bolalarning fikrlash faoliyatining yo‘nalishi va mazmuni savolning nutqda ifodalanishiga bog‘liq bo‘ladi. Suhbatda tarbiyachi savollar tizimi va bolalar javoblarida to‘g‘ri grammatik tuzilishni talab qilish bilan ularning analitik-sintetik faoliyatini, taqqoslashni, qiyoslashni, umumlashtirishni tashkil qiladi.
Bolalarning o‘zga (rus, o‘zbek) tildagi monologik fikrlarida so‘z birikmalarini tuzishda xatoliklar qayd etilgan: ega kesim bilan noto‘g‘ri moslashtirilgan (Repka vыros bolshoy-bolshoy); kelishiklarda va kelishik-gap boshqaruvlaridagi xatoliklar, ya’ni bolalar mazmun bo‘yicha talab qilinadigan old qo‘shimcha va zarur kelishikni emas, balki boshqalarini qo‘llaydilar (Mama na bolnitsa rabotaet).
Bundan tashqari, bolalar nutqlarida, bir tomondan, zarur bo‘laklarni tushirib qoldirish, boshqa tomondan esa – gap tuzilmasini izdan chiqaradigan va bola aytgan fikrni tushunishni qiyinlashtiradigan ortiqcha so‘zlar uchraydi.
Tadqiq etilgan bolalardan 60 foizining ruscha va o‘zbekcha nutqlarida bolalar nutqlariga xos bo‘lgan hodisa – nutqning uzilib-uzilib qolishi qayd etilgan. T.A.Ladыjenskayaning fikricha, buning sabablari quyidagilardan iborat:
- uzoq cho‘zilgan pauza bolaning bundan keyin nimalarni so‘zlashni bilmayotgani va buni to‘xtash paytida o‘ylab olayotganligi bilan izohlanadi. Natijada nutq ravon bo‘lmaydi. Odatda bunday pauzalar bola bundan buyog‘iga nimalarni so‘zlashni o‘ylab olayotgan alohida gaplar o‘rtasida yuz beradi. U iborani to‘ldirishi yoki uning nihoyasini takrorlashi mumkin;
- bola fikrni ifoda qila olmaydi. U nima deyishni biladi, biroq so‘z tanlash va gap tuzishda qiynaladi. Bola bir iborani boshlashi bilan uni tashlaydi va yangisini boshlaydi;
- bola aytganlaridan qoniqmaydi va tuzatish uchun biroz to‘xtab qoladi.
YUqorida qayd etilganlar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktabgacha katta yoshdagi bolalarning o‘zga (rus, o‘zbek) tilni egallash darajasi dasturiy talablarga javob bermaydi.
Bolalarning o‘rganilayotan tilni past darajada bilishlarining sabablari quyidagilardan iborat: tarbiyachilar o‘rganuvchilarning ona tili xususiyatlarini hisobga olmaydilar; faqat nutqiy namunalardagi so‘zlarni yod olishga oid mashqlardan foydalanadilar; o‘yin vaziyatlarida nutqiy namunalarni yaratish va u bilan kombinatsiyalar bajarishga oid mashqlarni muntazam qo‘llamaydilar; oraliq, xususiy nutqiy malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishga etarlicha e’tibor berilmaydi; yangi so‘zlarni kiritishda bolalar so‘zning ma’nosini tushunib etishi va uni yodda saqlab qolishiga oid usullarga e’tibor berilmaydi; nutqiy namunalar ustida maxsus ish olib borilmaydi; dialogik birliklarning kommunikativ rang-barangligi qo‘llanilmaydi, buning oqibatida maktabgacha yoshdagi bolalarda o‘rganilayotgan tildagi og‘zaki nutq malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga oid ishlarda izchillik mavjud emas.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘qitish jarayonini tashkil etish ko‘p hollarda o‘zga til (xuddi chet tili kabi) bola shaxsining turli xil rivojlantirishning, uning maktabgacha ta’lim muassasasidagi faoliyatini amplifikatsiya qilishning umumiy vazifalari bilan umuman bog‘liq bo‘lmagan tarzda alohida ajratilgan «predmet» hisoblanadi.
O‘zga tilni o‘qitishning muvaffaqiyatliligini baholashda boladan muayyan sondagi so‘zlarni bilish, standart savolga standart javob bera olish qobiliyati talab etiladi, ya’ni muloqot jarayonida o‘rganilayotgan tilni egallash emas, balki sof mnemonik qobiliyatlar, bolaning xotirasi tekshiriladi.
Bunda maktabgacha yoshda o‘zga tilni egallash eng avvalo qismlarga ajratilmagan holatda ro‘y berishi, bu esa faoliyat va tilning tabiiy bog‘liqligini aks ettirishi hisobga olinmaydi. Tilni egallashdan uni o‘rganishga o‘tishda tilni o‘zlashtirish aniq maqsadni ko‘zlagan holda yo‘naltirilayotgan tashqi undash tufayli ro‘y beradi. Didaktika jihatidan o‘zini oqlaydigan bunday yondashuv tilni o‘rganishdagi asosiy qiyinchilikni yuzaga keltiradi: tabiiy faoliyat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra o‘rganilayotgan til komponent sifatida biron-bir faoliyatga qo‘shilishi lozim, uni amaliyotda o‘qitishning o‘ziga xosliklari tufayli u bunday faoliyatdan sun’iy ravishda mavhumlashadi va o‘zlashtirishnng mustaqil predmeti ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu mavhumlik predmet sifatida tilni o‘rganishni tashkil etish uchun qulaydir, lekin u o‘rganilayotgan tilni muloqot vositasi sifatida egallash uchun o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday qilib, maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘qitishda bolalar faoliyatining mazmunini boyitish, unga rivojlantiruvchi va ijodiy tus berish asosida o‘rganilayotgan tilni bolalar faoliyatining turli xillariga integratsiyalash bilan bog‘liq yangi yondashuvlar zarur. Bunday integratsiya bolalarning doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi muloqot sharoitida o‘zga (rus, o‘zbek va boshq.) tilni o‘zlashtirib olishlari, o‘rganilayotgan tilda kommunikatsiyani rivojlantirish imkoniyatini ta’minlashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |