2. Oltin aksiya amaliyoti va uning O‘zbekistonda qo‘llanilish xususiyatlari.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korporativ tuzilmalar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tashkil etishning biro bir ideal modeli mavjud emas. Shuning uchun ham rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega davlatlarda ham davlat tomonidan tartibga solish amal qilib kelmoqda. Bunda davlat ulushi bilan birga mahalliy hokimiyatlar ulushini ham strategik ahamiyatga ega yirik korporativ tuzilmalar ustav kapitaliga kiritish orqali davlat ishtirokini ta’minlash amaliyoti xorijiy mamlakatlarda keng qo‘llaniladi va bu jihat korporativ boshqaruvda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Korporativda davlat ishtiroki oltin aksiya amaliyotini qo‘llash orqali ham amalga oshiriladi. Oltin aksiya ochiq aksiyadorlik jamiyatlarida davlat boshqaruvini saqlab qolish vositasi bo‘lib, davlat vakilining alohida huquqlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Oltin aksiya davlat tomonidan kompaniyalarni moliyalashtirish va daromad olish vositasi hisoblanmaydi. Bu jihat o‘z-o‘zidan oltin aksiyaning sotilmasligini ifodalaydi. Bunda kompaniya aksiyalarining ma’lum paketiga ega sifatida davlat vakili aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida, kuzatuv kengashida hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi. Mazkur jihat o‘z navbatida mamlakat iqtisodiyoti va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Oltin aksiya amaliyoti xorijiy mamlakatlar amaliyotida keng qo‘llanilmoqda va bu amaliyot o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Oltin aksiya amaliyotini qo‘llash nazariy jihatdan davlat vakilining korporativ tuzilmada strategik muhim qarorlarni ishlab chiqishda va qabul qilishda ishtirok etish, tashkilot faoliyatini, uning rentabellik ko‘rsatkichlarini va o‘sish sur’atlarini nazorat qilib borish kabilarni nazarda tutadi. Oltin aksiyaning xorijiy davlatlarda qo‘llanilishi korxonalarni rivojlantirishni boshqarib borishda ishonchli vosita sifatida yuzaga chiqdi. Bu amaliyot o‘tish iqtisodiyoti mamlakatlarida keng qo‘llanilib kelinayotganligiga qaramasdan, Evropa mamlakatlarida ham kuzatilishini alohida ta’kidlash lozim. Umuman oltin aksiya amaliyotining asoschisi Margaret Tetcher hisoblanadi va u XX asrning 80-yillarida Buyuk Britaniyada xususiylashtirilgan korporativ tuzilmalarni boshqarishda mazkur amaliyotni birinchi faol tarzda qo‘llagan. Margaret Tetcherning bu islohoti nihoyatda muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, bir necha yil o‘tib butun Evropani qamrab oladi. Shuni qayd etish kerakki, Britaniyada oltin aksiya amaliyoti tashkiliy masalalarda aralashuvdan tashqari kapitalni boshqarishda, foydani taqsimlashda ham davlatning bevosita ishtirokini nazarda tutgan. Oltin aksiyaning qo‘llanilishi yangi tashkil etilgan kompaniyalar rivojlanishiga davlat aralashuvining salbiy ta’sir ko‘rsatishi, korporativ huquqning buzilishiga olib kelishi tufayli 2008 yilda Evropa arbitraj sudi mazkur amaliyotni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qildi. Chunki Evropaning rivojlangan davlatlaridagi kompaniyalar aksiyadorlari tomonidan ilgari surilgan har tomonlama asosli ko‘plab qarorlar qabul qilinishi davlat vakili tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi aksiyadorlarning keskin noroziligiga olib kelgan edi. Aynan keltirilgan jihat sabab Evropa ittifoqiga a’zo davlatlarda bu amaliyot bekor qilindi. Ayni paytda mazkur amaliyot Evropa ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda eng muhim strategik kompaniyalardagina qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 20 iyuldagi PF-3897-sonli «Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 24 iyuldagi 151-sonli “Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi («oltin aksiya»)dan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Aynan keltirilgan qaror bilan “Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi («oltin aksiya»)dan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va “Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi («oltin aksiya»)dan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlarida oltin aksiya qo‘llanilish tartibini belgilaydi. «Oltin aksiya» davlatning ayrim jamiyatlarni boshqarishda ishtirok etishiga doir maxsus huquqi bo‘lib, u strategik ahamiyatga ega bo‘lgan davlat korxonalari xususiylashtirilayotganda yoki jamiyatlarning davlat aksiya paketlari xususiy mulk etib realizatsiya qilinayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan joriy etiladi va mamlakatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi. «Oltin aksiya» qiymatga ega bo‘lmaydi, boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi hamda garovga berilmaydi, jamiyat ustav kapitalining miqdorini belgilashda va dividendlarni hisoblashda inobatga olinmaydi. «Oltin aksiya» jamiyatning ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yoki bu ulush jamiyat ustav kapitalining yigirma besh foizdan oshmaydigan jamiyatlarda joriy etilishi mumkin. Davlatning «oltin aksiya»dan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Davlat tomonidan jamiyatni boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan maxsus huquq («oltin aksiya») joriy etilayotgan jamiyat ustavida davlatning mazkur maxsus huquqdan foydalanishi to‘g‘risidagi qoidalar ko‘rsatiladi. Bunda «oltin aksiya» joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan aksiyadorlik jamiyati jamiyatning ustaviga tegishli ma’lumotlarni kiritgan holda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazadi, «oltin aksiya»dan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda esa jamiyat ustavidan ushbu ma’lumotlarni chiqarib tashlaydi. Shuningdek ilgari jamiyat ustavida belgilangan kuzatuv kengashi tarkibi a’zolari soniga o‘zgartirishlar kiritadi. «Oltin aksiya» jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini tayinlash vositasida realizatsiya qilinadi. Agar jamiyatga nisbatan «oltin aksiya»ni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, jamiyat aksiyadorlarining reestriga davlat vakili ham kiritiladi. Umuman, davlat ayni bir paytda «oltin aksiya»ga hamda aksiyadorlik jamiyatining 25 foizdan ortiq bo‘lmagan oddiy aksiyalariga egalik qilgan taqdirda davlat vakili «oltin aksiya» egasi bo‘lgan davlat vakolatlarini amalga oshirish bilan bir qatorda davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi vakolatlarini ham bajaradi. Bunda davlat vakili aksiyadorlar reestriga ikki marta — «oltin aksiya»dan foydalanish bo‘yicha davlat vakili hamda tegishli davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida kiritiladi. Davlat vakili davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi vakolatlarini davlat aktivlarini ishonchli boshqarish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bajaradi. Davlat vakili Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan tayinlanadi. Davlat vakilini tayinlash uchun nomzodlar bo‘yicha taklif Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirishsh, davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan kiritiladi. Davlat vakili uch yil muddatga tayinlanadi. Davlat vakili jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida va kuzatuv kengashi majlislarida ma’lum doiradagi masalalar bo‘yicha veto qo‘yish huquqi bilan majburiy tartibda ishtirok etadi. Bunda davlat vakiliga aksiyadorlik jamiyati ustavida belgilangan tartib-qoidaga muvofiq aksiyadorlar umumiy yig‘ilishlari va kuzatuv kengashi majlislari o‘tkazilishi to‘g‘risida yozma xabarnoma, ularda ko‘rib chiqish uchun kiritilayotgan materiallar nusxalari, aksiyadorlik jamiyati faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotlar, shu jumladan aksiyadorlik jamiyatining tijorat siri bo‘lgan axborotlar majburiy tartibda taqdim etiladi. Davlat vakili quyidagi masalalar bo‘yicha «veto» qo‘yish huquqi bilan, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida va kuzatuv kengashi majlislarida majburiy tartibda ishtirok etadi:
- aksiyadorlik jamiyati ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki aksiyadorlik jamiyatining yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;
- aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish;
- aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini o‘zgartirish;
- aksiyadorlik jamiyatini tugatish, tugatish komissiyasini tayinlash hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash;
- aksiyadorlik jamiyati ustav kapitali miqdorini oshirish yoki kamaytirish;
- aksiyadorlik jamiyati tomonidan yirik bitimlar tuzish yoki affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish;
- aksiyadorlik jamiyatining tijorat va notijorat tashkilotlarida ishtirok etishi;
- aksiyalarni joylashtirish narxini belgilash;
- korporativ obligatsiyalarchiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- korporativ obligatsiyalarini qaytarib sotib olish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- ijroiya organni tuzish, uning rahbarini saylash (tayinlash), rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
- ijroiya organiga to‘lanadigan haq va kompensatsiyalarning miqdorlarini belgilash;
- jamiyatning yillik biznes-rejasini tasdiqlash.
Yuqorida keltirilgan masalalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlarga veto qo‘yish ushbu qarorlar qabul qilingan kuni yozma shaklda amalga oshiriladi. Aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va kuzatuv kengashining davlat vakili ishtirokisiz qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat vakili tomonidan veto qo‘yilgan qarorlari ijro etilmaydi. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va kuzatuv kengashi tomonidan mazkur yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida davlat vakili ovoz berishda qatnashmaydi. Lekin davlat vakili ayni bir vaqtda aksiyadorlik jamiyatining oddiy aksiyalari davlat paketini boshqargan hollarda esa ovoz berishda ishtirok etishini ham qayd etish shart. Davlat vakili o‘z vakolatlarini Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi takliflari hisobga olingan holda tayyorlangan yozma ko‘rsatmalari asosida amalga oshiradi. Davlat vakili kuzatuv kengashi majlisi yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi sanasigacha kamida 15 kundan kechikmay Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga kuzatuv kengashi majlisi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kun tartibi to‘g‘risidagi axborotni, shu jumladan zarurat bo‘lganda «veto» qo‘yish huquqidan foydalanishga doir taklifni yuboradi. Bunda axborotga ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha davlat vakilining nuqtai nazari asosli bayon qilingan tushuntirish xati ilova qilinadi. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi davlat vakilidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab ikki kun muddatda Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining «veto» qo‘yish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasini so‘raydi. Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab 3 kun mobaynida Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga «veto» qo‘yish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha o‘zining aniq nuqtai nazarini yozma shaklda taqdim etadi. «Veto» qo‘yish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi, Iqtisodiyot vazirligi yoki Moliya vazirligi o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi kelishilgan qaror qabul qilinishi uchun ko‘rsatib o‘tilgan vazirliklarning vakillari va davlat vakili ishtirokida kelishuv kengashi o‘tkazadi. Agar kelishuv qarori ishlab chiqilmagan bo‘lsa Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi zarur materiallarni, shu jumladan kelishmovchiliklar ro‘yxati va tomonlarning nuqtai nazarlari asosnomasi bilan birgalikda kelishuv kengashi protokolini Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha komissiyaga taqdim etadi. Komissiya belgilangan tartibda uzil-kesil qaror qabul qiladi. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi davlat vakilidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab 15 kundan kechikmay qabul qilingan qaror to‘g‘risida davlat vakiliga «veto» qo‘yish huquqidan foydalanishga nisbatan aniq yozma ko‘rsatmalarni yuboradi. Davlat vakili o‘z faoliyati davomida quyidagilarga majbur: - o‘z vakolatlarini Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazidan olingan ko‘rsatmalarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshirish; - o‘ziga yuklangan vakolatlarni amalga oshirish paytida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik va ulardan davlatning, aksiyadorlik jamiyatining va uning aksiyadorlarining manfaatlariga zid bo‘lgan maqsadlarda foydalanmaslik; - O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘z vakolatlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zi olgan har bir ko‘rsatmaning bajarilishi natijalari to‘g‘risida yozma axborot taqdim etish. Davlat aktivlarini ishonchli boshqarish vakolatlari ayni bir vaqtda bajarilgan taqdirda davlat vakili O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu vakolatlarning bajarilishi to‘g‘risida alohida hisobotlar taqdim etadi. Davlat vakili O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq davlat mablag‘lari hisobiga har yillik taqdirlash puli oladi. Davlat vakili aksiyadorlik jamiyatidan qo‘shimcha taqdirlash puli olishga haqli emas, davlat aktivlarini ishonchli boshqarish vakolatlari ayni bir vaqtda bajarilgan holat bundan mustasno. Davlat vakili faoliyatini nazorat qilish Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari bo‘yicha Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan tayyorlangan umumlashtiruvchi materiallar asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat vakili o‘ziga yuklangan vakolatlardan O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi bilan kelishilgan taklifi bo‘yicha Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan o‘z vazifalarini bajarmaganda yoki zarur tarzda bajarmaganda; - uzoq vaqt kasal bo‘lish, yashash joyining o‘zgarishi yoki boshqa sabablar natijasida u o‘z vazifalarini bundan keyin bajarishi mumkin bo‘lmaganda ozod qilinadi.