birinchidan, bugungi globallashuv davrda yoshlarning turli buzg‘unchi oqimlarga kirib ketish holatlarining oldini olish va uyushmagan yoshlar bilan ishlash jarayonida mahalla instituti o‘z faoliyati nuqtai nazaridan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga tayangan holda hamkorlik aloqalarini doimiy rivojlantirib borishi lozim;
ikkinchidan, hamon ayrim mahallalarda mahalla raislarining ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy bilim darajasi yetarli va talab darajasida emasligi bu sohada qilanayotgan ishlarni yanada takomillashtirishni taqoza etmoqda.
Dunyoning boshqa mamlakatlarida uchramaydigan fuqorolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti bo‘lmish mahallalarning jamiyat hayotidagi rolini yanada chuqurlashtirish, bu boradagi islohotlarning davomiyligini ta’minlash borasida bugungi kunda ham bir qator amaliy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi ishlar negizida sog‘lom avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ular shuurida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-oqibat, el-yurt sha’nini ardoqlash kabi ulug‘vor fazilatlarni kamol toptirishda mahallaning o‘rni beqiyosdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “biz har qaysi xonadon, butun el-yurtimizdagi ma’naviy iqlim va vaziyatni anglamoqchi bo‘lsak, bu boradagi haqiqiy manzaraning yorqin ifodasini, avvalo, mahalla hayotida xuddi oynadek yaqqol ko‘rish imkoniga ega bo‘lamiz”,- degan fikrlari bejiz emas albatta.
Zero, oila biz uchun ko‘z ochib ko‘rgan dargoh bo‘lsa, mahalla muqaddas Vatanimiz ichidagi mo‘‘jaz vatandir. Mahalla oilalardan tashkil topadi. Farzandlar oila bag‘rida kamol topgani kabi, oila ham mahalla ko‘z o‘ngida barpo bo‘ladi, uning ichida ravnaq topadi. Shu tufayli ham mahalla oilaning eng yaqin maslahatchisi sifatida yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarda yuqori o‘rinda turadi.
Umuman olganda, mahalla – avvalo, sog‘lom ijtimoiy muhit maskani sifatida insonning xulq-atvori, o‘zaro munosabatlarini adolat va ma’naviy mezonlar asosida tartibga solib turadi.
Bugungi kunda ma’naviy hayotimizni yuksaltirish haqida fikr yuritganda mahallaning roli va ta’siri xususida to‘xtalib o‘tishimiz, albatta, o‘rinlidir. Azaldan bizning mahallalarimiz chinakam milliy qadriyatlar maskani bo‘lib kelgan. Bu haqda fikr yuritganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd aytganidek: “bugungi kunga kelib mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul – hammasini bilishi lozim.
Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo‘ladigan maskanga aylantirishdir”.
“Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirish jarayonida, eng avvalo, biz ana shunday mahalla deb atalmish ijtimoiy institutlarning ko‘magi, kuchi, imkoniyatlari va yordamiga albatta tayanamiz.
Mahalla institutlari shuning uchun ham, chin ma’noda, xalqning joylardagi maslakdoshi, ko‘makdoshi, “adolat tarozisi”ga aylanishi odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Buning natijasida esa jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilishi, hayotda o‘zini oqlagan maktab, oila, mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tizim samarasini oshirishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘ladilar.
Bugungi kunga kelib mahallalarimizning o‘rni, mavqei tobora yangicha qiyofa kasb etmoqda. Mahallaga bo‘lgan e’tibor, ishonch va vazifalar ham ortib bormoqda. O‘zbek mahallalarida azaldan kishilar mehr-oqibatli bo‘lib, hamjihatlikda yashab kelishgan. Mahallaning ta’sir kuchi bugungi kun jamiyatimizda nihoyatda yuqori. Sababi, azaldan o‘ziga xos qadimiy urf-odat va an’analar mahalla muhitida paydo bo‘lgan, shu muhitda yashab, saqlanib kelgan va aynan shu muhit ta’sirida rivojlangan.
Balki shu sabab bu go‘sha bu kabi marosimlarni asrab-avaylovchi, uni yosh avlodga yetkazuvchi katta oiladir. Aynan, shu jihatdan ham xalqimizda “Mahalla biz uchun ham ota, ham ona”, - deya bejizga aytilmagan. Bu hayotiy haqiqat ifodasidir. Shu bois mahalla oilalarimiz tinchligi, xotirjamligi hamda o‘zaro inoq yashashlari uchun qayg‘uradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |