2.Valyuta va jahon valyuta tizimi tushunchasi
Xalqaro valyuta munosabatlari pulning xalqaro to’lov jarayoniga xizmat qilishi jarayonida vujudga keladi. U tashqi savdo bilan birga paydo bo’ldi va rivojlanishning uzoq yo’lini bosib o’tdi. Tarix davomida jahon puli va xalqaro hisob-kitob shakllari o’zgardi. Bir vaqtda valyuta munosabatlari ahamiyati o’sdi va ularning nisbatan mustaqil darajasi oshdi. Tovarlar, xizmatlar, kapitallar va ishchi kuchi harakati mamlakatdan mamlakatga ko’chadigan pul massasalari oqimi yordamida amalga oshadi. Bu harakatni tartibga solish zarurligi xalqaro valyuta tizimi va jahon valyuta tizimlarining shakllanishiga olib keldi. Valyuta – keng ma’noda mamlakat pul birligini (masalan, so’m, dollar, marka, funt-sterling va hokazo) anglatadi. Qisqa ma’noda valyuta atamasi chet davlatlarning pul belgisi ma’nosida qo’llaniladi. Har bir milliy bozor xususiy milliy valyuta tizimiga ega.
Milliy valyuta tizimi bazasida jahon bozori rivojlanishi natijasida tarkib topadigan va davlatlararo kelishuvlar bilan mustahkamlangan xalqaro valyuta munosabatlarini tashkil qilish shakli bo’lgan jahon valyuta tizimi amal qiladi. Mamlakatlar o’rtasida tovar va xizmatlar oqimi ko’paygani sari pul vositalarini ayirboshlashi ham tobora oshib boradi, o’zaro hisob-kitoblardagi nomutanosiblik muammolari yuzaga keladi. Bularning barchasi jahon valyuta tizimining barpo etilishiga ob’ektiv shart-sharoitlar yaratadi. Uning maqsadi - mamlakatlar o’rtasidagi barcha turdagi bitimlarni amalga oshirishni tartibga solishdan va shuningdek, bu ishlarni tezlashtirishdan iborat. Shunday qilib, jahon valyuta tizimi - bu, xalqaro ayirboshlashning barcha shakllariga xizmat qilishga va ularning samarali rivojlanashini ta’minlashga qaratilgan mamlakatlar o’rtasidagi valyuta munosabatlarining yig’indisidir. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida u quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1. Xalqaro bitimlarda foydalaniladigan to’lov va kredit vositalarini (oltin, eng rivojlangan mamlakatlarning milliy valyutalari, xalqaro pul birliklari);
2. Valyuta kurslarini o’rnatish va saqlab turish mexanizmini;
3. Valyuta bozorining ishlash tartibini;
4. Xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartib va qoidalarini;
5. Valyuta yordamida tartibga solish va nazorat qilish tizimini;
6. Valyuta munosabatlarini tartibga solib turuvchi va jahon valyuta tizimining barqaror faoliyatini ta’minlovchi xalqaro tashkilotlar tizimi (Xalqaro valyuta fondi, Umumjahon banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki).
Hozirgi zamonda xalqaro hisob-kitoblarda va kreditlashda asosan uch xil
ko’rinishdagi pul vositalari ishlatiladi:
- oltin, hozirda o’zining asosiy to’lov va hisob-kitob vositasi xususiyatini yo’qotgan bo’lsada, ammo ko’pchilik valyuta zahiralarining sezilarli qismini tashkil etadi va muhim tashqi savdo operatsiyalariga xizmat qilish va kreditlashni kafolatlash uchun ishlatiladi;
- jahonda asosiy o’rin tutuvchi rivojlangan mamlakatlarning miliiy valyutalari (AQSh dollari, EVRO, Ingliz funt-sterlengi, Yaponiya ienasi va boshqalar);
- xalqaro pul birliklari. Bunday pul birliklariga shu paytga qadar foydalanilgan EKYu, SDR misol bo’la oladi. Ular barcha mamlakatlar tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ishlatiladi. Xorijda kreditlash va investitsiyalashda, chet ellik ishchi kuchi mehnatiga, shuningdek, mamlakat valyuta zahiralarini yaratishda qo’llaniladi. Xalqaro valyuta yoki xalqaro to’lov-hisob va kreditlash vositalariga javob berishi kerak bo’lgan talab ularning konvertirlashuvi hisoblanadi. Valyuta konvertirlashuvi deganda uni boshqa xorijiy valyutalarga almashish qobiliyati tushiniladi. Hozirgi paytda ular erkin konvertirlanadigan, qisman konvertirlanadigan va konvertirlanmaydigan valyutalarga ajratiladi. Erkin konvertirlanadigan valyuta – bu, amaldagi kurs bo’yicha har qanday boshqa xorijiy valyuta erkin va cheklanmagan miqdorda ayirboshlanadigan valyutadir. Bunga misol qilib AQSh, Evropa hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar, Yaponiyalar valyutalarini kiritish mumkin. Qisman konvertirlanadigan valyuta – bu, faqat ba’z ixorijiy valyutalarga almashtiriladigan va xalqaro to’lov oborotini qisman qamrab oladigan milliy valyutadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |