Rejalashtirish – bu vazifani sifatli va sonli tasvirlash, natijaviy imkoniyatlarni belgilash va ularga erishish yo`llarini aniqlashdir.
Rejalashtirish – kelajak muammolarini bilish va hal etishning tizimli, usuliy (metodik) jarayoni.
Nihoyat, rejalashtirish – xalq xo`jaligiga rahbarlik qilishning o`zagidir. Rejalar esa davlat iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini amalga oshirishning asosiy qurolidir.
Rejalashtirishning ahamiyati shundan iboratki, u iqtisodiyotni rivojlantirishning printsipial masalalariga oid davlat va hukumat ko`rsatmalarini, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot rejalari yordamida aniq topshiriqlarga va amaliy ishlarga aylantiradi. Uzoq muddatli, ya`ni uch yillik, besh yillik va o`n yillik rejalarda davlatning iqtisodiy strategiyasi jamlangan holda ifodalanadi. Yillik rejada, odatda, xo`jalik vazifalarini hal etishning eng samarali taktikasi nazarda tutiladi.
Rejalashtirish faoliyatlarda, yahni amalda muayyan uyg`unlik va muvofiqlikni tahminlaydi, ishlab chiqarish taraqqiyotining ustuvor yo`nalishlarini aniqlaydi, raqobat, bellashuv sharoitida umuman iqtisodning, xususan sanoatning omon (sog`) qolishiga imkoniyat, qulaylik yaratadi. Aynan rejalashtirish tufayli tarmoq idoralari mahsulotning u yoki bu turini ishlab chiqarish, o`z vaqtida resurslar bilan tahminlash vazifasini hal etadilar. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish kanallari va usullarini aniqlaydilar. Bundan tashqari, rejalashtirish ishlab chiqarish rezervlaridan, raqobatning afzalliklaridan, iqtisodiyotdagi yangi tendentsiyalar yahni mayl va g`oyalarni kuzatish imkoniyatini yaratib beradi, faoliyatning nozik va zaif tomonlari tahsirini susaytirish, bo`lishi mumkin xatolarning oldini olish va xavf-xatarni kamaytirish imkonini beradi.
Rejalashtirish obhektiv iqtisodiy qonunlardan ongli ravishda foydalanishni taqozo etadi. Rejali xo`jalik yuritish imkoniyati va zaruriyatining o`zi har bir jamiyatda xalq xo`jaligini rejali va mutanosib rivojlantirish qonunining amal qilishini taqozo etadi. Lekin bozor iqtisodiyoti sharoitida nafaqat rejali rivojlanish qonuni, balki bir qator boshqa qonunlar, jumladan, qiymat qonuni, talab va taklif qonuni, vaqtni tejash, mehnatga qarab taqsimlash qonunlari harakatda bo`ladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida umumdavlat strategiyasining, jumladan, umumdavlat rejasining «falsafasi» masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu «falsafa» O`zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim sohalari va maqsadlarini, struktura va investitsiya siyosati, fantexnika taraqqiyotining yo`nalishlarini, ilmiy, ma`naviy va ma`rifiy salohiyatini ko`tarish, mamlakat mudofaa qobiliyatini saqlab turish vazifalarini belgilab beradi.
Bozor iqtisodiyotining barcha imkoniyatlari erkin reja asosida amalga oshiriladi. Demak, rejalashtirish qanchalik erkin va mukammal bo`lsa, mustaqillikning afzalliklari, istiqlolning samarasi shunchalik to`liqroq ko`zga tashlanadi, shundagina jamiyat o`z ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini muvaffaqiyatli hal etadi. Ana shundagina rejalashtirish xalq xo`jaligining barcha sohalarini, jumladan, sanoatni tashkiliy ravishda va tartibli rivojlanishiga imkon yaratadi.
Rejalashtirish mutlaqo ilmiy asosda tuziladi va u jamiyat taraqqiyotini, jumladan, sanoat taraqqiyotining amaliyotini doimo umumlashtirib borishni, fan va texnikaning barcha yutuqlaridan foydalanishni talab qiladi. Sanoatga rejali rahbarlik qilish voqealarni oldindan ko`rish demakdir. Voqealarni, hodisalarni, bo`lajak faoliyatni oldindan ko`rish jamiyat iqtisodiy qonunlarini bilib olishga asoslanadi va jamiyat moddiy va mahnaviy hayoti rivojining yetilgan talablariga suyanadi.
Iqtisodiy qonunlarning mohiyati, mazmuni va boshqa tomonlarini bilib olish iqtisodiy jarayonlar mohiyatini o`qib olishga, taraqqiyotning ilg`or tendentsiyalarini hali ular kurtak holida bo`lganidayoq aniqlab olishga, iqtisodiy taraqqiyot jarayonini ilmiy asosda oldindan ko`ra olishga, uni mustaqil, buyuk davlat qurish manfaatlari uchun reja asosida yo`lga solishga yordam beradi.
Rejalashtirish nazariyasida rejalashtirishning turlari, bosqichlari, maqsadlari, vazifalari, tizimlari degan tushunchalar mavjud.
Rejalashtirishning asosiy turlariga quyidagilar kiradi:
- munosabatdor kattaliklar bo`yicha rejalashtirish;
- muvofiqlashtirish shakllari bo`yicha rejalashtirish;
- moslashuv (adaptatsiya) shakliga ko`ra rejalashtirish.
Rejalashtirish turlarini bir qator alomatlar bo`yicha tasniflash mumkin. Masalan, rejalashtirishning birinchi eng muhim turi bo`lgan munosabatdor kattaliklar bo`yicha rejalashtirish turining alamotlariga quyidagilar kiradi:
- zamon (vaqt) ko`lami (qisqa muddatli, o`rtacha muddatli, uzoq muddatli rejalashtirish);
- funktsional bo`lim (ishlab chiqarishni, sotishni, saqlashni, ta`minotni, moliyani, investitsiyani rejalashtirish);
- boshqaruv ieraraxiyasi (rahbariyat ierarxiyasi);
- rejalash ieraraxiyasi (strategik, yahni oliy; taktik, yahni o`rta; operativ, yahni past darajadagi rejalashtirish).
Agar rejalashtirish jarayonini boshdan oyoq ko`rib chiqilsa, unda ayrim bosqichlarni ajratish mumkin. Ularga quyidagilar kiradi: maqsadlarni ifodalash, ya`ni ishlab chiqish;
- muammolarni qo`yish;
- muqobil variantlarni izlash va tanlash;
- taxmin qilish;
- baholash va qarorlar qabul qilish.
Sanoatni rejalashtirishdan ko`zlangan oliy maqsad sanoat ishlab chiqarishining faoliyati asosida avvaldan fikran o`ylangan bo`lg`usi natijani aniqlash va bu natijaga erishish uchun tegishli chora-tadbirlarni belgilashdan iborat bo`ladi. SHu sababli rejalashtirish jarayonining birinchi bosqichi maqsadlarni ifoodalashdan iborat bo`ladi.
Maqsadlarni ifodalashning alohida vazifalari quyidagilardan iborat:
- maqsadlarni izlash, maqsadlarni aniqlash, maqsadlarni tarkiblash;
- maqsadlarni amalga oshirish, maqsadlarni tanlash.
Ushbu nazariyadan kelib chiqib, sanoat ishlab chiqarishini rejalashtirishning asosiy vazifalarini quyidagicha izohlash mumkin:
- eng avvalo, maqsadni qo`yish;
- sanoat ishlab chiqarishining xilma-xil faoliyatini, ayniqsa xalq xo`jaligi va aholi uchun zarur bo`lgan yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashning ijtimoy-iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini asoslab berish;
- zaruriy moddiy-texnik bazani shakllantirish;
- moliyalash manbalarini aniqlash va ijobiy pirovard natijaga erishish.
Mustaqillik yillarida rejalashtirish sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Lekin shuni aytish kerakki, xalq xo`jaligining rejali, mutanosib rivojlanish qonuniyati talablariga to`la javob beradigan darajaga erishilgani yo`q. Yaqin o`tmishda rejalashtirishda birtalay xatolarga yo`l qo`yilganini, murakkab xo`jalik muammolarini hal etishga o`ylamay-netmay tavakkalchilik bilan qaralganligini hamma yaxshi biladi.
Milliy iqtisod va uning yetakchi tarmog`i bo`lgan sanoat ishlab chiqarishning uzoq davrga mo`ljallangan rivojini belgilash uchun boshqaruvning eng muhim funktsiyalaridan biri bo`lgan prognozlash alohida ehtibor berishni talab qiladi. SHu munosabat bilan bu kategoriyaning mohiyati va ahamiyati, mazmuni va turlari, usullari va vazifalarini yaxshi bilish kerak.
Eng avvalo, shuni qayd qilish kerakki, ijtimoiy hayot kelajakni oldindan ko`rishsiz va uning istiqbolini bashorat qilmasdan mumkin emas. SHu sababli keyingi vaqtda bashorat qilish xalq xo`jaligining optimal faoliyat ko`rsatishining eng zaruriy shartiga aylanmoqda. Istiqbolni boshqaruvning juda murakkab jarayonida bashorat qilish ishlab chiqarishning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo`llarini oldindan ko`rish vazifasini bajaradi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida bashorat qilish jamiyat rivoji, shu jumladan, moddiy ishlab chiqarishning eng muhim sohasi bo`lgan sanoat rivojining kelajakda amalga oshishi mumkin bo`lgan maqsadlarini va ularga erishishni tahminlovchi iqtisodiy resurslarni aniqlash, iqtisodiy va texnikaviy siyosatning uzoq va o`rta muddatli yo`nalishlarining eng ehtimolga yaqin iqtisodiy samarali variantlarini qidirib topish uchun zarur.
Prognoz, yahni bashorat deganda real obhektning kelajakda bo`lishi mumkin bo`lgan ahvoli, uni amalga oshirishning alg’ternativ, ya`ni muqobil (mumkin bo`lgan qarama-qarshi ikki holdan birini tanlab olish zaruriyati) yo`llarini va muddati to`g`risidagi ilmiy jihatdan asoslangan mulohaza tushuniladi. Qisqacha qilib aytganda, oldindan qilingan xulosadir.
Prognozlash, yahni bashorat qilish deganda kelajakni ko`rish, mo`ljal qilish va oldindan aytib berish jarayoni tushuniladi. Faqat mavjud dalillar, mahlumotlar va aniq raqamlar asosida voqea yoki hodisaning qanday bo`lishi, rivojlanishi va oqibatini oldindan aytib berish, yahni bashorat qilish mumkin.
Bashorat qilishning bir qancha yo`llari mavjud bo`lib, ulardan eng asosiylariga iqtisodiy va ijtimoiy bashorat qilish kiradi. Ularni bir-biridan shartli ajratish mumkin, chunki bashorat qilishning maqsadi va vazifasi bir hodisa yoki voqeaning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatlari bilan bog`liq, bir medalning ikki tomonidir.
Bashorat qilishning maqsadi real obhektning kelajakda fikran o`ylangan natijasini tahminlashdan iborat. Hodisa va voqealar fikriy modelining natijasiga erishish.
Bashorat qilishning vazifasi esa bu jarayonning oldida turgan maqsadga erishish uchun bir qator ishlarni bajarishdan iborat.
2. Rejalashtirish tamoyillari va usullari
Rejalashtirish nazariyasida xo`jalikka rahbarlik qilishning ma`lum fundamental qoidalari, yahni tamoyillari masalasi alohida o`rin egallaydi.
Bozor munosabatlari sharoitida bunday tamoyillar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1. Ilmiylik tamoyili;
2. Rejalarni mahlum maqsadga yo`naltirish tamoyili;
3. Mutanosiblik va balanslilik tamoyili;
4. Komplekslik tamoyili;
5. Uzluksizlik tamoyili;
6. Barqarorlik tamoyili;
7. Tarmoq va hududiy rivojlanishning uyg`unligi;
8. Xalq xo`jaligi va uning tarmoqlari hamda korxona (firma)lar rivojlanishining uzviy birligini hisobga olish tamoyili.
Sanoat va uning tarmoqlari, korxonalari, tashkilotlari faoliyatlarini rejalashtirganda yuqoridagi tamoyillarga to`la amal qilinsa topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarish mumkin, iqtisodiy o`sish kuchayadi va ishalb chiqarish samaradorligi albatta, ko`tariladi. Yuqorida keltirilgan tamoyillarni amalga oshirish uchun bir qator usullardan, yahni balans, maqsadli, normativ, statistik-iqtisodiy, ko`p variantli, iqtisodiy-matematik matritsa usullaridan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |