Ko‘rgazmali qurollardan foydalanish. Hàrakatlar haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qildirish uchun ko‘pincha ko‘rgazmali qurollardan foydalaniladi. Ko‘rgazmali qurollar suratlar, jadvallar, rasmlar, fotosuratlar bo‘lishi mumkin. Ularni darsda o‘qituvchi rahbarligida yoki, agar ular sinfda yoki zalda osib qo‘yilsa, darsdan tashqari vaqtda mustaqil ravishda ko‘rib chiqish mumkin.
Amaliy uslub shakllari: Amaliy uslubda talabalar har bir harakatni amalda bajaradilar, ko‘rsatadilar, takrorlaydilar. Ta’limning asosiy vazifasi shug‘ullanuvchilarda mustahkam harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Bu vazifani hal etish uchun o‘rganiladigan harakatlarni ko‘p martalab takrorlash zarur. O‘rganiladigan harakatlarni rejali ravishda mashq qilish bolalarga jismoniy tayyorgarlikning eng yuqori natijalariga erishishlarda yordam beradi, ularni sog‘lom qiladi, bilimini oshiradi.
Musobaqa takomillashtirish uslubi sifatida talabalarda bir qadar malaka hosil bo‘lganidan keyingina qo‘llaniladi. Musobaqada o‘quv materialini o‘tish davomida eng yaxshi jamoalar, guruhlar yoki ayrim talabalar aniqlanadi.
SHug‘ullanuvchilarga individual yondoshish: Bolalar bilan ishlashda o‘qituvchilarning o‘z talabalari individual xususiyatlarini yaxshi bilishi katta ahamiyatga ega, chunki, har bir sinfda zukko va parishonxotir, faol va sust: jismoniy madaniyat va sportga qiziquvchi va qiziqmaydigan talabalar bo‘ladi. O‘qituvchi har bir talabaning sog‘ligini va jismoniy rivojlanganlik darajasini yaxshi bilish kerak. Har bir sinfda o‘z sinfdoshlaridan jismoniy tayyorgarligiga ko‘ra yaqqol ajralib turadigan talabalari bor. Ulardan ba’zilari mashqlarni bajara olmaydilar, boshqalari esa, aksincha, jismoniy mashqlarni bajarishda yuqori natijalar ko‘rsatadilar. SHuningdek yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bolalar ham o‘zlariga individual yondoshishga ehtiyoj sezadilar. Bolalarga individual yondoshishda ularning sog‘ligini, yoshini, jinsini va jismoniy tayyorgarligi hamda jismoniy qobiliyatini albatta hisobga olish kerak.
Ma’ruza. Jismoniy tarbiya sohasida ma’ruzalar sport turlari va jismoniy tarbiyaning nazariy asoslari hamda jismoniy tarbiya uslubiyoti fanlaridan olib boriladi. Xususan jismoniy tarbiya va sportning tarixi, jismoniy tarbiyaning nazariy asoslari va jismoniy tarbiya uslubiyoti hamda sport trenirovkasi jarayonining qonuniyatlari, jismoniy tarbiyada ta’lim va tarbiya, harakatlarga o‘rgatish, umumiy va maxsus tayyorgarlik jarayonlari tahlil etilai.
Oliy ta’limda ma’ruzani quyidagi turlaridan foydalaniladi: akademik ma’ruza, ma’ruza-hikoya, ma’ruza-suhbat, ma’ruza-munozara, ommaviy ma’ruza va muammoli ma’ruza. Bu ma’ruzalar yozma shaklda ifoda etiladi. Buning uchun ma’ruzachida reja va bayonnoma bo‘lishi lozim. Ayniqsa, ma’ruzada ishlatiladigan izohlar, ko‘chirmalar, ma’lumotlar, misollar uchun yozma ravishda alohida kartochkalar tayyorlangan bo‘ladi. O‘qituvchi ma’ruza o‘qir ekan, talabalarga mavjud materiallarni etkazish bilan birga, ularga ba’zi vazifalarni berib, kutubxona, laboratoriya va arxivlarda ishlash uchun yo‘llanma berishi ham kerak. Talabalarga ma’ruza o‘qish va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishda Oliy ta’lim hayotidagi tajriba ham nazariy, ham amaliy jihatdan umumlashtirib borilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |