Seminarlar o‘zlashtirilayotgan yangi materiallarning bir qismi talabalar tomonidan qanday o‘zlashtirilishini tekshirib ko‘rish maqsadida o‘tkaziladigan dars shaklidir. Seminar mashg‘ulotlari ma’ruza uslubi orqali berilgan ma’lumotlarni umumlashtirish va mustahkamlash maqsadida barcha ijtimoiy fanlar uchun tadbiq etiladi. Seminar mashg‘ulotlari, odatda ma’sus mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, uning rejai ilgariroq e’lon qilinadi va seminar mavzuiga bog‘liq adabiyotlar ko‘rsatiladi. Talabalar seminar mashg‘ulotlariga tayyorlanayotganlarida ko‘rsatilgan adabiyotlarni olib o‘qiydilar, zarur xronologik materiallardagi qoida-qonunlarni atroflicha ishlab chiqib, uni bir umumiy bayonnoma holiga keltiradilar. Talabalarga seminar uchun tayyorgarlik ko‘rganlarida ma’ruza yozish tavsiya etiladi. Bu ma’ruzada talaba mavzu bo‘yicha o‘zining shaxsiy mulohazalarini ham aytishi kerak.
Amaliy va tajriba mashg‘ulotlari ma’ruza kursida olingan bilimlarni amalda tadbiq qilish maqsadida o‘tkaziladigan dars shakllaridan biridir. Bu ikki mashg‘ulot o‘zining xususiyatiga ko‘ra bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Amaliy va tajriba darslarida talabalar ikki guruhga bo‘linadilar. Har bir kichik guruhga alohida o‘qituvchi rahbarlik qiladi. Jismoniy tarbiya jarayonida amaliy mashg‘ulotlar sport turiga muvofiq bo‘lgan mashqlar texnikasi va taktikasini egallashga, jismoniy fazilatlarni rivojlantirishga, musobaqalar o‘tkazish malaka va ko‘nikmalarini egalashga, umumiy jismoniy tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishi kerak.
Maslahatlar oliy va o‘rta maktabda o‘qitishning keng qo‘llaniladigan bir shakli bo‘lib, ko‘pincha ma’lum kurs materiallari o‘tib bo‘lingach, undan olinadigan reyting sinov va attesstatsiyalardan oldin yoki o‘zlashtirmovchi talabalar bilan yokka holda yoki guruh bo‘lib o‘tkaziladi. Maslahatlarda odatda bir yoki bir necha guruh talabalari o‘zlashtirgan bilimlar yuzasidan o‘qituvchi yakuniy suhbat o‘tkazadi va talabalarning tushunmagan savollariga javob beradi.
Kollekviumlar o‘qitish jarayonida keng qo‘llaniladigan dars shakllaridan biri bo‘lib, ayniqsa, tabiiy fanlarni to‘laroq o‘zlashtirishda juda qulaylik tug‘diradi. Kollekviumda fanning bir bo‘limi o‘tib bo‘lgach, shu bo‘limni talabalar qanday o‘zlashtirganliklari sinab ko‘riladi. Unda o‘qituvchi talabalarga vazifalar beradi. Talabalar savollarga birin-ketin javob beradilar. Javoblar o‘qituvchi tomonidan yakunlanib, umumlashtiriladi va faol ishtirok qilgan talabalar rag‘batlantiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |