Tarbiyasi qiyin va bo`sh o`zlashtiruvchi o`quvchilar faoliyatini stimullashtirish
“Stimulus” qadimgi grekcha so`z bo`lib, ma’nosi hozir qo`llaniladiganiga taqqoslaydigan bo`lsak, unchalik xayrli emas. Gap shundaki, qachonlardir ho`kiz va qoramollarni haydaydigan, uchi yo`nib o`tkirlashtirilgan uzun tayoqni shunday ataganlar. Bugungi kunda esa “stimullashtirish” - “insonni qandaydir faoliyatga etaklash, turtkilash” degan ma’noda qo`llaniladi. Inson asli tabitan shunday yaratilgan: ichki yoki tashqi turtki, eslatma bo`lmasa, hatto ba’zan majburlash bo`lmasa o`rnimizdan ham qimirlay olmaymiz.
Shunday zamonlar ham bo`lganki, ishga, mehnatga nisbatan sovuqqonlik ishyoqmaslik, dangasalik deb atalgan hamda uni yengish uchun oddiy va tabiiy usul – majburlashning turli ko`rinishlaridan foydalanishgan. Bu usul insoniy munosabatlar tarixida chuqur ildiz otgan. Yillar mobaynida “inson qalbi” deb nomlangan nozik matoning asosiy ipini topish uchun olimlar juda ko`p mehnat qildilar. Vaqt o`tishi bilan insonga samarali ta’sir etadigan munosabatlarning turli vositalari izlab topila boshladi, Natijada ularni majburlash borgan sari qiyinlashib qola boshladi. O`z haq-huquqlari bilan himoyalangan ozod va mustaqil shaxs yangicha yondashuvlarni talab etadi.
Kichik maktab yoshi davrida faoliyatni va xulq-atvorni motivlashtirish o`ziga xos xususiyatlarga ega. “Bolalar nimani yaxshi ko`rishadi va nimani istashadi?” degan savolga S.T.Shatskiy shunday javob beradi:
Bolalarda til topishish instinkti kuchli rivojlangan, ular bir-birlari bilan tezda tanishib oladilar – o`yinlar, hikoyalar, o`zaro gap sotish, lofchilik kabilar ana shunday instinkning belgilaridir.
Bolalar tabiatan mohir tadqiqotchi. Ulardagi tez qo`zg`aluvchanlik, oxiri ko`rinmaydigan savollar, hamma narsaga tegib ko`rish, ushlab ko`rish, tatib ko`rishga intilish sababi ana shunda.
Bolalar o`zini ko`rsatib turgisi keladi, o`zi haqida, o`z taassurotlari haqida gapirgisi, o`rtoqlashgisi keladi. O`z menligini tez-tez namoyish etib turishi ana shundan. Uning fantaziyalari va tasavvurlari boy bo`ladi – bu bolalar ijodkorligi instinktidir.
Bolalar hech narsadan bir narsa yaratishni, qandaydir g`ayrioddiy narsalarni to`qib chiqarishni yaxshi ko`rishadi.
Bolalarda xarakterning shakllanishida taqlidchanlik instinkti katta rol o`ynaydi.
Shularni yaxshi tushunib olsak, tashqaridan olib kiriladigan soxta stimullarni qidirib yurishimizga to`g`ri kelmaydi. Chunki barcha samarali stimullarni bola tabiatining o`zidanoq topish mumkin. O`qituvchilarning barcha xato va kamchiliklari ularning o`quvchi xulq-atvorining haqiqiy motivlarini bilmaslikdan, u yoki bu xatti-harakatlarga yuzaki baho berishdan kelib chiqadi. Stimullashtirish sohasida o`quvchilarni o`rganish yangicha mazmun kasb etmoqda. Bugungi kunda mos stimullarni qidirib topish va to`g`ri qo`llash maqsadida o`quvchilarni o`rganish talab etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |