5. Panoftalmit – ko’z soqqasi pardalarining birlamchi yoki ikkilamchi o’tkir yiringli yallig’lanishi, ularning orasida va bo’shlikda yiring to’planishi va barcha qismlarining buzilishidir.
Etiologiya. Ko’zning yuzaki va kirib boruvchi (ayniqsa ekvator qismida) jarohatlari, a’loxida qismlarning yiringli jarayonlari, infeksion kasalliklar (yirik shohli hayvonlarning hatarli kataral isitmasi, manqa va boshq.), ko’z rikketsiozining eskirgan yiringli shakllari, qoramollarda tomirli traktning infeksion yallig’lanishi va boshq..
Klinik belgilar. Infeksiyaning kirib borish yo’li va birlamchi o’choqning joyi bilan bog’liq holda, jarayon shox parda, sklera, kipriksimon tana, tomirli, rangli va to’r pardalardan boshlanishi mumkin. Yiringli rezorbsiya belgilari – tana haroratining ko’tarilishi, holsizlanish, ishtahaning yo’qligi va boshq. kuzatiladi. Qovoqlar va kon’yunktiva shishadi. Tomirlarning perikorneal inyeksiyasi rivojlanadi. Shox parda sarg’ish rangda bo’lib, diffuz xiralashadi. Yorug’likning qisman o’tkazuvchanligida, ko’zning old kamerasida sarg’ish yoki yashil rangli yiring to’planadi.
Ko’z kameralarida o’zgarishlar kuchli bo’lganda uni qorachiq orqali tekshirish imkoni bo’lmaydi. Ammo u yerda sinn paychalarning erib ketishi, gavharning xiralashishi va o’rnidan siljishi, shishasimon tana, to’r parda va xorioideyaning yiringli zararlanishi, to’r va tomirli pardalarning asosdan ajralishi hosil bo’ladi. Keyinchalik yiring limfatik yo’llar orqali bosh miyaning pardalar osti bo’shliklariga o’tadi va meningit, ensefalit, sepsis rivojlanib, hayvon o’limiga olib keladi.
Kasallikning nisbatdan yengil kechishida ko’z ichidagilar fermentolizga uchraydi, ko’z o’z strukturasini to’liq yo’qotadi va atrofiyaga uchraydi.
Qoramollarda limb, rangli parda, shishasimon tanalar eriydi, gavhar o’z o’rnidan qisman yoki to’liq siljiydi, ko’zning ichi esa granulyatsion to’qima bilan to’ladi. Ko’z atrofiyaga uchraydi, yallig’lanish jarayoni so’nadi ammo ko’rish qobiliyati tiklanmaydi.
Oqibati. Barcha hollarda yomon.
Davolash. Mahalliy va umumiy antiseptik terapiya: sulfanilamidlar, antibiotiklar, Kadikov – Plaxotin bo’yicha kamforali zardob, vena orqali 10 % li kalsiy xloridi eritmasi va boshqa vositalar qo’llanishi shart. Ko’zning ekzenteratsiya va evisseratsiya operatsiyalari tavsiya etiladi. Operatsiyada limb bo’ylab shox parda kesiladi va ko’z ichidagi barcha to’qimalar olib tashlanadi. Bunda qovoqlar va kon’yunktivaning ham olib tashlanishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |