3.Tahlilda foydalaniladigan
axborot manbalarining to’g’riligini tekshirish usullari
Tahlil uchun yig’ilgan ma’lumotlarni tekshirish ikki usulda olib boriladi:
1.Texnik (yuzaki) tekshirish;
2.Mazmun jihatidan tekshirish.
Texnik tekshirish - axborot manbalarini arifmetik jihatidan to’g’riligini, rasmiylashtirish qoidalariga rioya qilinganligi va ko’rsatkichlarning bir-biriga mosligini e’tiborga olgan holda o’rganishdir. Yuzaki tekshirishda hisobotga barcha ma’lumotlarni kiritilganligi, ularning arifmetik yig’indisi, Moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan tasdiqlangan hisobot shakllariga rioya qilinganligi, hisobot shakllarining bir-biri bilan bog’liqligi, hisobotni topshirish muddati, mansabdorlarning imzosi tekshiriladi.
Mazmun jihatidan tekshirish - ma’lumotlarning haqqoniy ekanligi, unda aks ettirilgan raqamlarning haqiqatda borligi aniqlashni o’z ichiga oladi. Bunday tekshirish o’z ichiga buxgalteriya hisobi boshlang’ich hujjatlaridagi keltirilgan raqamlarni inventarizasiya o’tkazish orqali taqqoslash, sanab ko’rish va o’lchash yo’li bilan to’g’riligiga ishonch hosil qilishdir.
Mazmun jihatidan tekshirish quyidagilarni o’z ichiga oladi:
-Inventarizasiya natijalari hisobotda o’z aksini topishi;
-Korxona hisobot ma’lumotlaridagi byudjetga to’lovlar va byudjet mablag’lari hisobiga moliyalashtirish summasini moliya tashkiloti ma’lumotlariga mos kelishi;
-Foyda va zararlar schyotiga o’tkazilgan ko’rsatkichlarni tekshirish (ustav kapitalining o’zgarishi, tabiiy ofatdan ko’rilgan zarar, asosiy vositalarni tugatilishi va hakozolar).
Korxonalar faoliyatini tahlil qilish davomida ko’plab manbalardan foydalanishga to’g’ri keladi. Tahlilda qo’llaniladigan manbalarni quyidagi bosqichlarga ajratishimiz mumkin bo’ladi:
1.Reja ma’lumotlari manbalari;
2.Hisob va hisobot ma’lumotlari manbalari;
3.Qo’shimcha ma’lumotlar manbalari.
Iqtisodiy tahlil natijalarini rasmiylashtirish va umumlashtirishga korxonaning umum majlis materiallari, turli xil diagramma, jadval va grafiklar tuzib mehnatkash ommaga ko’rsatma sifatida osib qo’yish, oynoma va ro’znoma sahifalarida ma’lumotlarni chop etish, axborot doskalaridagi ko’rsatkichlarni e’lon qilib borish ham hisoblanadi.
Analitik yozuv korxona va tashkilotlarni xo’jalik faoliyati yakunlari bo’yicha yillik yoki choraklik hisobotiga tushuntirish xatlari, yuqori tashkilotlarni ularga bo’ysunuvchi tashkilotlar xulosalari kabi bo’ladi.
Tushuntirish xati rejani bajarilishi haqidagi umumiy xarakteristikada va ko’rsatkichlarni avvalgi davrlarga nisbatan o’zgarganlik ma’lumotlaridan boshlanadi. So’ngra natijaning rejadan tafovuti sabablari, ayrim omillarning o’zaro bog’lanishi va ularning xo’jalik faoliyati ko’rsatkichlari ifodalanadi.
Analitik hisob – kitoblar analitik jadvallar ko’rinishida rasmiylashtiriladi. Ularni har biriga xulosalar va ko’rsatkichlarning o’zaro bog’liqligini echib beruvchi matnli ilovalar beriladi.
Bayonnomani xotima qismida xulosalar, aniqlangan kamchiliklarni tuzatish yo’l-yo’riqlari, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga doir rezervlardan foydalanish yuzasidan konkret (aniq) takliflar bayon qilinadi. Bayonnoma tushunarli, ilmiy asoslangan, ixcham, analitik jadvallar bilan bog’langan bo’lishi kerak bo’ladi. Iqtisodiyotni modernizasiya qilish sharoitida bunday tahlil korxona rahbarining xaridorlarni umumiy yig’ilishidagi ma’ruzasi uchun zarur bo’ladi.
Yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlarini mazmunan tekshirish tahlil ishlarini samarali o’tishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonda ma’lumotlarni tahlil qilishdan oldin ularning to’g’riligi tekshirib olinadi. Ma’lumotlarning to’riligiga ishonch hosil qilish uchun esa ayrim ko’rsatkichlarni ma’lum bir hisobot ma’lumotlari bilan taqqoslab ularning bir-biriga mosligi o’rganiladi. Agar bir xil ko’rsatkichlar turli manbalarda bir xil tartibda aks ettirilgan bo’lsa, u holda ushbu ma’lumotlar to’g’ri deb tan olinishi mumkin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |