«Oyna» jurnalining 1913–1915 yillarda chiqqan 68 sonining har birida «Kutubxonai Behbudiya»da o‘qishga tavsiya etilgan va kutubxona qoshidagi kitob do‘konida sotilgan adabiyotlar ro‘yxatida har safar 70–80 nomdagi kitob va boshqa bosma nashrlar e’lon qilinar edi. Agar Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan boshqa shaharlarda ochilgan kitob do‘konlari kitoblarni Samarqand shahridan markazlashtirilgan tartibda olib turganini hisobga olsak, Behbudiyga har yoqdan qancha ko‘p kitoblar yuborilib turilganligi, shuningdek, Behbudiy tomonidan butun Turonzamin bo‘ylab tarqatilgan adabiyotlar ko‘lami haqida tasavvur hosil qilishimiz qiyin emas. Zotan, har bir nomdagi bosma mahsuloti Behbudiyga o‘nlab, ba’zan esa hatto yuzlab nusxalarda yuborilar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |